Ursula fon der Lyayenning partiyasi Yevroparlament saylovlarida birinchi o'rinni egalladi

    Yevropa Komissiyasining amaldagi rahbari Ursula fon der Lyayen a'zo bo'lgan Yevropa xalq partiyasi Yevroparlamentga o'tkazilgan saylovlarda birinchi o'rinni egalladi.

    Saylovning dastlabki natijalarini Bryusselda Yevroparlament matbuot xizmati e'lon qildi.

    Uning ma'lumotlariga ko'ra, Yevropa xalq partiyasi o'z ustunligini saqlab qolgan holda Yevroparlamentda 181 o'rin oldi. Ikkinchi o'rin (135 o'rin) sotsialistlar va demokratlarga, uchinchi o'rin “Yangi Yevropa” partiyasiga nasib etdi.

    2024 – 2029-yillar uchun Yevroparlamentga saylovlar 6 – 9-iyun kunlari Yevropa Ittifoqining barcha davlatlarida bo'lib o'tdi. Ovoz berish har bir davlatning milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshirildi: Niderlandiya 6-iyunda, Irlandiya va Chexiya 7-iyunda, Italiya, Latviya, Malta, Slovakiya 8-iyunda, ko'pchilik hamjamiyat mamlakatlari 9-iyun kuni ovoz berdi, deb xabar beradi tass.ru.