Yuk mashinasida olib kelingan peshtaxta hamda bogʻlam-bogʻlam kitoblarni tushirish va chiroyli qilib koʻrgazmaga tayyorlashga koʻmaklashdim.
Oʻshanda sakkizinchi yoki toʻqqizinchi sinfda oʻqirdik. Badiiy adabiyot, ijodga qiziqishim shakllanib borayotgan, bosh koʻtarmay kitob mutolaa qiladigan paytlarim edi. Asosan hikoya, qissa, romanlarni koʻproq oʻqirdim. Qarasam, kitoblar orasida menga tanish nomdagilari ancha-muncha, oʻqib ulgurmaganlarim undan-da koʻp edi. Kitobga befarq emasligimni koʻrib, sotuvchi ayol yonimga keldi.
– Puling yetsa, senga bitta kitob beraman. Bundan oʻzi bir dona olib kelganmiz, – dedi u qutilar ichidan toʻq yashil muqovali qalin kitobni olib. – Xaridori koʻp. 2,5 soʻm evaziga u seniki boʻlishi mumkin. Olasanmi?
Yonimda buncha pul yoʻq, faqat tushlik uchun berilgan tiyinlar bor edi. Kitobni qoʻlimga oldim. Abdulla Oripovning “Yillar armoni” toʻplami ekan. Koʻzim bilan koʻrmagan boʻlsam-da, kitob 1983-yili chop etilib, tezda sotilib ketgani, yaqinda uning ikkinchi nashri ham bosmaxonadan chiqqanidan xabarim bor edi. Xalqimizning suyukli shoiri ijod namunalarini gazeta, jurnal va darsliklarda oʻqiganman, lekin bunday durdona sheʼrlar jamlangan salmoqli kitobini birinchi bor ushlab turishim edi.
– Olaman. Yashirib qoʻying, hozir kelaman.
Uyga borib, buvim yo otamdan pul olib kelay, desam, uchrashuvni oʻtkazib yuboraman. Uzoq oʻylamay, meni doim qoʻllab-quvvatlab keladigan adabiyot muallimimiz — Toʻxtamurod akaning yoniga bordim. Vaziyatni tushuntirdim.
– Buncha yaxshi. Kel, bunday qilamiz: kitobni men sotib olaman, soʻng senga oʻqishga berib turaman.
– Yoʻq, pul berib tursangiz, kitobni oʻzim sotib olaman, pulni ertaga qaytaraman, keyin kerak payti toʻplamni sizga ham berib turaman.
Toʻxtamurod aka qaysarligimdan mamnun boʻldi shekilli, tabassum bilan hamyonidan pul chiqardi. Bu orada gʻala-gʻovur boshlanib ketdi. Gulduros qarsak va olqishlar ostida biz darsliklarimiz va teleekran orqali koʻp koʻrgan, radioefirlarda ovozlarini tinglagan Quddus Muhammadiy, Poʻlat Moʻmin, Ilyos Muslim kabi bolalar adabiyotining ustunlari zalga qator boʻlib kirib keldi. Uchrashuv boshlanib, davra avval jonlanib, keyin qizib ketdi. Sheʼrxonlik, kuy-qoʻshiq va sahnalashtirilgan tomoshalar davom etyapti-yu, xayolim peshtaxta tagiga yashirilgan “Yillar armoni”da: “Ishqilib sotuvchi ayol kitobni boshqaga (Toʻxtamurod akaga) berib yubormasin-da”.
Yoʻq, u soʻzida turdi. Uchrashuv tugab, uch shoirni qurshab olgan oʻquvchilar qatori tashqariga chiqdim. Kitob rastasiga yaqinlashib, pulni uzatib ulgurmasimdan sotuvchi ayol kitobni qoʻlimga tutqazdi.
Oʻsha kitob hozir ham kutubxonam javonidagi eng koʻrinarli yerda turadi. Chunki 1987-yilda qayta nashr etilgan sheʼr va dostonlardan iborat “Yillar armoni” toʻplamini tez-tez joyidan qimirlatib turishga toʻgʻri keladi. Salkam 40-yildan beri uni ota-onam, singillarim, farzand va jiyanlarim, qolaversa, ijodkor doʻstlarim bilan qayta-qayta varaqlaymiz, uning sahifalaridagi bitiklar orqali shoirning sirli va sehrli olamiga sayr qilamiz.
***
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti atoqli namoyandalarining tavallud sanalarini munosib nishonlash, kitobxonlik bayramlari oʻtkazish, ijodiy merosini keng ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratish nazarda tutilgan. Xususan, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 85-yilligini keng nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.
Oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, davlatimiz madhiyasi muallifi, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgan betakror ijodiy merosi, Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuygʻusini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyati har qancha tadqiq qilishga arzigulik.
