Avvallari dalada ketmon koʻtarib, yer chopgan odam borki, dehqon, kattaroq yer egasi esa fermer sanalaverardi. Hozir “dehqon” soʻzi deyarli ishlatilmay qoldi. Endi yer egalari agrotadbirkor, klaster yoki fermer xoʻjaligi rahbari kabi zamonaviy nomlar bilan atalyapti. Soha vakillarining faoliyati, yondashuvi, ish yoʻnalishi ham shunga mos. Umuman, yangi Oʻzbekistonda anʼanaviy qishloq xoʻjaligi oʻrnini ilm-fan va ilgʻor texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tizim egalladi.
Natijada mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi aholi turmushini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, iqtisodiy rivojlanishda eng muhim tarmoqlardan biriga aylandi. Keyingi yillarda dunyoda kechayotgan murakkab iqtisodiy va ekologik vaziyatga qaramay, katta natijalarga erishilmoqda. Xususan, joriy yil paxtachilikda 875 ming gektar yerdan 4 million tonnaga yaqin hosil olinib, paxtada oʻrtacha hosildorlik ilk bor 46 sentnerga yetgan. Gʻallakorlarimiz esa 8 million 400 ming tonnalik xirmon koʻtargan boʻlsa, sholikorlarimiz 1 million 340 ming tonna hosil olishga erishdi. Qolaversa, yurtimiz boʻylab 3,4 million tonna meva, 2 million tonna uzum, 19,5 million tonna sabzavot, poliz va kartoshka, 1 million tonna dukkakli va moyli ekinlar yetishtirildi.
Bunda, shubhasiz, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasida mehnat qilayotgan 3,5 milliondan ziyod mehnatkashning hissasi beqiyos. Ular salmoqli mehnati bilan el dasturxoniga qut-baraka olib kirmoqda. Qolaversa, serquyosh yurtimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining xorij bozoridan ham munosib oʻrin egallashiga xizmat qilyapti. Joriy yilda meva-sabzavotlarimiz 80 dan ziyod davlatga eksport qilingani soʻzimiz isbotidir.
Davlatimiz rahbari shu yil 13-dekabr kuni Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi xodimlariga bayram tabrigi yoʻlladi. Soha fidoyilarining xizmatini eʼtirof etib, minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Prezidentimizning tegishli farmoni bilan sohada alohida oʻrnak koʻrsatgan bir guruh xodimlarga faxriy unvon, orden va medallar berildi.
Fermerning qanoti — texnika
Yer bilan tillashgan odam tuproq kabi kamtar, xokisor boʻladi. Daromadi qancha oshsa-da, el dasturxonini obod qilish, xalq farovonligiga hissa qoʻshish maqsadida intilaveradi. Suhbat orasida oʻzi bir nechta davlatda boʻlgani, sayohatlarga chiqayotgani, farzandlari nufuzli oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotganini aytganida ham xayolida maqtanish boʻlmaydi. Ammo hosildorligi bu yil karrasiga oshgani, ishlarni zamonaviy texnikalar bajarayotgani, ish jarayonida ilgʻor texnologiyalarni qoʻllayotgani haqida ogʻzini toʻldirib gapiradi. Qilayotgan ishidan faxrlanadi.
Tursunpoʻlat RAJABOV,
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “Safarobod bogʻi” fermer xoʻjaligi rahbari, “Jasorat” medali sohibi:
— Bu yil hosildorlik ham, daromad ham zoʻr boʻldi — 470 gektardan ortiq maydondan 600 tonna gʻalla, 2000 tonnadan ziyod paxta hosili oldik. 30 tonnadan oshiq goʻsht mahsuloti, 2,5 tonnadan koʻproq asal, 100 tonnaga yaqin uzum, anorni bozorga chiqardik.
