Unda soʻnggi yillar davomida Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida keng qamrovli aloqalar, xususan, terrorizmga qarshi kurashdan tortib to oʻzaro savdo hajmini kengaytirishgacha boʻlgan umumiy manfaatlarga asoslangan ikki tomonlama munosabatlar sezilarli darajada faollashgani bilan bogʻliq dalil va fikr-mulohazalar atroflicha qalamga olingan.

Maqolada birinchi marta oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” sammiti ikki davlat uchun hamkorlikning uzoq muddatli asoslarini mustahkamlashda yangi imkoniyatlar eshigini ochishi alohida qayd etilgan.

Umumhindiston radiosi oʻz mamlakatining “kengaytirilgan qoʻshnichilik” siyosatidagi katta qadam sifatida “Hindiston-Markaziy Osiyo” sammitining birinchi yigʻilishi 2022-yil 27-yanvar kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va Markaziy Osiyo davlatlari (Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston) rahbarlari ishtirokida virtual formatda tashkil etilishini qayd etar ekan, mazkur birinchi sammit chogʻida yetakchilar oʻzaro munosabatlarni yangi choʻqqilarga olib chiqish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarini muhokama qilishlari rejalashtirilganini maʼlum qilgan. “Oliy darajadagi uchrashuv chogʻida tomonlar Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyatning oʻzgarishi ortidan yuzaga kelayotgan mintaqaviy xavfsizlik bilan bogʻliq masalalarda fikr almashishlari kutilmoqda”, deb yozadi manba.

Maqolada mamlakatlarimizning savdo va investitsiyalar sohasidagi ikki tomonlama munosabatlariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Unda Hindiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi yildan yilga ortib borayotgani taʼkidlanar ekan, 2020-yilda umumiy savdo aylanmasi 442,7 million AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 355,5 million AQSH dollari, 2018-yilda esa 286,5 million AQSH dollariga teng boʻlganini yuqoridagi fikrning tasdigʻi sifatida keltirilgan.

Maqolada Hindiston eksportidagi asosiy mahsulotlar dori-darmon, mexanik uskunalar, avtomobil qismlari, xizmatlar, optik asbob-uskunalarni, Hindistonning Oʻzbekistondan importi esa asosan meva-sabzavot mahsulotlari, xizmatlar, oʻgʻitlar, sharbat mahsulotlari va ekstraktlari, moylash materiallarini oʻz ichiga olishi hind oʻquvchilarining eʼtiboriga havola qilingan.

Umumhindiston radiosi bugungi kunda davlatlarimiz oʻrtasida ikki tomonlama investitsiya shartnomasini imzolash boʻyicha muzokaralar olib borilayotganini ham qayd etgan.

Maqolada, shuningdek, terrorizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotik moddalarning noqonuniy savdosi va kontrabandaga qarshi kurashish kabi umumiy tahdidlar hisobga olingan holda har ikki tomon 2018-yil oktyabr oyida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va boshqalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish boʻyicha oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimni imzolagani, mazkur hujjat doirasida hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib olingani maʼlum qilingan.

Shuningdek, 2019-yil noyabr oyida Dehli shahrida “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Hindiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻrtasida transmilliy uyushgan jinoyatchilik va xalqaro terrorizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida”gi Bitim imzolangani ham qayd etilgan.

Mazkur maqolada strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash va siyosiy muloqotni taʼminlash maqsadida ikki davlat oʻrtasida muntazam ravishda oliy darajadagi oʻzaro tashriflar amalga oshirilayotgani alohida taʼkidlangan.

Jumladan, 2018-yili Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga buyurgan davlat tashrifi chogʻida ikki davlat oʻrtasida 17 ta bitimlar imzolangani yodga olingan.

“Oliy darajadagi almashuvlar haqida soʻz borganda, 2020-yil 11-dekabr kuni Bosh vazir Narendra Modi va Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻrtasida boʻlib oʻtgan virtual sammitni alohida taʼkidlash lozim, deb yozadi “News on Air”. Sammit davomida tomonlar ikki tomonlama ustuvor masalalarni, jumladan, siyosat, xavfsizlik, koinot, taʼlim, rivojlanish loyihalari va mintaqaviy muammolar, shu jumladan Afgʻonistondagi vaziyatni muhokama qildilar. Bosh vazir Narendra Modi va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻrtasidagi virtual sammit doirasida iqtisodiyot, innovatsiyalar, moliyaviy-texnik koʻmak, bojxona ishi va savdoni texnik tartibga solish, kadrlar tayyorlash va qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishga doir qator ikki tomonlama hujjatlarga imzo chekildi”.

Yuqoridagilardan tashqari, ushbu maqolada mamlakatlarimizning pandemiyaga qarshi kurashda ham faol hamkorlik qilayotganini tasdiqlaydigan muhim dalil va raqamlar oʻquvchilarning eʼtiboriga havola etilgan.