Universitet binosi devorida yoriq paydo boʼldi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Oʼzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti oʼquv binosining devorida yoriq yuzaga kelgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan universitet Matbuot xizmati munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, ushbu yoriq eski va yangi bino orasidagi chok boʼlib, universitet binosidagi taʼmirlash ishlari vaqtida qurilish uskunalarining ishlatilishi natijasida yuzaga kelgan.

    "Quruvchilar tilida bu issiq va sovuq taʼsirida doimiy harakatda boʼluvchi ikki bino orasidagi chokdir. Mutaxassislar tilida bu "Temperaturnыy shov" deyiladi. Bu holatning binoning choʼkishiga aloqasi yoʼq. Chunki eski va yangi binolarning poydevori ham bir-biridan alohida", deyiladi xabarda.

    Yoriqning kelib chiqishi va bino devoridagi yoriq xavfining darajasini tegishli tartibda oʼrganish maqsadida mutaxassislar jalb qilingan.

    Shuningdek, holat Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi sohasida nazorat inspektsiyasi xodimlari tomonidan oʼrganilmoqda.