Soʻnggi yillarda agroturizm, ekoturizm, tibbiyot turizmi kabi iboralar paydo boʻldi. Endi xorijlik sayyohlar va vatanimiz boʻylab sayohatga otlangan yurtdoshlarimiz ona zaminimiz inʼom etayotgan imkoniyatlardan foydalanib, oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻygan va sayyohlar uchun mahsulotlarini taqdim etayotgan tadbirkorlar huzurida boʻladi. Ularning faoliyati misolida dalalarda yetishtirilayotgan turfa neʼmatlardan bahramand boʻlish imkoniyatidan foydalanadi. Bunda ham hordiq chiqariladi, ham salomatlik tiklanadi. Chunki eko va agroturizm maskanlaridagi bir-biridan sarxil mevalarga toʻla bogʻlar, uzumzorlar koʻrgan koʻzni quvnatadi, u yerlarda yetilgan mevalar tanaga darmon, ruhga quvvat bagʻishlaydi. Dorivor giyohlar plantatsiyasi, dunyoning turli mamlakatlaridan keltirilgan oʻsimliklar bilan toʻla issiqxonalardagi manzara esa kishiga zavq bagʻishlaydi. Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida faoliyat yuritayotgan “Mehrigiyo” xususiy korxonasi ham yurtimiz turizmiga, ham iqtisodiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. 1992-yili kichik korxona shaklida tashkil etilgan mazkur muassasa shifobaxsh oʻsimliklar va tropik mamlakatlarda oʻsadigan mevali daraxtlarni oʻz ekinzorlarida yetishtirib, ular asosida inson salomatligi uchun foydali choy, yogʻ, sharbat, balzam va parfyumeriya vositalarini ishlab chiqarmoqda.
Mahsulotlarning 100 foiz tabiiyligini taʼminlash maqsadida oʻsimliklar yetishtirishda mineral oʻgʻitlar, pestitsidlar va boshqa kimyoviy vositalardan mutlaqo foydalanilmaydi. Tayyor mahsulotlar davlat standarti talablari asosida kerakli koʻrsatkichlar boʻyicha saralanadi, tayyorlanadi va qadoqlanadi. Korxona ekin maydonida yurtimizda oʻsadigan noyob oʻsimliklar, dorivor giyohlardan tortib limon, mandarin, apelsin, banan, kivi, papayya, zaytun, guava, guanabana, mango, noni, chufa, feyxoa, ginkgo biloba, ananas, qahva daraxtlari, lavanda va rozmarin kabi oʻsimliklar ham parvarishlanmoqda. Shuningdek, ekinzorlarda asalarichilik ham tashkil etilgan. Tropik mamlakatlardan keltirilgan oʻsimliklar mahalliy sharoitga moslashtirilgan. Endi oʻsimliklar plantatsiyalarda koʻpaytirilmoqda. Noni tropik oʻsimligi 7 metrgacha oʻsar ekan. Asosan Gavayi orollari qirgʻogʻida, Avstraliyaning qumli sohillarida, Guam orollarida yovvoyi holda oʻsadi. 2016-yildan buyon noni “Mehrigiyo” korxonasi botanika bogʻida ham parvarishlanmoqda. Noni daraxtining mevasi, bargi, urugʻi va poʻstlogʻidan tibbiyotda keng foydalaniladi. U oziq moddalarning tanaga soʻrilishini kuchaytiradi, oʻsmalar oʻsishini toʻxtatadi, yemirilayotgan hujayralarni tiklaydi. Hozir “Mehrigiyo” korxonasi mahsulotlari nafaqat ichki bozor uchun ishlab chiqarilyapti, balki Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlarga ham eksport qilinmoqda. Bu yildan esa Amerika Qoʻshma Shtatlari va Saudiya Arabistoni bilan shartnoma tuzildi. Unga koʻra, endi “Mehrigiyo” brendi mazkur davlatlarda ham oʻz mahsulotlarini namoyish etadi.
— Yerga qadalgan urugʻ yoki koʻchatning oʻzini tutib olishi, qanday hosil berishida yer va iqlimning ahamiyati beqiyos, — deydi korxona asoschisi, I darajali “Salomatlik” ordeni sohibi Alijon Abdurazzoqov. — Korxonamiz plantatsiyalari joylashgan Fargʻona viloyatining unumdor, ekologik toza yerlari Tyan-Shan, Pomir, Oloy togʻlari bilan oʻralgan. Oltin, kumush, kremniy hamda boshqa makro va mikroelementlarga boy Soʻx daryosi suvi bilan sugʻoriladi. Toza havo, unumdor tuproq, qulay iqlim, Gʻarbdan doimiy issiq, Janubi-sharqdan nam sovuq havo esishi, kunduzgi va kechki haroratning ikki barobar farqi, yaʼni kunduzi 40 daraja boʻlib, kechqurun 20 darajagacha pasayishi sifatli, organik modda va vitaminlarga toʻyingan xomashyo olishda qoʻl keladi. Hozirgi kunda korxona mutaxassislari yangidan-yangi biologik darmondorilar yaratish borasida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Biz mamlakatimiz iqlimida oʻsadigan 200 dan ortiq oʻsimlikdan foydalanyapmiz. Hali faoliyatimiz davomida qoʻllash mumkin boʻlganlari qancha. Bu esa kasalliklarning oldini oluvchi va bezarar davolovchi shifobaxsh giyohlardan foydalanish imkoniyati kengligini bildiradi.
Korxona Toshkent farmatsevtika instituti, Qoʻqon davlat pedagogika instituti, Fargʻona davlat universiteti professor-oʻqituvchilari bilan hamkorlikda jahonning turli mamlakatlarida oʻsadigan oʻsimliklarni mahalliylashtirish va ulardan shifobaxsh mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi turdagi mahsulotlar yaratish borasida izlanishda. Umumiy maydon 24 gektarni tashkil etadi, shundan 1 gektarda issiqxona qurildi. Namangan viloyatida qoʻshimcha 200 gektar maydonda lavanda guli yetishtirilmoqda. Bu mavsumdan boshlab tropik va subtropik koʻchatlar oʻtqazilmoqda. Korxonada 150 dan ortiq doimiy ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Mavsumga qarab yana 250-300 yangi ish oʻrniga ehtiyoj paydo boʻladi. Bu — bir korxona shuncha oilaga daromad keltiryapti, degani.
Bundan tashqari, korxona yurtimiz eko, agro hamda tibbiyot turizmi rivojiga ham oʻz hissasini qoʻshmoqda. Oilaviy korxona hududidagi mehmonxona va oʻtovlar, salomatlik markazi, qayta ishlash kichik fabrikasi, maxsus dorixona, kitob-kafe, fitobarlar aholi va bu yerga kelgan sayyohlarga xizmat koʻrsatmoqda. Sayyohlar plantatsiyalarni oʻz koʻzlari bilan koʻrishi, korxonadagi ish jarayoni bilan tanishishi, mahsulotlardan, fitobarlardagi turli shifobaxsh ichimlik va choylardan tatib koʻrishi, shuningdek, davolanishi mumkin.
— Turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida 2018-yildan buyon 200 mingdan ziyod mahalliy va xorijlik sayyohga xizmat koʻrsatdik, — deydi korxona ish boshqaruvchisi Hojiakbar Abdurazzoqov. — Korxonada tibbiyot turizmini yana-da rivojlantirish uchun sayyohlarga koʻrsatilayotgan xizmat turlari koʻpaytirilmoqda. Korxona mahsulotlari eksporti geografiyasini kengaytirish, korxonaga chet ellik sayyohlarni jalb etish va ichki turizmni rivojlantirish maqsadida “Medical eco tourizm” majmuasi qurildi. Oʻtov va mehmonxonalar qurilishida ham tabiiylikka eʼtibor qaratdik. Somonsuvoq xonalar mehmonlarga maʼqul boʻlmoqda.
Korxona yerlarida yetishtirilayotgan “Korolevskiy” navli bananning xaridori koʻp. Alijon Abdurazzoqovning taʼkidlashicha, oʻlkamizda yetishtirilgan banan juda mazali. Tabiiyki, xaridorgir. Bir tup banan 100-150 kilogacha meva berar ekan. Kivi haqida ham shunday deyish mumkin. Oʻtgan mavsumda bir tup kivi 15 chelak meva beribdi. Kivini saqlash qiyin emas. Shu bois, mazkur korxona asoschisi har bir hovlida kivi yetishtirishni yoʻlga qoʻyish tarafdori. Korxona oʻz imkoniyatlarini yana-da kengaytirish borasida harakat qilmoqda. Kunlar iliy boshlashi bilan “Mehrigiyo” eko, agro va tibbiyot turizmi yoʻnalishida keluvchi sayyohlar bilan yana-da gavjumlashadi.