“Agar shogird shayxulislom, agar qozidur, agar ustoz rozi — Tangri rozidur”, deydi Alisher Navoiy hazratlari. Haqiqatan, koʻz nuri va qalb qoʻrini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bagʻishlagan, bir soʻz bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kuni — poydevorini yaratayotgan bu insonlarning olijanob mehnatiga har qancha tahsin aytsak oz.

Uchinchi Renessansning poydevori

Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy salohiyati taʼlim tizimi qay darajada rivojlangani bilan belgilanadi. Tizimdagi islohotlarning muvaffaqiyati koʻp jihatdan oʻqituvchi va murabbiylarga bogʻliq. Shu sababli mamlakatimizda oʻqituvchilar mehnatini qadrlab, ularga har jihatdan gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. Jumladan, yurtimizda taʼlim tizimini jahon andazalari asosida isloh qilish, yangi ilm maskanlari qurish, ularni zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Inson kapitaliga sarmoya kiritish, taʼlimni isloh qilish, bilim dargohlari infratuzilmasini takomillashtirish, oʻqituvchilik kasbining mavqeini va taʼlim sifatini oshirish, farzandlarimizni har jihatdan yetuk, intellektual salohiyatli, ertangi kunimiz suyanchi va tayanchi boʻla oladigan insonlar sifatida kamol toptirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Buning ifodasini sohada zamonaviy pedagogik texnologiyalar, rivojlangan davlatlar tajribasi keng qoʻllanayotgani, taʼlim-tarbiya jarayoni innovatsion yondashuvlar asosida olib borilayotgani, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, multimedia vositalaridan oqilona foydalanilayotgani, xalqaro miqyosda ham taʼlim va tajriba almashuv jarayoni izchil rivojlanib borayotgani kabi istiqbolli odimlarda yaqqol koʻrish mumkin. Insoniyat rivoji, xalq, millat ravnaqi, maʼnaviy takomili va yuksalishi ilmu maʼrifatning yuqori choʻqqiga yetganidan dalolatdir.

Bu esa oʻsha millat, xalq, davlat va jamiyat tamaddunining yuksak darajasini belgilovchi muhim mezon. Inchunin, yuksak tamaddunga ega millatning ildizi maʼrifat chashmasiga toʻyingan, tanasi bilim, mevasi esa yetuklik, barkamollik, komillikdir. Oʻzbek xalqi ana shunday maʼrifat chashmasidan oziqlangan, ildizi baquvvat, tarixda bir nechta renessans davrini boshlab bergan va dunyo tamadduniga koʻplab daholarni yetishtirgan millat. Vatan ravnaqiga hissa qoʻshadigan shunday kadrlarni kim tarbiyalaydi? Kim yurt kelajagi boʻlgan yosh avlod vakillariga saboq berib, ularni ilm-fan choʻqqilarini zabt etishga yoʻnaltiradi? Oʻqituvchi va murabbiylar, albatta.

Biz umrimizni shunday sharafli kasb egasi sifatida oʻtkazayotganimizdan mamnunmiz. Buyuk mutafakkir Abdulla Avloniy yoshlarni bejiz idishda turgan suvga qiyoslamagan. Suv qaysi rang va qanday hajmdagi idishda turganiga qarab xuddi shu tusda tovlanadi. Bu haqiqat hozirga qadar oʻz mohiyatini saqlab kelmoqda. Biz yosh avlodga qanday taʼlim bersak, ularni qanday tarbiyalasak, ular bizga mehnatimiz natijasini koʻrsatadi. Shu bilan birga, mamlakatimizda yangi sifat bosqichidagi taʼlim maskanlari, xususan, yangi xususiy oliy taʼlim muassasalari ochildi.

Yangi formatdagi mazkur oʻquv muassasalarini tashkil etishdan maqsad ilgʻor texnologiyalarni taʼlim jarayoniga keng tatbiq etgan holda bilim borasida dunyo yoshlari bilan raqobatga kirisha oladigan, yetuk kadrlarni shakllantirishdan iborat. Xususiy OTMlar tashkil etilgani davlat tasarrufidagi oliygohlar bilan sogʻlom raqobat muhitini paydo qilmoqda. Endi har bir OTM oʻz nufuzini saqlab qolish, iqtidorli yoshlarni taʼlim muassasalariga jalb etish, salohiyatini yaxshilashga intilmoqda.

