Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan “Omonqoʻton” milliy tabiat bogʻiga bir necha nomaʼlum shaxs bolalar dam olish oromgohi orqali noqonuniy tarzda kirib, maxsus texnikalar yordamida qazish ishlarini amalga oshirgani aks etgan xabar tarqaldi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tezkor ishchi guruhi tomonidan holat oʻrganildi. Natijada qonunbuzarlar tomonidan bogʻ hududida texnikalar yordamida tekislash, kovlash ishlari olib borilgani va “Omonqoʻton” milliy tabiat bogʻiga tegishli boʻlgan 869 metr/kvadrat maydonda “Taxti Qoracha” dovoni bilan bogʻlovchi yoʻl hosil qilingani maʼlum boʻldi.

Buning oqibatida yoʻlda mavjud boʻlgan 7 turdagi jami 64 tup daraxt va butalarga zarar yetkazilgan, shundan 27 tup daraxt va butalar tag qismidan kesilgan yoki qoʻporib olingan, qolgan 37 tup daraxt va butalar esa oʻsishdan toʻxtamaydigan darajada shikastlangan. Oʻsimlik dunyosiga 67 mln 726 ming soʻm miqdorda zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, hududda olib borilgan yoʻl solish ishlari natijasida jami 2296 metr/kvadrat yer maydonida mavjud Qizil kitobga kiritilgan, kamyob, kamayib borayotgan va noyob tur hisoblangan 12 turdagi 2 ming 591 tup oʻsimliklar payxon qilinib, tabiatga 1 mlrd 48 mln soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

Umumiy hisobda tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 1 mlrd 115 mln soʻmni tashkil etmoqda.

Ish yuzasidan toʻplangan hujjatlar tegishli chora koʻrish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborilgan.