Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha Hukumatlararo qoʻmita (NMMMHQ) aʼzoligiga Oʻzbekiston nomzodini ilgari surish doirasida 2022-2026-yillarda Oʻzbekistonning mamlakatdagi boy nomoddiy madaniy merosni saqlash va koʻpaytirishiga doir saʼy-harakatlari taqdimoti oʻtkazildi. Madaniyatni rivojlantirish masalasi shaxsan Oʻzbekiston Prezidentining diqqat markazida boʻlib, soʻnggi yillarda hukumat tomonidan bu yoʻnalishda qabul qilingan qarorlar shundan dalolat beradi.

2019-yilning avgustida Samarqand shahrida UNESCO bosh direktori Odri Azule ishtirokida Modiy va nomoddiy madaniy merosni saqlashga doir xalqaro anjumanining oʻtkazilishi yana bir yaqqol misol boʻlib xizmat qiladi. UNESCO shafeligida nomoddiy madaniy merosni ommalashtirishga yoʻnaltirilgan tadbirlar (“Sharq taronalari”, “Maqom” va “Baxshi” musiqiy festivallari)ning oʻtkazilishida doimiy koʻmak uchun - UNESCO kotibiyatiga, shuningdek Oʻzbekiston elementlarini, jumladan 2019-yilda Xorazm lazgisini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritishga doir saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaganlik uchun NMMMHQga minnatdorchilik bildirildi.

Oʻzbekiston tomondan baxshichilik sanʼatining UNESCO Reprezentativ roʻyxatiga qoʻshilishida tashkilotga aʼzo davlatlarning qoʻllab-quvvatlashiga umid bildirayotgani taʼkidlandi. Oʻzbekistonning 2003-yildagi Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish konvensiyasini bajarishga qatʼiy sodiqligi tasdiqlandi.

Shuningdek, nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish va targʻib qilish sohasida, shu jumladan mamlakatning salohiyatini mustahkamlash dasturlari va taʼlim sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda hamda ushbu sektorga innovatsion texnologiyalarni joriy etishda UNESCO bilan hamkorlikni kengaytirishga Respublika tomonidan qiziqish bildirildi.