Yevropa Ittifoqining “Promhouse” loyihasi doirasida Qozog'iston Respublikasining Olmaota shahrida professional boshqaruv servis kompaniyalari vakillari, kommunal sohada kadrlarni tayyorlovchi mutaxassislar hamda qator mutasaddi tashkilotlar mas'ullari uchun xalqaro anjuman o'z ishini boshladi. Bu haqida O'zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi xabar bermoqda.
Mazkur loyiha O'zbekiston va Qozog'istonda uy-joy fondi boshqaruvini takomillashtirishni nazarda tutgan bulib, ko'chmas mulk menejerlarini tayyorlashda professional ta'limni joriy etishni maqsad qilgan.
Tadbirlar avvalida O'zbekiston va Qozog'iston uy-joy sektorlari uyushmalari o'rtasida davra suhbati o'tkazildi. Unda ko'p qavatli uylar boshqaruvi tizimini rivojlantirish, bunda kasb-hunar ta'limini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Xususan, o'quv dargohlariga o'qituvchilarni tayyorlashda treninglar hamda dual ta'limni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur davra suhbati ko'p qavatli uylarni saqlash va boshqarishning zamonaviy modellari, yechimini kutayotgan masalalar, sohadagi yangi tendentsiyalar va ularning ahamiyati mavzulariga bag'ishlandi. Shuningdek, ikki mamlakatning uy-joy fondini professional boshqarishdagi tajribasi, o'ziga xosliklari muhokama qilindi.
— Ko'p qavatli uylarga samarali faoliyat ko'rsatishning asosi ta'lim tizimini rivojlantirishdir, — deya ta'kidladi Qozog'iston Uy-joy islohoti qo'mitasi rahbari Arkadiy Rubtsov. — 10 yillik tajribamdan kelib chiqqan holda, kadrlarni mutaxassislik bo'yicha o'qitmasdan turib, katta natijalarga erishib bo'lmasligini ta'kidlamoqchiman. Shuningdek, umumfoydalanish ob'ektlarini saqlashda aholi dahldorligini oshirish, bu bo'yicha tizimli ishlarni olib borish zarur.
O'zbekiston professional boshqaruv tashkilotlari uyushmasi ijrochi direktori Rahima Ortiqova ham so'zga chiqib, mamlakatimizda ko'p qavatli uylarni boshqarishni muvofiqlashtiruvchi qonun hujjatlari, sohadagi islohotlar, amalga oshirilayotgan ishlar bo'yicha axborot berdi.
Uchrashuvning munozara qismida tomonlar sohaga doir o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, shuningdek, mavjud muammolarga samarali yechim topish masalalarini muhokama qildilar. Unda boshqaruv tashkilotlarining aholi oldida nafaqat moddiy, balki faoliyat doirasidagi hisobdorligini oshirish lozimligi ta'kidlandi.
Shuningdek, housemaster (uy ustasi)ning uy-joy fondini boshqarish sohasidagi o'rni, sohani takomillashtirishdagi yangi xorijiy tajribalar tahlil qilindi. Uchrashuv so'ngida O'zbekiston va Qozog'iston boshqaruvchi tashkilotari uyushmalari o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.