Universiada sport oʻyinlari dasturidan joy olgan belbogʻli kurash boʻyicha 18-19-fevral kunlari Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida boʻlib oʻtgan respublika final bosqichida eng kuchli va iqtidorli sportchilar saralandi.
Musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan 98 sportchi-talaba 55, 60, 66, 73, 81, 90, +90 kg. vazn toifasida gʻoliblik uchun bellashdi. Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi, Toshkent viloyati yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi hamda Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi hamkorligida yuqori saviyada tashkil etilgan musobaqaning barcha vazn toifalari boʻyicha gʻolib va sovrindor sportchilar nomi aniqlandi.
Jumladan, 55 kg. vazn toifasida Asomiddin Zokirjonov (Toshkent viloyati), 60 kg. vazn toifasida Kamron Ortiqov (Toshkent viloyati), 66 kg. vazn toifasida Azizbek Azimjonov (Fargʻona viloyati), 73 kg. vazn toifasida Samandar Anvarov (Fargʻona viloyati), 81 kg. vazn toifasida Mavlonbek Mirkomilov (Andijon viloyati), 90 kg. vazn toifasida Bekzod Abdurahmonov (Toshkent viloyati), +90 kg. vazn toifasida Ilyosbek Ortiqjonov (Toshkent viloyati) birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Umumjamoa hisobida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining talabalaridan iborat Toshkent viloyati jamoasi faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Ikkinchi oʻrinni Fargʻona viloyati talabalari qoʻlga kiritgan boʻlsa, uchinchi oʻrin namanganlik talaba-sportchilarga nasib etdi.
Bellashuvlar yakuniga yetgach, gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Gʻolib va sovrindor sportchi-talabalar diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.
Taqdirlash marosimida Toshkent viloyati yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi boshligʻi Rustam Boboqulov, Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Oʻzbekiston talablar sporti assotsiatsiyasi sport boʻlimi boshligʻi Gʻolibjon Ibodov ishtirok etdi.
Ilhom Rahmonov.