Uy-joy ijara shartnomasi bir tomonlama oʻzgartirilmaydi va bekor qilinmaydi

    Ijtimoiy hayot 10 Oktabr 2022 2298

    Uy-joy ijarasi orqali koʻproq daromad olish maqsadida avval ijaraga berilgan kvartiralardan ijarachilarni majburlab chiqarib yuborish yoki asossiz ravishda narxni oshirish holati kuzatilmoqda.

    Soʻngi vaqtlarda mamlakatimizga xorijdan tashrif buyuruvchi fuqarolarning keskin koʻpayishi kuzatilmoqda. Xorijiy fuqarolar oqimining ortishi albatta turistik salohiyatimiz uchun ijobiy ahamiyat kasb etadi.

    Shu bilan birga bu jarayonda ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan uy-joy ijarasi orqali koʻproq daromad olish maqsadida avval ijaraga berilgan kvartiralardan ijarachilarni majburlab chiqarib yuborish yoki asossiz ravishda narxni oshirish holati kuzatilmoqda.

    Uy-joy egalarining ushbu harakatlari Fuqarolik kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlari talablarini buzilishiga sabab boʻlishi hamda kvartiralarni ijaraga berishning ayrim muhim huquqiy asoslari toʻgʻrisida eslatib oʻtmoqchimiz.

    Kvartirani ijagara berish boʻyicha shartnoma shakli

    Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi.

    Bunda shartnoma soliq organlarida davlat hisobiga qoʻyilishi kerak.

    Shartnomani davlat hisobiga qoʻyish ijara.soliq.uz portali orqali bepul amalga oshiriladi.

    Shartnomani davlat hisobiga qoʻyish ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi va bu shartnoma tuzilgan kundan 3 kundan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.

    Ijaraga beruvchi shartnomani davlat soliq organlarida hisobga qoʻymasa BHMning 5 baravaridan (1 mln 500 ming soʻmdan) 10 baravarigacha (3 mln soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Ijara shartnomasining muddati

    Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi 5 yildan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi.

    Shartnomada muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, u 5 yilga tuzilgan hisoblanadi.

    Ijaraga oluvchi yangi muddatga shartnoma tuzishda imtiyozli huquqqa ega boʻladi.

    Ijara uchun toʻlanadigan haq

    Ijara haqi miqdori ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining oʻzaro kelishuviga binoan shartnomada belgilab qoʻyiladi.

    Ijara haqining miqdori bir tomonlama oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Ijara puli shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda toʻlanishi kerak.

    Shartnomani bekor qilish

    Ijara shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi.

    Ijara shartnomasini ijaraga beruvchining talabi bilan bekor qilish muayyan asoslarga koʻra faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

    Bu asoslar jumlasiga quyidagilar kiradi:

    ▫️ijara puli olti oy yoki qisqa ijarada esa shartnomadagi muddatdan keyin 2-martadan koʻproq haq toʻlanmagan boʻlsa;

    ▫️uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur yetkazilsa;

    ▫️uy-joydan gʻayriqonuniy maqsadlar uchun foydalanilgan boʻlsa.

    Ijaraga oluvchi uy-joydan boshqa maqsadda foydalansa yoki qoʻshnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsa, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarlikka yoʻl qoʻymaslik haqida ogohlantirishi mumkin.

    Ijaraga oluvchi ogohlantirish olganlardan keyin ham qoidabuzarliklarni davom ettirsa, ijaraga beruvchi shartnomani sud tartibida bekor qilishga haqli.

    Yuqoridagilarga koʻra, shartnoma shartlarini bir tomonlama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Ijaraga beruvchilar tomonidan kvartiradan chiqib ketish yoki koʻproq haq toʻlashga oid noqonuniy talablar ustidan fuqarolik ishlar boʻyicha sudlarga murojaat qilish orqali buzilgan huquqlarni tiklash mumkin.

    Hujjatlarni, shu jumladan daʼvo arizasini rasmiylashtirish boʻyicha amaliy yordam olish uchun adliya organlariga hamda “Madad” NNT va uning hududiy byurolariga (+99871 256 52 53, advice.uz) murojaat qilishingiz mumkin. Adliya hujjatlarga yordam beradi!

    Hurmatli mulkdorlar! Oʻz manfaatlaringiz hisobiga boshqa shaxslarning huquq va manfaatlariga putur yetkazib qonunchilik talablarini buzmaslikka chaqiramiz.