Universal bilim — yuksalish poydevori

    Mintaqamiz mutafakkirlari yuksak akademik mobillikni namoyish etib, Sharq va Evropa xalqlarining moddiy-ma'naviy madaniyati yutuqlari o'zaro almashinuvida muhim rol` o'ynagan.

    Markaziy Osiyo yuz yillar davomida Osiyo va Evropa o'rtasidagi savdo-sotiq, iqtisodiy va madaniy aloqalarni o'zaro bog'lovchi markaz hamda Buyuk ipak yo'lidagi asosiy chorraha bo'lib kelgan. AQSHlik olim Frederik Starrning ta'kidlashicha, yuz yillar davomida “Markaziy Osiyo dunyoning intellektual markazi hisoblanar edi”. Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi dunyoga ma'lum va mashhur allomalarimiz insonparvarlik va ma'rifat tamoyillariga asoslangan holda umumbashariy jamiyat va davlat taraqqiyoti g'oyalarini ilgari surgan. Nemis olimi Adam Metsning fikricha, Markaziy Osiyoda falsafiy Renessans davri bo'lmaganda edi, Evropada klassik insonparvarlik Renessans davri yuzaga kelmas edi. Mazkur ekspertlar qarashlari taraqqiyot bir tomonlama shakllangani haqidagi tamoyillarga, hech shubhasiz, mos kelmaydi hamda dunyoning turli mintaqalaridagi tarixiy jarayonlar birligi va o'zaro bog'liqligi haqidagi asosiy fikrni mustahkamlaydi.

    Mintaqamiz mutafakkirlari yuksak akademik mobillikni namoyish etib, Sharq va Evropa xalqlarining moddiy-ma'naviy madaniyati yutuqlari o'zaro almashinuvida muhim rol` o'ynagan. Masalan, Abu Rayhon Beruniy deyarli barcha fan mutaxassislari bilan matematika va astronomiyadan tortib she'riyat va tarixgacha chuqur ilmiy bahs yuritar edi. U Amerika qit'asining mavjudligi haqida hudud kashf qilinishidan 500 yil oldin bashorat etgan. Beruniy arab, fors, lotin, so'g'd, sanskrit, qadimgi yahudiy, grek va boshqa tillarni mukammal bilar edi hamda bu keng bilim asosida birinchilardan bo'lib jahon tarixi konsepsiyasini yaratdi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti O'qituvchi va murabbiylar kuniga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Biz keng ko'lamli demokratik o'zgarishlar, jumladan, ta'lim islohotlari orqali O'zbekistonda yangi Renessans poydevorini yaratishni o'zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik”, deya ta'kidladi. Antik davrda Yunonistonda yongan ilm mash'alasi IX–XII asrlarda Markaziy Osiyo hududida birinchi Renessans davri sifatida qayta porlagan paytda umumbashariy taraqqiyot rivojiga katta hissa qo'shgan bir guruh fan daholari paydo bo'ldi.

    Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ijtimoiy-gumanitar fanlar rivoji olg'a siljidi, biroq chet tillarni yaxshi biladigan mutaxassislar etishmovchiligi, xorijiy nashrlar hajmining chegaralangani kabilar rivojlanish jarayoniga to'sqinlik qildi. Hozir ham shu kabi kamchiliklar ilm-fanimizning jahonga integrasiyalashuviga xalal bermoqda. Shu ma'noda, O'zbekiston rahbari ulug' ma'rifatparvar Mahmudxo'ja Behbudiyning “Biz uchun ikki emas, to'rt tilni bilish zarur”, degan so'zlarini bejiz keltirmadi. Bu chaqiriq hozir ham o'z dolzarbligini yo'qotgani yo'q.

    Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi zamonaviy ilm-fan va ta'lim oldida XXI asrda milliy rivojlanish uchun jamiyatning savodxonlik darajasini oshirishda kerak bo'ladigan shart-sharoitlarni yaratish vazifasi turibdi. Bu o'rinda tarixiy merosimiz bilan birga jahon tajribasini ham inobatga olish lozim. Buyuk Britaniyaning Kembrij va London universitetlari, AQSHning Vashington, Jorjiya va Jon Hopkins universitetlari, Niderlandiyaning Leyden universiteti, Germaniyaning Gissin, Belifild va Passau universitetlari, Yaponiyaning Xokkaydo universiteti, Hindistonning J.Neru nomidagi universiteti, Rossiyaning M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Fransiyaning CERCEC CNRS-EHESS, Xitoyning Shanxay va Lan`chjou universitetlari kabi xorijiy oliy ta'lim muassasalari boy an'ana va dunyo tan olgan nufuzga ega. Mamlakatimiz ta'lim tizimida ularning boy va ilg'or tajribasidan foydalanish, ilmiy izlanishlar olib borish hamda boshqaruvda zamonaviy usulni qo'llash foydadan xoli bo'lmaydi. Zero, mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalari oldida jahon universitetlari reytingidan joy olish, ilmiy muassasalarga esa fanlararo to'siqlarni engish vazifasi turibdi.

    Asrlar davomida zaminimizda turli madaniyat va tsivilizatsiyalarning birlashib ketishi hamda taraqqiyoti jahonga bebaho madaniy tarixiy meros qoldirdi. Shak-shubhasiz, yuksak darajadagi ilm-fan va ta'lim mamlakatimiz kelajagining muhim asosi hisoblanadi. Fanlarni tizimli o'rganishni tashkil etish, yosh avlodga o'tmish va hozirgi zamondagi sohalarning eng yaxshi an'analarini etkazish hamda ijobiy dunyoqarashni shakllantirish — bugungi kunning muhim talabi. Bularning barchasi O'zbekiston taraqqiyoti uchun resurslarning keng ko'lamli harakati, xorijiy hamkasblarning tajriba va bilimi, yangi innovasion yondashuv hamda zamonaviy universal va jozibador akademik muhitni yaratishni talab qiladi.

    Mirzohid RAHIMOV,

    O'zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo'yicha

    muvofiqlashtiruvchi metodik markaz bo'lim boshlig'i,

    tarix fanlari doktori, professor