Bular iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, maʼnaviy, maʼrifiy kabi har qanday yoʻnalish boʻlmasin, barchasidagi ijobiy oʻzgarishlarni xalqimiz oʻz koʻzi bilan koʻrib shohidi boʻlib turibdi.
Shular qatorida dunyoda timsoli yoʻq megaloyiha — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilayotgani, ushbu yirik loyihaning islom mamlakatlari ichida tengsiz ekanini bugun xalqaro ekspertlar ham eʼtirof etmoqda.
Prezidentimiz ushbu ulugʻvor markazni barpo etish gʻoyasini BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida maʼlum qilgan edi va bundan 8-yil avval jahon hamjamiyatini maʼrifat yoʻli bilan jaholatga qarshi kurashishga daʼvat etgandi.
Mohiyatan, ushbu Markaz keng qamrovli madaniy-maʼrifiy mega-platforma boʻlib, uning vazifasi islom dinining haqiqiy insonparvarlik, bagʻrikenglik va tinchliksevarlik mohiyatini keng xalqaro jamoatchilikka yetkazish hamda Oʻzbekistonning madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirishdan iborat.
Davlatimiz Rahbarining Markazga tashrif buyurib, bergan hayotiy koʻrsatma va takliflari bilan qurilish ishlari, shu bilan birga, loyiha kontentining yanada mazmunli va sifatli boʻlishi borasidagi ishlar jadallashganiga guvoh boʻlib turibmiz.
Shunday ulugʻ kunlarda niyat qilamizki, Markazning ochilish marosimi ham koʻtarinki ruhda, jahon mamlakatlari havas qiladigan darajada oʻtadi.
Ramazon oyi davomida muhtojlar holidan xabar olindi, iftorliklar qilindi, har qachongidan ham koʻproq xayru ehsonlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda yuz berayotgan bunday ezgu ishlar, tub burilish haqiqiy maʼnoda maʼrifiy jasorat sifatida qabul qilinmoqda.
Hech kimga sir emas, Oʻzbekiston zaminida ikki marotaba ilmiy yuksalish – renessans yuz bergan. Bugun esa yurtimizda Yangi Renessans poydevori yaratilmoqda.
Prezidentimizning Muborak ayyom munosabati bilan yoʻllagan tabriklarida xalqimizga boʻlgan ehtirom va ulugʻlashni, muqaddas dinimizga nisbatan chuqur hurmatni koʻrdim, rivojlanish va yorqin kelajakka boʻlgan ulkan ishonchni his qildim.
Islom sivilizatsiyasi markazining ertasiga ham mana shunday katta ishonch bildirilmoqda.
Zero, bugunga kadar Markaz tomonidan diniy-maʼrifiy yoʻnalishda tizimli ishlar, yirik loyihalar amalga oshirildi. Mahobatli binoning qoq markazi muqaddas kitob – Usmon Musʼhafi uchun ajratildi.
Yaqinda Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saudning koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Kaʼba yopinchigʻi – Kisvaning bir parchasi taqdim etildi. Davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra, Kisva Markazga joylashtirilib, namoyish etiladi.
Uning ostida “Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz bin Abdurahmon Ol Saudning koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga sovgʻasi” degan maʼnodagi izoh boʻladi.
Komil ishonch bilan ayta olamanki, Muborak Ramazon oyi davomida qilingan ezgu duolar ijobati xalqimiz hayotining yanada farovon boʻlishi, xalqaro maydondagi nufuzi yanada ortishida namoyon boʻladi.
Biz ziyolilar yurt qadrini koʻtarish, xalqaro maydondagi imijini oshirish, xalq manfaati va farovonligi uchun ilmiy kurash yoʻlida muhtaram Prezidentimizga kamarbasta boʻlamiz!
Fursatdan foydalanib, xalqimizni yana bir bor shu ulugʻ ayyom bilan qutlab, yurtdoshlarimizning oilalariga tinchlik, fayzu baraka tilab qolaman.
Muborak ramazon hayitining hayotbaxsh shukuhi va boqiy fayzi qalblarimizni mudom xushnud va shod qilib tursin.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov
Hamkorlik materiali