– Ustozning benazir sheʼriyati uning ilk toʻplami “Mitti yulduz”dan tortib, umrining oxirgi nafasida bitgan soʻnggi satrigacha ona Vatanimiz va xalqimizga fidoyilarcha xizmat qildi, – deydi Oʻzbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Abdulla aka butun umr inson fazlu kamolini, vijdon, imon va eʼtiqodni tarannum etdi. Uning onaga muhabbati – Vatanga muhabbat, Vatanga muhabbati esa – onaga muhabbat timsolida tillar va ellarda doston boʻldi. Insonga muhabbati esa butun insoniyat va bani basharga muhabbatning otashin izhori boʻlib yangradi. Bor hayoti, butun ijodi davomida bir umr insonni koinot gultoji, deya sharafladi. Shu bois, haqiqatparvar va adolatgoʻy shoir tubanlik, hirsu hasad va xiyonat, razillik va qabihlikdan nafratlanib ijod qildi, sheʼrlari bilan jaholatga qarshi kurashdi. Tom maʼnoda adabiyotning haqiqiy vijdoni boʻlib faryod chekdi.
***
Ilk bor respublika matbuotida “Abdulla Oripov” degan muallif imzosi 1959-yil 20-mart kuni paydo boʻldi. Oʻsha sanada bolalar va oʻquvchilar gazetasida uning “Qushcha” sheʼri chop etildi.
Goh butoqqa, goh gulga qoʻnar
Tinim bilmas sayroqi qushcha.
Nechun bahor seni rom etgan,
Qayda eding bahor kelguncha?
Kel, yashaylik, hamisha birga,
Bizda bahor gullar barchasi.
Bilsang men ham chaman oʻlkamning
Shoʻx va quvnoq shod oʻgʻilchasi.
1965-yilda shoirning ilk kitobi – “Mitti yulduz” nashr etiladi. Oʻshanda Erkin Vohidov “Mitti yulduz”ning paydo boʻlishi sheʼriyatimiz osmonida yangi quvnoq, charogʻon yulduz paydo boʻlganidan darak beradi”, deb yozgan edi. Undan keyin adabiyot olamida kechgan jarayondan kelib chiqib, zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining keyingi oltmish yillik yoʻli “Mitti yulduz”ga qarab belgilandi, desak mubolagʻa boʻlmasa kerak. Bunday qarash koʻplab filolog olimlar, adabiy tanqidchi va tadqiqotchilarning ilmiy ishlarida oʻz aksini topib kelmoqda.
Shu oʻrinda dunyo tanigan yozuvchi Chingiz Aytmatovdan ham bir iqtibos keltirish oʻrinli: “Katta shoir hamisha oʻz vaqtida maydonga keladi, u – hamisha tarixiy. Zotan katta shoir oʻz xalqining ovozi, orzu-umidlari va inson qalbi iztiroblarining ifodasidir. Biroq, eng asosiysi, u oʻz davrining hakami va kuychisi, u jarchi va faylasuf, u soʻz sehrgari va uzlatga chekingan mutafakkir – darvish. Bularning bari unga qalb izhorini hammaga birday tushunarli, sevimli, shu bilan birga, koʻtarinki, teran maʼnolar mohiyatini ifodalash uchun ato etilgan. Shu bois, shoirning soʻzlaridan zamondoshlari ham, kelgusi avlodlar ham faxrlanib yuradi. Abdulla Oripov mening koʻz oldimda XXI asrga qadam qoʻyish davrimizning buyuk madaniy ahamiyatga molik ana shunday shoiri boʻlib gavdalanadi”.
***
Abdulla Oripov qoldirgan adabiy merosning oʻrganilishi va targʻib etilishi millat maʼnaviyatining bardavomligini anglatadi. U singari millat farzandlarining yubileyini nishonlash milliy maʼnaviyatga umumdavlat miqyosida eʼtibor qaratilayotganining yaqqol dalolatidir. Bu kabi saʼy-harakatlar yoshlarda adabiyotga, soʻzga mehr-muhabbat uygʻotadi.
– Butun boshli avlodlar shoirning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat, olijanob insoniy fazilatlar madh etilgan sheʼriyati ruhida kamol topdi, – deydi filologiya fanlari nomzodi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Olim Toshboyev. – Adabiyot muxlislari sheʼrning ajib sehri, soʻz qudrati va tarovatini Abdulla Oripov ijodi orqali his etdi. Uning sheʼrlari kirib bormagan oʻzbek xonadoni yoʻq desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ijodkorni eʼzozlagan, kitobga oshuftalikni ragʻbatlantirgan xalqning esa qadri baland boʻladi. Milliy gʻoya, Uchinchi Renessans poydevorini adabiyot, xususan, Abdulla Oripov sheʼriyatisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Jamiyatning maʼnaviy-gʻoyaviy qiyofasi adabiyotga munosabat bilan belgilanadi.
