Ukrainaning Bees Airline byudjet aviakompaniyasi 30-avgustdan boshlab Kiyev – Samarqand – Kiyev yoʻnalishi boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda. Samolyotlar haftada bir marta – dushanba kunlari ucha boshlaydi. Chipta narxi $159 yaʼni deyarli 1,7 mln soʻmdan boshlanadi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi paytlarda Oʻzbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirayotgan xorijiy aviakompaniyalar roʻyxati jadal kengayib bormoqda. 2017-yildan beri ularning soni ikki barobar oshdi (15 dan 31 gacha).

Oʻzbekiston bozoriga Air Arabia (BAA) kabi taniqli aviatashuvchilardan tashqari, qoʻshni davlatlarning Kam Air (Afgʻoniston) va Somon Air (Tojikiston) kompaniyalari kirdi.

Qayd etilishicha, xorijiy aviakompaniyalarning koʻpchiligi (19) koronavirus pandemiyasi tufayli toʻxtatilganidan keyin Oʻzbekistonga muntazam reyslarni tiklagan.