Oliy taʼlim muassasalari nufuzi esa koʻp jihatdan oʻsha taʼlim muassasasida faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilarning tajribasiga bogʻliq. Raqobat maydonida har bir OTM oʻziga eng yaxshi mutaxassislarni jalb etishni istaydi. Endi sohasining yetuk mutaxassisi boʻlgan oʻqituvchilarda tanlash imkoniyati kengaydi. Bunday sharoitda barcha universitetlar oʻz maqomini saqlab qolish va yanada baland marralarni zabt etish uchun kurashadi.

Yoshlarga taʼlim va tarbiya berish bilan birga egallagan bilimlarini korporativ hamkorlikda bevosita ishlab chiqarish korxonalari bilan bogʻlashda murakkab vazifalarini hal etish taʼlim beruvchining gʻoyaviy eʼtiqodi, kasbiy mahorati, sanʼati, isteʼdodi va madaniyatiga bogʻliq.

Shogirdning zafari — ustozning sharafi

Ustozlarni ulugʻlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan. Bugun mamlakatimizda taʼlim islohotlarining uzviy qismi boʻlgan oʻqituvchilar mehnatini ragʻbatlantirishga oid namunali ishlar jahonning koʻplab davlatlari tomonidan yuksak baholanib, mustaqillik yillarida toʻplangan boy va ilgʻor maʼrifiy tajriba sifatida oʻrganilayotir. Oʻqituvchilarning kasb bayrami arafasida yoshlarimizni Vatanga muhabbat, sadoqat, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalayotgan, ustozlik kasbida halol va samarali ish olib borayotgan ilgʻor pedagoglar davlatimizning yuksak unvon va mukofotlari bilan taqdirlanishi ham buning amaliy tasdigʻidir.

Yurtimizda Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi faxriy unvonlariga sazovor boʻlgan, orden va medallar bilan taqdirlangan murabbiylar safi yildan-yilga kengaymoqda. Safdoshlarimizning bunday yuksak ehtiromga muyassar boʻlayotgani gʻoyat quvonarli. Qariyb qirq yildan beri taʼlim sohasida faoliyat yurityapman. Oʻtgan yillarda ustozlikning mashaqqati, sharafi, masʼuliyati va ulugʻligini his etdim.

Ish faoliyatimning koʻp yili oliy taʼlim sohasida oʻtdi. Shu asnoda ustozlarning shogirdlar taʼlimi, tahsili, kelajagi uchun naqadar kuyunchak ekanini koʻrdim va angladim. Shogirdlik kezlarimda ustozlarim menga hech bir nasihatni behuda aytmaganini, biz, shogirdlarga mehri behad boʻlganini tushundim. Yoshlar — shogirdlar ustozidan ulgi oladi. Murabbiylar yosh nihol bogʻboni yangligʻ oʻquvchi-talabalarining toʻgʻri oʻsib-unishiga masʼuldir. Aslida ilmfanning, millatning, yurtning istiqboli shu oddiy muallimlarning kamtarona va buyuk xizmatiga uzviy bogʻliq.

Ota-ona farzandining zafaridan qancha quvonsa, ustozlar har bir shogirdining muvaffaqiyatidan shuncha faxr tuyadi. Shuning uchun ham ustoz otadek ulugʻ, deydilar. Bu hikmatning davomi oʻlaroq, shogird farzanddek aziz, degan boʻlardim. Shogirdlarining jamiyatda munosib oʻrin egallashi, elga nafi tegadigan inson boʻlishi ustozning qaddini tik, qalbini shod qiladi.

Inson maʼnaviy dunyosining meʼmori

Muallimlik hunar emas, balki bolaning ichki dunyosi va shaxsiy fazilatlarini rivojlantirish qonuniyatini chuqur bilishni talab qiladigan sanʼatdir. Ustoz bir tomondan, yuksak bilimli, ikkinchi tomondan esa axloqiy va maʼnaviy pok odam boʻlishi kerak. Uning eng katta burchi yurt ravnaqiga munosib hissa qoʻsha oladigan, aqlidrokli, fahm-farosatli va qobiliyatli shogirdlar tayyorlashdan iborat. Yaxshi pedagog boʻlish uchun bilimning oʻzi kamlik qiladi. Kasbiy salohiyatli, maʼnaviy barkamol, keng dunyoqarash va sogʻlom fikrga ega muallimlarni tayyorlashda pedagogik taʼlim yoʻnalishi mavjud OTMlar zimmasida katta vazifalar bor.

Oʻzbekiston Prezidentining shu yil 11-maydagi “2022-2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida pedagogik taʼlim yoʻnalishlarining kunduzgi taʼlim shaklida tahsil oluvchi 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlari “4+2” tartibida, shu jumladan, darslarning 4 kuni oliy taʼlim muassasasida, 2 kuni umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida amaliyot oʻtash tartibida olib borilishi belgilangan.

Bu esa pedagog-talabalarning tajriba maydonida koʻp vaqt oʻtkazishi, maktab muhitiga moslashishi, oʻqituvchilik kasbining sir-asrorini yaxshiroq oʻzlashtirishi yoʻlida katta va jiddiy qadamdir. Bu dastur taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi tizimi asosida yaratilgan klasterli yondashuvlarga asoslangan innovatsion jarayon. Bunda har bir taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tegishli mutaxassislik fanlaridan amaliy mashgʻulotlar toʻliq tanlangan ishlab chiqarish korxonalari, tashkilotlar va muassasalar bazasida oʻtkaziladi.

Tizim shunga asoslanganki, oʻquv mashgʻulotlari (maʼruzalar, oʻquv laboratoriyalari) 4 kun universitet auditoriyalarida, amaliy mashgʻulotlar haftaning 2 kuni davomida maktab va boshqa taʼlim muassasalari bazasida oʻtkaziladi. Bu tizim talabalarga tanlagan mutaxassisligi boʻyicha 4 yil davomida yuqori malakali kadr boʻlishi, ishlab chiqarishdagi muammolar va ularning yechimi boʻyicha tegishli tasavvurga ega boʻlish imkonini beradi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida ham pedagog-filologlar tayyorlanadi.

Bitiruvchilarimiz maktab, litsey, kollej va texnikumlarda, OTMlarda aynan ona tili va adabiyot, oʻzbek tili fanidan dars beradi, maʼnaviyat targʻibotchilari, millatparvar va vatanparvar avlod tarbiyachilari sifatida faoliyat yuritadi. Biz mana shu ijtimoiy javobgarlikni yuksak darajada his etishga qodir kadrlar tayyorlash eng oliy burchimiz ekanini yodda tutgan holda ishlayapmiz. Boʻlgʻusi pedagoglarni nazariy bilimlar va amaliyot uygʻunligida tayyorlash yaxshi samara berishi shubhasiz. Oʻqituvchi zimmasiga hayot talablariga toʻla javob beradigan, oʻz zamoniga munosib kishilarni tarbiyalashdek masʼuliyatli vazifa yuklangan. Quyosh oʻz nuri bilan butun tabiat, borliqni jonlantirgani kabi oʻqituvchi, murabbiy ham bor mahorati, ilmi orqali oʻquvchi-yoshlar qalbini ilm ziyosi orqali toʻldirishga ahd qilgan buyuk kasb egasidir.

Amaliyot davomida talabalarimiz bu hayotiy falsafani chuqur anglab yetadi va faoliyatida chinakam quyoshga aylanadi, deb umid qilaman. Ustoz — inson maʼnaviy dunyosining meʼmori, jamiyatning ishonchli, eng muhim kishisi. Xalq muallimlarga oʻz kelajagini — farzandlarini ishonib topshiradi. Oʻqituvchilik insondan doimiy ijodkorlikni, tinimsiz fikrlash, bagʻrikenglik, kasbga sadoqatni talab qiladi. Murabbiy yosh avlodni tarbiyalashdagi fidokorona mehnati bilan xalqning hurmatini qozonadi.

Ustoz oʻz shogirdlarida ilmiy dunyoqarashni, yuksak axloqiy-siyosiy fazilatlarni, mehnatsevarlikni, Vatanimizning gullabyashnashi va xavfsizligi uchun tarixiy javobgarlik tuygʻusini shakllantirish borasidagi ishlarga munosib hissa qoʻshadi. Bugun shunday shukuhli sana oldidan barcha ustoz va murabbiylarga bir shogird, bir ota, bir hamkasb va bir yurtdosh sifatida rahmat aytaman. Ayyomingiz muborak boʻlsin, aziz ustozlar!