2022-yildan buyon Samarqand arxeologiya instituti Urgut tumani Joʻraptepa qishlogʻi yonidagi Qoʻrgʻontepa yodgorligida arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda. Yaqinda mazkur tadqiqotlar davomida Sugʻd madaniyatiga oid ibodatxona topildi.
Alisher Sandiboyevning aytishicha, ibodatxona ilk oʻrta asrlarga tegishli boʻlib, uning tarhi toʻgʻri toʻrtburchak shaklda va devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan.
"Ibodatxona devorlarining saqlanib qolgan balandligi 3 metrni tashkil etadi va unda 5 ta eshik mavjud. Devorlarda yuzi ovalsimon va quloqlari zebu-ziynatlarga boy maʼbudaning tasvirlari saqlanib qolgan. Bu tasvirlarda qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklida boʻlgan toj ham koʻzga tashlanadi. Shuningdek, ibodatxona devorlaridagi surat parchalarida turli personaj tasvirlari ham uchraydi, bu esa ibodatxonada bir nechta iloh tasvirlanganini koʻrsatadi.
Ibodatxona devorlarida tokchalar ham mavjud boʻlib, ulardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qoʻl va oyoq qismlari topilgan. Arxeologlar bu ibodatxona VII-VIII asrlarda faoliyat koʻrsatgan, lekin 712-yilda arablar Samarqandga yurish qilganida yoqib yuborilganini taxmin qilishmoqda.
Islomgacha boʻlgan davrga tegishli devoriy surat va haykaltaroshlik namunalari Oʻzbekistonda bir necha oʻn yillikda aniqlanmagan edi, shu sababli Qoʻrgʻontepada topilgan bu sanʼat asarlari katta ahamiyatga ega. Hozirda qazuv ishlari davom etmoqda, devoriy suratlarni saqlash va nusxa koʻchirish ishlari olib borilmoqda", — deydi u.
Mutaxassisning takliflaricha, Urgut tumanida Madaniy meros agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi Urgut tumani boʻlimini tashkil etishni taklif qildi. Unga koʻra, bu taklif amalga oshirilsa tuman hududidagi 200 dan ortiq madaniy meros obidalarini oʻrganish va fotosuratga olish ishlari osonlashadi.
Ikkinchi taklif — tumanda muzey tashkil etish. Bu muzey osori atiqalarni aholi va xorijliklarga tanishtirish, hamda turizmni rivojlantirish uchun muhim. Muzeyda qadimiy Urgut tarixiga oid ashyolar saqlanib, ilmiy oʻrganiladi va namoyish etiladi. Shu bilan birga, ilmiy tadqiqot ishlarini muvofiqlashtiruvchi ilmiy markaz sifatida ham xizmat qiladi.
Sandiboyevning fikricha, muzey tashkil etish uchun asoslar va materiallar mavjud boʻlib, arxeologik yodgorliklarda topilgan ashyolar muzey fondini boyitib boradi.