Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga avtolizing kompaniyalaridan aziyat chekayotgan yurtdoshlarimizdan koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Ulardan birini Termiz shahrida yashovchi Sh.Ergasheva yoʻllagan.

murojaatda yozilishicha, isteʼmolchi 2020-yil 13-avgust kuni kuni “Umid avtolizing” MCHJ orqali muddatli toʻlov evaziga NEXIA 3 rusumli avtomobil xarid qilish uchun ikki tomonlama shartnoma imzolaydi. Unga muvofiq, fuqaro MCHJ hisobraqamiga boshlangʻich toʻlov sifatida 44 million 307 ming soʻm oʻtkazadi. Biroq avtomashinani oladigan vaqt oʻtib ketsa hamki, avtoulovdan darak boʻlmagan.

Isteʼmolchi bu borada tadbirkorga bir necha marta murojaat qilgan boʻlsa-da, MCHJ turli bahonalar orqali ishni ortga surgan. Shartnoma muddati oʻtgan boʻlsa ham, toʻlangan pulni qaytarib bermagan.

Mazkur murojaat tegishli tartibda oʻrganilib, “Umid avtolizing” MCHJ va fuqaro oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomasi bekor qilindi hamda avtomashinani sotib olish uchun toʻlangan pul isteʼmolchiga qaytarib olib berildi.

Shahboz ABDUSATTOROV,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari

federatsiyasi matbuot xizmati xodimi