Mazkur maktabga Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Oʻzbekiston Milliy universitetining fizika fakulteti biriktirilgan. Tadbirda universitet vakillari ishtirok etib, maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Kelgusida ular oʻquvchilarga fizika fanidan amaliy bilim berish uchun hamkorlik qilishi rejaga kiritilgan. Fizik olimlar tomonidan mazkur maskan tayanch maktabga aylantiriladi.

Mazkur maktab joriy yilda mukammal taʼmirlanib, oʻquvchilar uchun munosib sharoitlar yaratildi, fizika fanidan zamonaviy laboratoriya jihozlari (STEAM laboratoriya) bilan taʼminlandi.

Taʼlim maskanining ochilish marosimida Xalq taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekiston Milliy universiteti, tuman xalq taʼlimi boʻlimi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, maktab pedagogik jamoasi va oʻquvchilar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida barcha qulayliklarga ega boʻlgan mazkur maktab, eng avvalo, oʻquvchilarning zamonaviy taʼlim olishi uchun bunyod etilganiga toʻxtalib oʻtildi. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 28 ta tayanch va 175 ta fizika fani chuqurlashtirib oʻqitiladigan maktab (sinf)lar tashkil etilishi belgilangan boʻlib, bunday maktablarini Respublikamizning har bir viloyatida tashkil etish koʻzda tutilgan.

Maʼlumot uchun: Maktab Investitsiya dasturi asosida Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Injiniring kompaniyasi” DUK buyurtmasi asosida yangicha yondashuv va dizayn bilan mukammal taʼmirdan chiqarilgan boʻlib, loyiha quvvati 1176 oʻringa moʻljallangan 4 qavatli binoni oʻz ichiga oladi. Maktabda 45 ta oʻquv xonasi, 8 ta xorijiy tillar, 2 ta axborot texnologiyalari xonasi, 1 ta kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, 5 ta muhim tashabbus doirasida toʻgarak xonalari, 219 oʻrinli faollar zali, 1 ta sport zali, 3 ta ochiq sport maydoni, 2 ta texnologiya xonasi, musiqa xonasi, zamonaviy kutubxona va tibbiyot hamda bolalar tish shifokori xonasi, 128 oʻrinli oshxona, hatto oʻqituvchilar uchun alohida xonalar tayyorlanib, toʻliq jihozlangan.