***
Alisher Navoiy nomidagi Milliy bogʻ hududida qad rostlagan Adiblar xiyoboni 2020-yil 20-maydan maʼnaviyat, maʼrifat maskani sifatida ijodga oshufta koʻngillar, ijod ahli, ziyoli va talabalarning sokin va tarovatli maskaniga aylandi. Bu yerda oʻzbek milliy mumtoz va zamonaviy adabiyotining eng zabardast vakillari haykali qad rostladi. Ular orasida Abdulla Oripov siymosi ham abadiyatga muhrlangan. Qolaversa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yilda Qarshi shahrida shoir nomidagi ijod maktabi ham ochilgan boʻlib, bugun maskanda yosh iqtidorlilar taʼlim oladi.
Oʻzbek adabiyoti doimo oʻz oʻrniga ega katta maktab boʻlib kelgan. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Adabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyatini koʻrsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yoʻl topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish kerak”.
Abdulla Oripovning xalqimiz qalbiga singib ketgan ijod namunalari shunchalar koʻpki, ular barcha avlodlar uchun oltin meros boʻlib qoldi. Sheʼriyatga dastlab “Mitti yulduz” toʻplami bilan kirib kelgan shoir deyarli oltmish yil mobaynida yozilgan asarlari bilan oʻzbek adabiyotining yorqin yulduzlaridan biriga aylandi.
Eng muhimi, bu ijodning xalqimiz maʼnaviy kamolotiga taʼsiri yildan yilga ortsa ortyaptiki, aslo kamaymaydi. Zamonlar oʻtishi, tuzumlar oʻzgarishi, badiiyatning oʻzidagi ichki yemirilishlar tufayli muayyan davrda katta shon-shuhrat topgan asarlar bora-bora oʻz qiymatini yoʻqotishi mumkin. Ammo Abdulla Oripov merosidagi asarlar nainki barcha zamonlar, balki butun insoniyat uchun qadrli. Zero, uning “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?”, “Oʻzbekiston”, “Sen bahorni sogʻinmadingmi?”, “Birinchi muhabbatim”, “Ayol”, “Onajon” kabi juda koʻplab ijod namunalarida insonga xos boʻlgan betakror va goʻzal tuygʻular, sevinch va sogʻinch oʻzining goʻzal ifodasini topgan.
– Haqiqiy ijodkor hayotining biror lahzasi Vatan va millat tuygʻusidan ayro kechmaydi, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov. – Agar shu tuygʻudan mahrum boʻlsa, u ijodkor emas. Birgina “Vatan! Mening bor qismatim shu bir soʻzda hal” degan misra orqali ifoda etilgan oʻtli fikr Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodining asl mohiyatini aks ettira oladi. Sheʼrlarida shoir ushbu tuygʻuni milliy ruh va yuksak badiiyat uygʻunligida betakror talqin etdi. Estetik tafakkurni ijod ahli yetishmogʻi mushkul boʻlgan yuksak choʻqqiga olib chiqdi. Milliy adabiyotning taraqqiyot mezonlarini belgilab berdi. Sheʼriyatda oʻziga xos anʼanalariga, munosib izdoshlariga ega maktab yaratdi. U ijodining avvalida oʻz yoʻlini topgan va adabiyotga oʻz soʻzini ayta olgan favqulodda isteʼdod sohibi edi:
Mep shoirman,
Istasangiz shu,
Oʻzimniki erur shu sozim,
Birovlardan olmadim tuygu,
Oʻzgaga ham bermam ovozim.
Qoʻliga qalam ushlab, sheʼr yozishni niyat qilgan oʻzbek borki, Abdulla Oripov nomi qarshisida bir dam oʻyga toladi. Yigirmanchi asr oʻzbek sheʼriyatining eng zabardast vakili isteʼdodi oldida hayratga tushadi. Shoir sheʼriyatining sehru jozibasi, ohanrabosi shundaki, undagi har bir soʻz nafosati bilan oʻqirmanni oʻziga asir etadi. Ruhini koʻtarib, umid ildizlariga suv quyib, quvvatlantiradi. Intilish uchun cheksiz sarhadlar sari yoʻnaltiradi. Shuningdek, benazir shoirning oʻlmas sheʼrlari hali yana qanchadan qancha qalblarga ilhom soladi. Uning sheʼriyati umrboqiylikka yuz tutgan nazmdir.
***
Darvoqe, oʻshanda ertasi kuni Toʻxtamurod akaga pulni qaytardim. Taxminan bir yildan keyin maktabni bitirish arafasida esa Chorsudagi kitob doʻkonida “Yillar armoni” sotilayotgani ustidan chiqib qoldim. Oʻylab ham oʻtirmay, bir donasini sotib olib, adabiyot oʻqituvchimizga sovgʻa qilgan edim.
Yana bir gap. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov bilan ikki marta –Yozuvchilar uyushmasining avvalgi binosida va Navoiy koʻchadagi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligida yuzma-yuz koʻrishish hamda suhbatidan bahramand boʻlish nasib qilgan. Tafsilotlarni mavridi bilan qogʻozga tushirish niyatimiz ham yoʻq emas.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri