Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Uy-joy kodeksi normalari nafaqat hozirgi zamon talablariga toʻliq javob berishi, balki kelgusidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni qamrab olishi zarur.

Kodeks bilan uy-joy sohasidagi munosabatlar tartibga solinib, uning fuqarolik qonunchiligi bilan chegarasi aniq belgilanadi.

Shuningdek, Qonunda turar joyga boʻlgan mulk huquqi barcha turdagi fuqarolik-huquqiy bitimlar orqali vujudga kelishi, turar joyga boʻlgan mulk huquqini amalga oshirish va u bilan bogʻliq cheklovlar nazarda tutiladi.

Jamoatchilik fikrlari va takliflari aks etgan mazkur Kodeksning hayotga tatbiq etilishi natijasida davlat va jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibi yanada takomillashtiriladi. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, davlatning uy-joy siyosati kabi bir qator masalalar oʻz yechimini topishi kutiladi.

Muhokama davomida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarning huquqlari himoya qilinishiga alohida eʼtibor qaratildi. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni hisobga olish va hisobdan chiqarish, hisobga olishni rad etish asoslari, turar joy masalalari boʻyicha komissiyalar faoliyati hamda ularni turar joy bilan taʼminlashga oid qoidalar aniq qilib belgilanishi zarurligi alohida qayd etildi.

Majlis yakunida ekspertlarning ushbu Qonun boʻyicha tavsiyalari tayyorlanib, Sud-huquq masalalar va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga taqdim etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.