Oʻzbekiston televideniyesida qiriq besh yil mehnat faoliyatini olib borgan, qator mualliflik loyihalari bilan el nazariga tushgan, “Qizlar davrasi”, Oʻzbegim yoshlari” teletanlovlari tufayli xalqimiz orasidan eng isteʼdodli yigit-qizlarni kashf etib hayotga yoʻnaltirgan ustoz, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, Lutfiya Roʻziboyeva bu yil ayni koʻklam faslida 80 bahorni qarshi olamoqdalar.

Koʻz tegmasin deymiz-u shu yoshda ham Lutfiya opaning qoʻl telefonlari tinimsiz jiringlashiga havasimiz keldi. “Bir kunda oʻz farzandlarim va nabiralarimdan tashqari shogirdlarimning ham kamida oʻn, oʻn besh nafari qoʻngʻiroq qilishadi. Tojdor virus pandemiyasi oqibatidan tadbirlarimiz, konsertlarimiz, safarlarimiz toʻxtab qoldi. Ammo, mashgʻulotlarni toʻxtatganimiz yoʻq. Mana sekin-asta karantin qoidalari yumshatilmoqda. Katta konsertga tayyorgarlik koʻrayapmiz” – deydi opa suhbatimiz boshida.

Lutfiya opaga qarab turib, toʻgʻrisi havas qildik. Negaki, 80 yoshni qarshi olayotgan opaxonning shogirdlari bugungi kunda nafaqat mamlakat balki dunyo miqiyosida ham mashhur.

Dunyo sahnasida yangaragan ovoz

Binobarin, ulardan: Milena Matmusayeva – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, “Nihol” mukofoti sohibasi,“Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari: Kamola Ermatova, Ruxsora Yoʻldosheva, Nargiza Rahimova, Dilnoza Ortiqovalarni birma-bir sanash joizdir.

“Nihol” davlat mukofoti sovrindorlari: Farhod Qambarov, Mashhurbek Raximjonov, Navroʻzbek Mamadiyarov, Sherbek Shodiyev, Sherzodbek Ortiqov shular jumlasiga kiradi. “Oʻzbegim yoshlari” ansamblning 45 dan ortiq ishtirokchilari Xalqaro festivallar ishtirokchisi boʻlganligi ham ayni haqiqatdir.

Opaning shogirdlarining aksariyati mazkur ansamblda chiniqdi va tajriba orttirdi. Ular orasida bugun tajribali adminstratorlar, tarjimonlar, xonandalar, sozandalar, raqqosalar, bastakorlar, boshlovchilar va volantyorlar bor. Sanʼat yoʻlidan ketmaganlari ham nufuzli davlat tashkilotlarida faoliyat olib bormoqda. Yurtimizning barcha hududlarida Roʻziboyevaning tarbiyasini koʻrgan yoshlarni uchratish mumkin.

Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Mudofa vazirligi tizimlarida, Milliy Gvardiya saflarida, Bojxona qoʻmitasi tarkibida, Oliy va oʻrta – maxsus hamda xalq taʼlimi tizimlarida OʻzMTRK va xususiy telekanallarda, jurnalistika va xalqaro jurnalistikada, madaniyat va sanʼat dargohlarida “Oʻzbegim yoshlari” ansamblining qaldirgʻochlari Vatanimizga munosib xizmat qilmoqda.

Ish xonadagi ikki xarita

Lutfiya Roʻziboyevaning ish kabinetida ikkita xarita turibdi. Birinchisi Oʻzbekiston Respublikasi xaritasi. Undagi deyarli barcha shaharlar va qishloqlarga yulduzcha qoʻndirilgan. Bu uning shogirdlarini tugʻilgan viloyat, shahar va qishloqlari. Yashil rangdagi hududlar: ansambl borib maʼrifiy – maʼnaviy -madaniy tadbirlar oʻtkazgan, gala konsertlar namoyish etgan Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistondagi barcha hududlar. Dunyo xaritasidagi 14 ta mamlakatda “Oʻzbegim yoshlari” festivallar va koʻrik – tanlovlarda gʻolib boʻlgani belgilangan.

- Men ansamblimga ishtirokchilarni el orasidan axtarganman. Butun hayotim davomida eng chekka hududlardagi iqtidori bor yoshlarni izlab topishdan sira ham charchamaganman. Qoʻllaridan yetaklab, katta sahnalarga olib chiqqanman. Hamisha va har doim turli tanlovlar, bellashuvlar ichra ularni oʻzlariga boʻlgan ishonchlarini mustahkamlashga harakat qilganman. Eng asosiysi umr lahzalarimning har bir soniyasi izlanish, intilish va yangi gʻoyalarga hamohang tarzda ezguliklarga yoʻgʻrilib oʻtib bormoqda. Yoshlarni isteʼdodiga qarab tanlayman. Bizda intizom juda qatʼiy. Birinchidan har bir ishtirokchi odob-ahloqli, yuksak madaniyatli boʻlishi shart. Ansamblda esa uni maʼnaviyatini va didini tarbiyalaymiz, yangi imijini yaratamiz. Yulduzlik darajasiga ruhan tayyorlaymiz. Sabr va bardoshli qilib chiniqtiramiz. Respublika Xotin – qizlar qoʻmitasida ishlagan yillarimda qoʻmita topshirigʻi bilan “Oʻzbegim yoshlari” ansamblining koʻrik – tanlovlarida hakamlik qilish va dasturni tayyorlashda ishtirok etganman. Ansambl ishtirokchilariga qatʼiy talab qoʻyardik. Yaʼni chekmaslik, spirtli ichimliklar ichmaslik, behayo iboralarni hatto hazillashib ham ishlatmaslik, ochiq kiyinmaslik, ortiqcha boʻyanmaslik, betartib va palapartish yurmasligi shart edi.

Lutfiya opa yana bir voqevni soʻzlab berdi. Bir kuni ularning ansambliga chiroyli ayol qizini olib kelibdi. Qiz juda ham yaxshi raqsga tushar ekan. Ayol qizini yolgʻiz katta qilayotganini kelajakda mashhur sanʼatkor boʻlishini xohlashini aytgan. Uning qizi ansamblga qatnay boshlabdi. Ammo, raqqosa qizlar opaga yangi qizning sigareta chekishidan shikoyat qilib qolishadi. Lutfiya opa qiz bilan suhbatlashganda, oʻsha qizning aytishicha raqqosalar ozgʻin boʻlishi uchun chekar emish. U bilgan barcha taniqli raqqosalar chekar emish. Oʻsha yangi qiz kostyumlar turadigan xonada chekganligi uchun barcha liboslardan tamaki hidi keladigan boʻlib qolgan. Opa uni ogohlantirgan. Ammo, oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qolmas, deganlaridek, qiz bekitib chekishda davom etavergan. Natijada yoshlar orasida noroziliklar paydo boʻlgan. Shu tariqada yangi qiz bilan xayrlashilgan. Ansambl qatnashchilari bir oiladek bir-biriga mehribon boʻlishgan. Har bir yoshning ansamblga kelish tarixi bor.

Shogirdlar kamoli

Andijondan kelgan Mashhurbek Raimjonovning shirali ovozi, raqs tushish mahorati uning isteʼdodidan darak berardi. Ammo, Mashhurbek bir necha yili institutga kirolmagan. Bu u va uning oilasi uchun ulkan muammo edi. Ruhan tushkinlikka tushgan bolaga, “Sen Toshentga, “Oʻzbegim yoshlari” ansamblga kelib toʻgʻri qilibsan, tayyorlanasan konservatoriyaga oʻqishga kirasan, oʻz ustingda qattiq ishlaysan nomingga munosib mashhur boʻlasan”, deya uning koʻz yoshlarini artgan ham Lutfiya opa boʻladi. Ha, Mashhurbek oʻsha yili konserivatoriyaga oʻqishga kirdi. Bir yil oʻtib “Nihol” davlat mukofoti sohibi, uch yil oʻtib “Shuhrat” medali ordeni bilan taqdirlandi.