Oldinlari mehnatni qilaverardik, daromadni olishga kelganda sarson boʻlardik. Sentyabrda paxta topshirsak, kelgusi yili avgustgacha pulini ololmasdik. Shuning uchun 2017-yilgacha bizga paxtaning navi ham, hajmi ham ahamiyatli boʻlmagan, rejani bajarsak boʻldi, deganmiz. Hozir daromad oʻzimizniki boʻlgani uchun hosildorlikni muttasil oshirib borishga intilyapmiz. Eng yaxshi navlarni yetishtirib, ilgʻor texnologiyalarni qoʻllayapmiz. Moʻl hosil olish uchun zamonaviy texnikalar kerak. Yer yaxshi tekislanmasa, oʻz vaqtida shudgorlanmasa, hosil choʻgʻi yuqori boʻlmaydi. Bu ham daromadga borib taqaladi. Oldinlari manaman degan boy fermer ham biror zamonaviy texnikani bazoʻr sotib olardi.
Yigirma yildan buyon fermerlik bilan shugʻullanaman. Ishni 10 gektar yerga gʻalla ekishdan boshlab, keyingi yili 3 gektarga paxta ekkanmiz. Oʻshanda yerdan boshqa narsamiz boʻlmagan. Bu yer ham Qiziltepa markazidan 70 kilometr uzoqda joylashgani bois, odam borishi qiyin, tuproqning hosildorligi ham juda past edi. 2017-yilgacha bitta texnika olgan boʻlsam, oʻshaning ham pulini toʻlashga qiynalib, qaytib texnika olmayman, deganman.
Fermer xoʻjaligimiz faoliyatining yangi davri 2017-yildan keyin boshlandi. Ayni shu vaqtdan zamonaviy klaster tizimi joriy etilishi tufayli holat tubdan oʻzgardi: fermerlarning yelkasiga shamol tegdi, kosasi oqardi. Men buni doim minnatdorlik bilan tilga olaman. Mana shu klaster tizimi sabab daromadimizga oʻzimiz egalik qila boshladik, yangi texnikalar sotib olishga imkoniyat va sharoitlar yaratildi. Lizingga texnika berildi. Uning ustiga imtiyozlar, subsidiyalar ham qoʻshildi. Hozir har yili daromadimizdan 4-5 ta texnika sotib olamiz. Birgina oʻzimning fermer xoʻjaligimda zamonaviy texnikalar soni 50 taga yetgan.
Oʻtgan yili AQSHdan soʻnggi rusumdagi paxta terish mashinasini olib keldik. Ishonsangiz, birinchi yili sutkasiga 50 tonnagacha paxta terdik. Bu yil yerni haydash ham, tekislash ham, paxtani yetishtirgandan keyin hosilni terish ham muammo boʻlmadi. Hammasini bajaradigan texnikalarimiz bor. Bir men emas, hozir hamma fermer shunday imkoniyatga ega. Bu yil rekordimizni yangiladik — zamonaviy terim mashinasida bir sutkada 75 tonnagacha paxta terdik. Tasavvur qiling, bitta fermer bir sutkada shuncha paxta teryapti. Hududimizda nechta fermer boʻlsa, hammasi shunday natijaga erishdi. Oldinlari butun hududdagi fermerlar birlashib ham sutkalik terimni 75 tonnaga chiqara olmagan.
Kasbim mexanizatorlik boʻlgani uchun doim aytaman: oddiy mexanizator fermer boʻlib, bir oʻzi shuncha ishni uddalay olmasdi. Bularning hammasi soha vakillariga yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlar, 2017-yildan keyin boshlangan katta islohotlar samarasi. Shuncha texnikaga ega boʻlishimiz oldin xayolimga ham kelmagan. 2025-yilda 400 gektar yangi yer oʻzlashtirdik. Bu qanchalik katta harakat ekanini soha vakillari yaxshi biladi. 2010-yillari fermer yangi yerni oʻzlashtirish u yoqda tursin, oʻzining yerini eplolmasdi. Hozir qarang: yangi yerlarni oʻzlashtiryapmiz. Shuning oʻziyoq islohotlar samarasini yaqqol koʻrsatib beradi. Baʼzan 500 yollanma ishchi ishlatib, haqini kunma-kun toʻladik. Bu ham imkoniyatlarimiz salmogʻini koʻrsatadimi? Otam har doim duo qilganida: “Bu imkoniyatlarning qadriga yetinglar, oʻgʻlim. Bugungidek sharoit boʻlmaganida, sizlar ham bizdek qiyinchilikda yashagan boʻlardinglar”, deydi.
Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga binoan “Jasorat” medali bilan taqdirlanganimni eshitib, qanchalik toʻlqinlanganimni soʻz bilan ifodalab berolmayman. Barcha mahalladoshlarim xonadonimizga kelib, havas bilan tabrikladi. Ota-onam qiyinchilik koʻrgani, oilamiz bir paytlar qanday kunlarni boshdan oʻtkazganini butun mahalla-koʻy yaxshi biladi. Shular haqida oʻyladimu, bugun yangi Oʻzbekistonda ilgʻor fermer boʻlib, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshayotganimdan faxrlandim. Mukofot barcha mahalladoshlarimning kayfiyatiga koʻtarinkilik bagʻishladi. “Bugun mehnat qilgan odam kam boʻlmayapti. Buni sizning misolingizda ham koʻryapmiz”, deyishdi.
Ayniqsa, “Jasorat” medalini koʻksimga davlatimiz rahbarining oʻzi taqqani hayotimdagi unutilmas voqea boʻldi. Mukofotni qabul qilib olayotganimda, “Tursunpoʻlat, bilaman, sen qattiq ishlaysan. Bundan ham qattiq ishlab, nasib boʻlsa, yangi marralarga yetavergin. Men senga shunday medal, ordenlarni beraveraman”, deganidagi hayajonim va taassurotlarimni tasvirlab berolmayman. Axir davlat rahbari bilan koʻrishib, shunday iliq gaplarni eshitish har kimga ham nasib qilmaydi-da!
Oddiy fermerman. Doim halol mehnat qilishga intilaman. Qiziltepa tumani azaldan choʻl hudud boʻlgan. Ana shu joylar endi choʻl boʻlmasin, bogʻu boʻstonga aylansin degan maqsadda Surxondaryodan 10 mingta archa koʻchati olib kelib oʻtqazdik. Paxta va gʻalla hosildorligini bir necha barobar oshirdik. Tumandagi 5 kilometr ariqni betonlashtirib, suv yoʻqotishlarning oldi olindi. Bunday xayrli ishlarni yanada kuch-gʻayrat bilan davom ettiramiz. “Jasorat” medali meni yangi-yangi maqsadlarga undovchi ulkan ishonch belgisidir.
Pillachilikda ikkinchi mavsum ham yoʻlga qoʻyildi
Pillachilik qishloq xoʻjaligining goʻyoki sezilmas, ammo muhim tarmoqlaridan. Bu Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati uchun eng zarur xomashyo vazifasini oʻtaydi. Qolaversa, xotin-qizlar bandligini taʼminlashda ham muhim ahamiyatga ega. Azaldan momolarimiz pilla qurti boqib, xonadon daromadiga hissa qoʻshgan.
Namanganlik Manzura Rahimova 30 yildan beri pillachilik bilan shugʻullanadi. Avvallari pilla boquvchi sifatida oila aʼzolariga koʻmaklashgan boʻlsa, keyinchalik shu yoʻnalishni mahkam tutib, boshqalarni ish bilan taʼminlay boshladi. Joriy yilgi pilla yetishtirish mavsumida u yashayotgan Norin tumanida 4000 dan ortiq ishsiz shu yoʻnalishga jalb qilinib, bandligi taʼminlandi.
Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan taqdirlanganlar orasida Manzura Rahimovaning ham nomi bor.
Manzura RAHIMOVA,
Namangan viloyati Norin tumanidagi “Norin agropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi:
— Toʻgʻrisi, bu mukofot men uchun kutilmagan eʼtirof boʻldi. Tumanimiz hokimi bu haqida eʼlon qilib, tabriklaganida, birinchi boʻlib dadajonimni esladim. U bizni hamisha halol mehnat qilishga, toʻgʻrisoʻz boʻlishga oʻrgatdi. “Birovning dilini ogʻritma, toʻgʻri boʻl: haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi”, degan nasihatni koʻp aytardi. Biz ana shu oʻgitlarga amal qilib yashayapmiz. Dadam hayot boʻlganida, men bilan faxrlangan boʻlardi.
Koʻksimga taqilgan orden bilan, birinchi navbatda, toʻgʻri 75 yoshli onajonimning oldiga bordim. Meni oʻqitib, tarbiyalagani uchun rahmat aytib, keyin uyimga ketdim. Bu jarayonlardagi hayajonim, taassurotimni ifodalab berolmasam kerak.
Bolalikdan ipak qurti boqib katta boʻlganmiz. Mashaqqati ogʻir ish edi. Qurtlarga ozuqa uchun tut bargi keltirib, solib chiqquncha kun kech boʻlardi. Chunki barg qidirib uzoqlarga borishga toʻgʻri kelardi. Hozir tutzorlar yaqin joyda, ozuqa topish ham muammo emas. Pilla yetishtirish zamonaviylashib boryapti. Ipak qurtini plyonka ostida boqyapmiz. Bu ozuqa sarfini ancha tejaydi.
Pilla parvarishidan koʻriladigan moddiy manfaatdorlik ham oshgan. Avvallari pillakorlar ozgina oʻtin yoki gʻalla uchun pilla boqqan. Hozir topshirilgan har bir kilogramm uchun tarozi ustida xizmat haqi beriladi. Qolaversa, bir oy ipak qurti boqqanlik uchun bir yillik mehnat staji yoziladi. Topadigan mablagʻimiz daromad soliqlaridan ham ozod qilingan. Avval bunday sharoit yoʻq edi.
Korxonamiz xonadonlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Talabgorlarga ipak qurti va ozuqasi yetkazib beriladi. Tumanimizning oʻzida yuqori navli tut koʻchatlarini yetishtiramiz. Xonadonlar bir oy davomida pilla yetishtirib, hosilni bizga topshiradi-da, pulini oladi. Mazkur ish uyda oʻtiradigan xotin-qizlar uchun juda qulay. Hozir mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlanib borayotir. Bu hosildorlik va daromad ortishiga xizmat qilyapti. Avvalgidek mahsulotlar bir emas, bir necha mavsumda yetishtirilyapti. Ushbu tajriba oxirgi ikki yilda pillachilik yoʻnalishiga ham kirib keldi. Odatda, pilla qurti aprel-may oylarida boqiladi. Ammo hozir ikkinchi mavsum ham yoʻlga qoʻyilgan. U avgust-sentyabr oylariga toʻgʻri keladi.
Hosildorlik ham ancha yuqori. Bir qutidan oʻrtacha 60-65 kilogramm ipak olinyapti. Bunday koʻrsatkichni 70-75 kilogrammga yetkazadigan ilgʻor pillakorlarimiz ham bor.
* * *
2025-yil mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi va sohada mehnat qilayotgan agrotadbirkorlar uchun ancha sermahsul va barakali boʻldi. Kelgusi yil uchun belgilangan vazifalar, koʻzlangan maqsadlar bisyor. Davlatimiz rahbari bayram tabrigida ularga alohida toʻxtaldi. Mehnatkash, tanti, fidoyi mirishkorlarimiz esa ularni bajarish rejasini hozirdan boshlayapti.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri








