Filmda Muqimiy obrazini yaratgan yosh, mahoratli aktyor Ulugʻbek Rustamov qahramoni haqida gapirib berdi:

– Har bir aktyorda tarixiy asarda ishlash, tarixiy obraz yaratish orzusi boʻladi. Menda ham shunday niyat bor edi va nihoyat orzuyim amalga oshdi.

Ochigʻi, avval Muqimiy shaxsi va hayoti haqida toʻliq maʼlumotga ega emasdim. Film suratga olina boshlagach, obraz ustida ishlash jarayoni biroz qiyin kechdi, ammo suratga olish jarayonlari vaqtida qahramonim haqida koʻp maʼlumotlarga ega boʻldim. Muqimiy mohir xattot boʻlish bilan birga, xokisor, ilmli, xalqparvar inson va xalq maʼnaviyati, maʼrifati uchun kurashgan, umrini ezgu amallarga bagʻishlagan shaxs boʻlgan. Filmda uning shaxsi va xarakteri ochib beriladi.

Tez kunlarda namoyishi kutilayotgan “Muqimiy” filmida rollarni Behzod Hamroyev, Adiz Rajabov, Marjona Umjonova, Nargiza Matkarimova, Maʼrifat Ortiqova, Gulruh Pirnazarova, Ulugʻbek Rustamov va boshqalar ijro etishgan.

Film postanovkachi rejissyori Fotih Jalolov, ssenariy muallifi Rustam Jabborov, postanovkachi operator Muzaffar Yusupov, postanovkachi rassom Alisher Umrzoqov, liboslar boʻyicha rassom Anastasiya Reym, kompozitor Toir Qoʻziyev, kartina direktori Shahnoza Sirojiddinova.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati