Qadimiy ertaklar olami, tarixiy obidalar dunyosida boʻlishni istaysizmi? Samarqandning koʻhna qogʻozlari, Shahrisabz kashtachiligi, Buxoro zardoʻzligi, Rishton kulolligi bilan tanishishni, qoʻli gul ustalarning yogʻoch oʻymakorligi, pichoq yasash, zargarlik, gilam toʻqish sanʼati boʻyicha mahorat darsi olish niyatingiz bormi? Qoraqalpoq oʻtovida yoki Chorsu bozorida boʻlishni, koʻkka boʻy choʻzayotgan daraxtlar, koʻm-koʻk maysalar iforiga toʻyingan, huzurbaxsh shamolda jilvalanayotgan zangor koʻlda Italiya va Xitoy kemalarida sayr qilishni ixtiyor etarsiz? Unda, albatta, “Boqiy shahar”ga boring.
Prezidentimiz eʼtirof etganidek, “Bu yerga qadam qoʻygan inson nafaqat qadimiy Samarqand bagʻrida, balki butun Oʻzbekiston zaminida yurgandek boʻladi, uning bor ulugʻvorligi va beqiyos jozibasini his etadi”.
— 200 gektardan ortiq joy uch-toʻrt yil ichida shunday koʻrkam maskanga aylanadi, yangi bir shaharcha paydo boʻladi, deganda ishonqiramay qaraganlar ham boʻlgan, — deydi “Buyuk ipak yoʻli” sayyohlik markazi bosh direktori Oʻktam Pardayev. — Bugun mana shunday katta maydonda yangi shaharcha qad rostladi. Qisqa vaqtda uning qurilishi ulugʻ ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham meʼmoriy obidalarga hamohangligi bilan ham eʼtiborni tortadi. Ularda koʻhna tarix bilan zamonaviy hayot nafasi uygʻunlik kasb etgan. Shu bois, tez fursatda markaz Samarqandning oʻziga xos tashrif qogʻoziga, dunyoga ochilayotgan yurtimizning yangi darvozasiga aylandi.
Yana bir muhim jihat. Turizm markazining uchdan ikki qismini bogʻ egallagan. Bu yerda Germaniya, Belgiya, Italiya va Niderlandiyadan keltirilgan 50 mingdan ortiq atirgul parvarishlanyapti. Umuman olganda, bu maskanda 280 ming tup manzarali daraxt va buta ekildi, 170 gektar yashil hudud yaratildi.
Bu yerda turli tilda soʻzlashayotgan minglab sayyohni uchratasiz. Ular dunyoning turli burchagidan kelgan. Ularni qadim kentga Buyuk ipak yoʻlining zamonaviy jozibasi ham ohanraboday tortadi.
— Yiliga 2 million sayyohga xizmat qiladigan bu koʻp tarmoqli markaz tarkibida “Boqiy shahar” majmuasi, kongress xoll, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va boshqa koʻplab inshootlar bor , — deydi “Boqiy shahar” majmuasi rahbari Jamshid Sayfiyev. — Mahobatli mehmonxonalarning ikkitasi 5 yulduzli va oltitasi 4 yulduzli. Kongress xollning umumiy maydoni qariyb 6 ming kvadrat metr, 3,5 ming kishini qabul qilish imkoniyatiga ega. Anjumanlar vaqtida ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun situatsion markaz ham tashkil etilgan.
Zamonaviy mehmonxonalar va kongress xollda yirik anjumanlar oʻtkazish uchun keng sharoit yaratilgan. Markaz ishga tushganidan koʻp oʻtmay, Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi kabi nufuzli xalqaro tadbirlar boʻlib oʻtdi. Misol uchun, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga oid materiallar telegram kanallarda 340 million marta koʻrilganining oʻzi uning xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotganini koʻrsatadi.
Joriy yilda esa qadimiy shaharda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv kengashining yillik yigʻilishi va Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi ham oʻtkaziladi.
Mutaxassis va tadqiqotchilar fikricha, markazning “Buyuk ipak yoʻli” deb nomlanganida ham chuqur maʼno bor. Prezidentimiz majmuaning ochilish marosimida taʼrif berganidek, asrlar davomida Xitoyning qadimiy Sian shahridan boshlanib, dunyoning koʻplab mamlakatlari hududidan oʻtgan va koʻhna Rimga qadar yetib borgan bu ulkan savdo yoʻli jahon xalqlari oʻrtasidagi iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy muloqot vositasi boʻlib kelgan.
Azim Samarqand esa Buyuk ipak yoʻli chorrahasidagi asosiy manzillardan biri boʻlgan. Shuning uchun yangi markazdagi binolarda ana shu davrga oid tarixiy manzaralar oʻz ifodasini topgan.
Markazda galereya, gumbazida osmon toqiga monand bezaklar jilolanib turadigan qadimiy bozor, 2 ta milliy taomlar restorani, 36 rastadan iborat 14 ta hunarmandlik ustaxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ana shulardan birida Samarqandning yetti olamga mashhur ipak qogʻozi tayyorlanadi. Bu jarayon bilan bizni yosh usta Sardor Shavkatov batafsil tanishtirdi.
Uning aytishicha, tut daraxtidan qogʻoz tayyorlash texnikasi Samarqandda bundan bir yarim ming yil oldin paydo boʻlgan. Bugungi kunda bu uslub Konigul qishlogʻidagi hunarmand ustalar tomonidan qayta tiklandi va turizm maskanining sayyohlarni maftun etadigan noyob ustaxonasiga aylandi.
Bitiklarda moziy sadosi bor. Navbatdagi ustaxonaga kirsangiz, bu fikrga amalda amin boʻlasiz. Bu yerda qadimgi xattotlik sanʼatini yosh avlodga oʻrgatib kelayotgan Jalil Ergashevning mahorat darsida qatnashishingiz, Samarqand qogʻoziga niyat-tilaklaringizni suls, nasx, kufiy xatlarida yozdirib olishingiz ham mumkin.
Usta hunarmand yurtimizning koʻplab manzillaridagi, shu jumladan, Samarqanddagi barcha osori-atiqalarning changini artgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Boisi, oʻzining qirq besh yillik mehnat faoliyati davomida tarixiy obidalarning peshtoq va devorlaridagi yozuvlarni oʻqib, tarjima qilishda va ularga yangidan hayot bagʻishlashda, yaʼni taʼmirlashda ishtirok etib kelyapti.
— Ustozimiz toʻqqiz yil davomida qadimgi Samarqand qogʻoziga 4 nusxa, har biri 302 varaqdan iborat boʻlgan Qurʼonni kufiy, suls va nasx xatlarida biz bilan birga koʻchirib yozdi, — deydi shogirdlaridan biri, ayni paytda oʻzi ham mohir ustozga aylangan Aziza Sobirova. — Soʻnggi yuz yillikda birinchilardan boʻlib Qurʼonni suls xatida koʻchirib yozib, Registon majmuasiga hadya qilgan boʻlsa, Toshkent shahridagi Moʻyi muborak muzeyida saqlanayotgan qadimiy Usmon Musʼhafini kufiy xatida toʻrt yil davomida koʻchirib yozdi va Islom sivilizatsiya markaziga topshirdi. Yana bir nusxasi Imom Buxoriy muzeyidan oʻrin egallaydi.
— Bular mamlakatimizda sayyohlik industriyasini rivojlantirish borasidagi ulkan ishlarning bir qismi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, senator Farmon Toshev. — Yangi turizm markazi kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 2,5 milliondan oshirishda muhim oʻrin tutadi. Umuman olganda, kelgusi besh yilda yurtimizga keladigan sayyohlar sonini 9 millionga yetkazish maqsad qilingan. Turizm sohasida mehnat qilayotganlar soni 500 mingdan oshadi. Faqat bugina emas, turizm markazda mahalliy sayyohlarning oilaviy hordiq chiqarishlari uchun ham sharoitlar yaratilgan.
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil 24-dekabrdagi “Samarqand viloyatining turizm va transport salohiyatidan samarali foydalanish, viloyatni “Samarqand — Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” konsepsiyasi asosida rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori turizmni rivojlantirish boʻyicha xalqaro turizmni rivojlantirishga keng yoʻl ochdi. Ayniqsa, yangidan barpo etilgan va dunyodagi zamonaviy qoʻnalgʻalardan hisoblangan Samarqand xalqaro aeroporti qisqa muddatda qator davlatlarga aviaqatnovlar ochgani fikrimiz dalilidir. Oʻtgan yili ushbu aeroport “beshinchi osmon” rejimida ishlashiga oʻtgani hisobiga, haftalik aviaqatnovlar soni 46 tadan 78 taga, yoʻlovchi oqimi esa 6,5 mingdan 10 ming nafarga koʻpaydi.
Faqat bugina emas. Payariq, Samarqand va Tayloq tumanlarida mehmonxona, umumiy ovqatlanish, koʻngilochar, turoperator va turagent xizmatlari koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etilishi nafaqat xalqaro, balki ichki sayyohlikni rivojlantirishda ham bagʻoyat qoʻl keladi.
2023-yilda Samarqand shahrida “Aviation & Logistics Forum” II xalqaro aviatsiya forumi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ana shunday anjumanlar doirasida Buyuk ipak yoʻli turistik markazi hududida muzeylar, galereya, madaniy-tomosha hamda madaniy-maʼrifiy tashkilotlar, sayyohlarni jalb qiladigan bir qator koʻngilochar maskanlarni yaratish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Mamlakatimiz turizm salohiyatini jadal rivojlantirish yuzasidan Prezidentimiz raisligida shu yil 29-mart kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Samarqandda yangi turizm markazi barpo etilgani qoʻshimcha 2 million sayyoh jalb qilish imkonini bergani, yurtimizda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi yigʻilishini oʻtkazishga katta tayyorgarlik koʻrilayotgani, Samarqand 2023-yilgi Jahon turizm poytaxti maqomini olgani ham bu boradagi ishlarning yuqori natijalaridan biri ekani eʼtirof etildi.
Oldinda turgan vazifalar koʻlami esa, yanada katta. Zero, yigʻilishda ham joriy yilda 7 million xorijiy va 15 million ichki sayyoh jalb qilish, eksportni 2,5 milliard dollarga yetkazish ustida aniq reja va majburiyat bilan ishlash shartligi koʻrsatib oʻtildi.
“Byuk ipak yoʻli” sayyohlik markazini yaratishdagi tajriba qadim yurtimizning boshqa maskanlarida ham bu boradagi istiqbolli loyihalarni koʻngildagidek uddalashga ishonch bagʻishlaydi.
Alqissa, Samarqand qadimiy shon-shuhratini yangicha mazmun va shaklda qayta tiklamoqda. Buni Buyuk Britaniyaning nufuzli “The Times” nashri ham eʼtirof etadi. Nashr 2023-yilda dunyoda borib koʻrilishi zozim boʻlgan jozibali mavkanlarni tavsiya etar ekan, ular orasida Samarqand shahrini va eʼtiborli tomoni, uning yaqinida joylashgan “Buyuk ipak yoʻli” sayyolik markazini alohida qayd etdi.
Abdurauf Qorjovov,
“Yangi Oʻzbekiston”ning maxsus muxbiri