Toshkentlik Kamolaxon Ermatova ham ansamblga kelganida maktab oʻquvchisi edi. Ansambl uni chinaqtirdi. Ohangrabo ovoz egasi boʻlgan bu qiz juda chiroyli raqsga tushar, boshlovchilik qilar, dezayner sifatida libos ustasiga ham tinimsiz yordam berar edi. Odob – ahloqi bilan Kamolaxon barchaning birdek hurmatiga sazovor boʻlgan. “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohibasi boʻldi. Oʻzbekiston davlat Jahon tillari universitetiga imtiyozli ravishda oʻqishga qabul qilindi. Tinimsiz bilimini oshirib borgan Kamolaxon Prezident stipendiyasi olishga ham musharraf boʻldi.

Qoraqalpogʻistondan kelgan Jenisbek Piyazov juda tortinchoq boʻlib ansamblga qoʻshilib ketishi qiyin boʻlgan. Istarasi issiq bu yigitni Lutfiya opa oʻzgacha mehr bilan yaxshi koʻrardi. Konservatoriyaning boshlangʻich bosqich talabasi bir kuni mashgʻulotga kelolmadi. Yotoqxonasiga telefon qilishganda Jenisbek “Negadir ichim, oshqozonim qattiq ogʻriyapti. Xonamizda non ham, shakar ham, yogʻ ham qolmaganidan kecha bir piyola guruchni qaynatdik, qorovuldan tuz olib soldik va pishirib yedik. Ikki soat oʻtib mazamiz qochdi” – deganida, Lutfiya opa Jenisbekga “Tezda taksiga oʻtirib meni oldimga kel, taksi pulini ham oʻzim beraman” – deya Jenisbek Piyazov bilan yana ikkita oʻrtogʻini kafega tushlik qilishga yubordi.

Lutfiya opa bu isteʼdodli shogirdini oshqozon kasaliga yoʻliqishidan xavotirlanib turganida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlaridan polkovnik shogirdi qoʻngʻiroq qilib qoladi. Allohning marhamati bilan qoʻngʻiroq qilib qolgan shogirdiga Lutfiya opa ”Sizga iltimosim bor. Mening ansamblida qoraqalpoqlik ikki isteʼdodli talaba: Jenisbek Piyazov va Gulbahor Aximbetovalar bor. Ular juda yaxshi yoshlar. Ammo, hozir koʻmakka muhtoj. Ularning yotoqxonlariga oziq-ovqat, meva, shirinliklar xullas oʻzingiz bozorlik qilib bering. Nima saxiyligingiz boʻlsa shu ikki iqtidorli yoshlarga qiling,men esa bu himmatingizni menga qilayotgan hurmatingiz deb bilaman” deydi. Sodiq shogird opaning iltimosini bajonu dil bajardi. Bunday iltimoslar “Oʻzbegim yoshlari” ansambli hayotida boʻlib turar, yaxshi odamlarni opa hamisha koʻmakka chaqirar edi. Jenisbek Italiyaga borganida ansambl tomonidan oʻsha mashhur “LA SKLA” teatiri oldida ustoziga “Opa duo qiling, bir kuni kelib, men dunyo opera yulduzlari kuylagan mana shu qutlugʻ teatr sahnasiga chiqib qoʻshiq kuylayin” – degan ekan. Ustoz uni duo qildi. Farishtalar esa duoga sherik boʻlgan ekanki, Jenisbek oʻsha niyatiga yetdi. Bugun uning muxlislari dunyoning barcha mamlakatlarida topiladi. Bugungi kunda Jenisbek Piyazov “Nihol” mukofoti sovrindori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq artist univonlariga sazavor boʻldi.

Gulbahor Aximbetova hayotida ham “Oʻzbegim yoshlari” ansambli unga omad va baxt sari eshik ochdi. U “Zulfiya” davlat mukofoti sovrindori, Qoraqalpogʻiston Xalq baxshisi, “Doʻstlik” ordeni sohibasi boʻldi.

Bir kuni ishtirokchi yoshlar ansamblga Tatyana Zaysova degan rus qizini boshlab keldi. Qiz Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabasi ekan. Lutfiya opa qizning ovozini eshitib koʻrdi. Qonun – qoidani tushintirdi. “Bu ansamblda oʻzbekcha qoʻshiq aytish kerak. Qoʻlingdan keladimi oʻzbekcha kuylash? – deb soʻradi. Tatyana goʻzal xulqi, tirishqoqligi bilan opaning ishonchini qozondi. U yarim yillik mashgʻulotlardan soʻng oʻzbekcha kuylay boshladi.

Lutfiya opaning rus qizi bugun “VIA Sharq” ansamblining xonandasi. Oʻzbek yigitiga turmishga chiqqan, ikki farzandning onasi. Oʻzbek kelini oiladan qaynona va qaynotaga qanday hurmat koʻrsatishi kerakligini boshqa qizlarga ham joyi kelsa oʻrgatib qoʻyadi.

Darhaqiqat, opaning shogirdlarini bugungi kunda nafaqat Oʻzbekiston balki dunyo tanimoqda. Ularning har biri bilan qoʻngʻiroqlashganimda, “Ishoning biz Lutfiya opaning ansambliga kelganimizda hech qanday unvonimiz yoʻq edi. Biz endigina atrofga umid bilan boqib turgan havaskorlar edik. Yaxshi ham omadli taqdir bizni bu muhtaram ustoz bilan uchrashtirdi” degan soʻzlarni eshitdim..

Ha, Lutfiya Roʻziboyeva shogirdlariga umrini baxshida qildi. Kam taʼminlangan oilalardan kelgan yoshlarini alohida eʼtiborda tutdi. Chekka hududlardan kelganlari betob boʻlib qolsa shifoxonalarga joylashtirish, chet el safarlariga borishda har birining hujjatlarini toʻgʻrilash, oʻzga mamlakatda ularning xavfsizligini taʼminlash, dunyoning isteʼdodlari yoshlari bilan bellashganda esa gʻolib boʻlish sirlarini oʻrgatdi. Goho oʻz oilasidan koʻproq ularni oʻylagani ham rost. Uning kumush sochlarining koʻpi kelajagi porloq yoshlar uchun oqardi.

Ming shukur opaning shogirdlari ham doimo ustozlarining ishonchini oqlab kelmoqdalar. Qutlugʻ yosh arafasida Lutfiya opaning koʻnglini yoritib, beliga darmon boʻlib, beminnat yordamini ayamay, saxovat koʻrsatib kelayotgan shogirdlariga qarata opa eng yaxshi tilaklarini gezeta orqali bildirishimni iltimos qildilar.

Men Lutfiya opaga cheksiz ehtirom va hurmat izhor qilib, ularning soʻzlarini hech oʻzgartirishsiz aynan oʻzini keltirgan holda maqolamni yakun qilmoqchiman.

Zero, ustozlar hamisha ibrat maktabi boʻlmogʻi kerak. Bu uchun keng qalb, samimiyat, cheksiz mehr, isteʼdod, izlanish va eng asosiysi eʼtiqod va ilm kerak.

Rahmat Sizlarga! Meni doimo tushinganingiz uchun, menga ishonganingiz, menga ergashganingiz va mehru muhabbatingiz uchun. Rahmat Sizlarga! Maqsad sari intilishdan charchamaganingiz uchun. Samimiyat uchun, oqibat va olqishlar uchun RAHMAT! Yurtboshimiz sizlarga bergan mukofotlar va unvonlarning qadriga yeting! Ishonchni oqlang!

Zulfiya MOʻMINOVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira