Yillar davomida tejab, uy olaman, deya pul yiqqan yurtdoshlarimiz uy-joy xarid qilishda turli muammolarga duch kelsa alam qilishi tayin. Bugun Samarqand viloyati Urgut tumanida yuz bergan shunday holatlarga toʻxtalib oʻtsak.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga kelib tushgan murojaatlar Urgut tumani isteʼmolchilar jamiyatiga joʻnatilgan. Murojaatchilardan biri, Urgut tumanida yashovchi M.Ahmedova “Movarounnahr Buldings” MCHJdan norozi boʻlgan. U tumanning Navoiy shohkoʻchasidagi 98-uydan xonadon xarid qilish uchun 19 million soʻm toʻlagan, ammo qurilish korxonasi anchadan buyon yangi uyni foydalanishga topshirmagan.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati aʼzolari “Movarounnahr Buldings” MCHJ rahbari va xodimlari bilan qonuniy tushuntirish ishlari olib borgach, qurilish korxonasidan M.Ahmedovaning 19 000 000 soʻm puli undirib berildi.

“Movarounnahr Buldings” MCHJdan norozi boʻlib yana bir urgutlik N.Tolibova ham Urgut tumani isteʼmolchilar huqularini himoya qilish jamiyatiga ariza yozgan. Unga koʻra, ushbu fuqaro ham yangi uy xaridi uchun 43 700 000 soʻm toʻlagan.

N.Tolibovaning ham arizasi oʻrganilib, muammo joyida bartaraf etildi. Isteʼmolchining uy sotib olish uchun toʻlagan, sarson boʻlib ololmay yurgan 43 700 000 soʻmi ham qaytarib berildi.

Gulnoza SHARAFOVA,

jurnalist