Mazkur chempionatda 100 ga yaqin polvonlar 65, +65, 90, +90 kg. vazn toifalarida bellashdi. Musobaqada hamyurtimiz, xalqaro toifadagi hakam Ne'matulla To'ychiev bosh hakam vazifasida ishladi. Yuqori saviyada o'tkazilgan chempionatda hakamlar belbog'li kurashda qo'llaniladigan atamalarni sof o'zbek tilida talqin etdi.     

Evropa chempionatining yakuniy natajalariga ko'ra, umumjamoa hisobida pol`shalik sportchilar birinchi, mezbon sportchilar ikkkinchi va litvalik polvonlar uchinchi o'rinni band etdi.

Har bir vazn toifasida kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi tomonidan diplom, medal` va qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan mukofotlandi.

Shuningdek, Ukrainaning L`vov shahrida Ukraina belbog'li kurashi bo'yicha jahon chempionati ham bo'lib o'tdi. Unda to'rt nafar sportchimiz munosib ishtirok etdi. 16 ta davlatdan 200 ga yaqin polvon ishtirok etgan ushbu jahon chempionatining klassik va erkin yo'nalishlarida ishtirok etgan  +90 kg. vazn toifasida Rustam Umarov (Namangan) oltin medal`, 90 kg. vazn toifasida Muzaffar Soibboev (Namangan), +90 kg. vazn toifasida Latifjon Badalov (Namangan) hamda +65 kg. vazn toifasida Sahobat SHeralieva (Farg'ona)  bronza medaliga ega chiqdi.

Ta'kidlash joiz, ushbu chempionat Xalqaro belbog'li kurash assotsiatsiyasining ko'magi ostida o'tkazildi va mazkur assotsiatsiya joriy yilning 27 sentyabr sanasida Litvada rasman Evropa Ittifoqidan ro'yxat o'tkazilgan.

Evropa chempionati doirasida Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasining kongressi ham bo'lib o'tdi. Kongressda Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga oid axborotlar tinglandi, tashkiliy masalar hamda ijroqo'm safini ko'paytirish, Osiyo va Pan Amerika belbog'i kurash federatsiyalarini ochish xususida ham kelishib olindi. Demak, bu jarayon o'z-o'zidan milliy belbog'li kurashimizning er kurrasi bo'ylab yanayam keng ommalashayotganidan darak beradi. 

Evropa chemionati va ukraincha belbog'li kurash bo'yicha jahon chempionati hamyurtlarimiz  – Xalqaro belbog'li kurash assotsiatsiyasi rahbariyati sanalgan Aziz G'aniev, Mo'min Muratov hamda O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirovlarning bevosita rahbarligi ostida o'tdi.

Ilhom RAHMONOV tayyorladi