Keyingi yillarda mamlakatimizda yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʼullanishi uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilmoqda. Yoshlarda sport musobaqalari orqali oʼz irodasi, kuchi va imkoniyatiga boʼlgan ishonchni mustahkamlash, mardlik, jasurlik, Vatanga sadoqat tuygʼularini kamol toptirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan iqtidorli sportchilarni katta musobaqalarga saralab olishni tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirishga yoʼnaltirilgan ishlar oʼz samarasini berayotir.

Аyni kunlarda dunyo sport ishqibozlari, mutaxassislar eʼtibori Tokio olimpiadasiga qaratilgan.  Kecha yosh sportchi  Ulugʼbek Rashidov millionlab yurtdoshlarimizning koʼngliga quvonch olib kirdi: u Tokio olimpiadasida mamlakatimizga oltin medalь taqdim etgan ilk sportchiga aylandi. Shu bilan birga, bu medalь taekvondo sport turi boʼyicha Oʼzbekistonning ilk oltini hamdir. Ulugʼbek Vatan va millat sharafini himoya qildi. Dunyo sahnida Oʼzbekiston nomi yangradi, davlatimiz madhiyasi vatandoshlar koʼnglini toʼlqinlantirdi. Millionlab yurtdoshlarimiz Ulugʼbekning gʼalabasidan faxrlandi.

Ulugʼbek Rashidov 2002 yili 23 martda Toshkent shahrida tugʼilgan. 6 yoshidan taekvondo bilan muntazam shugʼullanadi. Bolaligidan turli filьm qahramonlariga taqlid qilayotganini kuzatgan dadasi Isomiddin aka oʼgʼlini yetaklab, taekvondo mashgʼulotlariga olib bordi. Ulugʼbek murabbiy Pavel Xan qoʼlida toblandi, chiniqdi. Shunday kezlar ham boʼldiki, u futbol bilan shugʼullanishga astoydil bel bogʼladi. 1-2 marta futbol mashgʼulotlariga ham qatnadi. Biroq, baribir taekvondo ustunlik qildi. Qolaversa, murabbiyning qattiqqoʼlligi hamda onasi Oksana opaning nazorati uning boshqa sport turini tanlashiga imkon qoldirmadi.

Ulugʼbek 2014 yil kadetlar oʼrtasida mamlakat chempionatida gʼalaba qozonib, ushbu toifada terma jamoa tarkibiga qabul qilindi.

2017 yildan sportchining xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari boshlandi. 2018 yil Tunisda oʼtgan oʼsmirlar oʼrtasidagi jahon chempionatida uchinchi oʼrinni egalladi. Bu unga Аrgentinada oʼtgan oʼsmirlar olimpiya oʼyinlarida ishtirok etish imkonini taqdim qildi. Kichik olimpiadada kumush medalni qoʼlga kiritdi. 2019 yil Iordaniyada oʼtgan oʼsmirlar oʼrtasidagi Osiyo chempionati, keyinchalik Xitoy mezbonlik qilgan Butunjahon harbiylar oʼyinlari gʼolibiga aylandi.

Ulugʼbek joriy yil may oyida Iordaniyada oʼtgan litsenzion turnir orqali -68 kg. vazn toifasida Tokio olimpiya oʼyinlari yoʼllanmasini qoʼlga kiritdi. Murosasiz janglardan soʼng, nihoyat, yillar davomida tinimsiz qilingan mehnat va harakat samara berdi: Ulugʼbek olimpiada chempioniga aylandi. Olimpiya oʼyinlari tarixida taekvondo yoʼnalishi boʼyicha oltin medalga sazovor boʼlgan ilk oʼzbekistonlik sportchi sifatida tarixga kirdi.

Bu bilan u Vatanimiz mustaqilligining shonli 30 yillik bayramiga munosib tuhfa hozirladi.

— Oʼgʼlimning musobaqalarini hech qachon kuzatmaganman, — deydi Oksana Rashidova. — Oʼyin natijasini telefon orqali aytishgan. Tokio olimpiadasini esa sport jurnalistlari bilan efir orqali kuzatib bordim. Bu vaziyat men uchun juda hayajonli kechdi. Uning gʼalaba qozonganidan xursandman. Har bir ona jigarbandining oʼz Vatani shaʼni u tufayli jarang sochishini, bayrogʼi koʼtarilishini, madhiyasi yangrashini istaydi. Ulugʼbekni gʼalabaga undagan barcha-barchaga tashakkur!

Ulugʼbek ayni paytda Oʼzbekiston Milliy universitetining taekvondo va sport faoliyati fakulьteti talabasi. Uning muvaffaqiyatida, albatta, mazkur universitet murabbiylarining ham hissasi bor.

— Tokio olimpiadasida taekvondo sport turi boʼyicha 4 nafar sportchimiz ishtirok etmoqda. Ularning 2 nafari — Ulugʼbek Rashidov hamda Svetlana Osipova universitetimiz talabalari, — deydi taekvondo va sport faoliyati fakulьteti bosh murabbiyi, taekvondo boʼyicha  sport  ustasi Laziz Poʼlatov. — Ulugʼbek 1-kursni muvaffaqiyatli tamomladi. U universitetga kelgunga qadar nom qozonib ulgurgan edi. Bosiq, mulohazali yigit. Oʼylab ish tutadi. Uning bu sifati sportda muhim ahamiyatga ega. Yurtimizning nomdor murabbiylaridan biri Pavel Xan Ulugʼbekning murabbiyi sifatida ancha-muncha ter toʼkdi. Baʼzan muntazam bir mashgʼulot bilan band boʼlavergach, odam oʼsha ishdan charchaydi yoki zerikadi. Xan Ulugʼbekning koʼngliga yoʼl topa olgan, uni jahonning mashhur taekvondo ustalari qatoriga kirishiga ishontira olgan. Murabbiyning bola psixologiyasiga taʼsir oʼtkaza olishi — katta gap. Xan buning uddasidan chiqdi. Chempionat davomida ham bu sezildi. Yana bir muhim jihat: olimpiya oʼyinlarida Ulugʼbek Rashidov Seydu Mofana (Mali), Li Dae Xun (J.Koreya), Mirhoshem Hussayni (Eron), Nejad Xushich (Bosniya va Gertsegovina) va amaldagi jahon chempioni Bredli Sinden (Buyuk Britaniya) kabi nomdor taekvondo ustalari ustidan gʼalaba qozondi. Ulugʼbekning bugungi kunda taekvondo sportining shunday yulduzlari ustidan gʼolib chiqishi har qancha faxrlanishimizga munosib.

Finalgacha yetib kelgan hamyurtimiz  raqibi britaniyalik Bredli Sinden bilan kuch sinashib, 34:29 hisobida gʼalaba qozondi va jamoamiz  Tokiodagi ilk medalni qoʼlga kiritdi. Shunday qilib, oʼzbekistonlik taekvondochi tarixda ilk bor Olimpiya oʼyinlarida oltin medalga ega chiqdi.

Yosh sportchining bu gʼalabasi eng ulugʼ, eng aziz bayramimizga ajoyib sovgʼa  boʼlish bilan birga,  yoshlarga katta shijoat bagʼishlab, ularni yanada ulkan zafarlar sari ruhlantirishi shubhasiz. Hali nene yoshlar bu sport turi atrofida birlashadi, Oʼzbekiston dovrugʼini olamga yoyadi.