Uy-joyni taʼmirlash uchun ipoteka kreditlari rasmiylashtirish boshlandi

    Ushbu ipoteka kreditini olish mumkin boʻlgan shaxslar bugundan boshlab online-mahalla.uz platformasi orqali ariza yuborishlari mumkin.

    Joriy yilning 21-oktyabrida Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga ipoteka kreditini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilingan edi.

    Ushbu hujjatga asosan, bugundan boshlab uy-joyni taʼmirlash uchun ipoteka kreditlari rasmiylashtirish boshlanadi.

    “Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash maqsadlari uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan toʻrt foiz bandga yuqori stavkada (17,5 foiz) 120 million soʻmgacha miqdorda 20-yilgacha muddatda ipoteka kreditlari ajratilishi belgilangan. Ushbu ipoteka kreditini olish mumkin boʻlgan shaxslar bugundan boshlab online-mahalla.uz platformasi orqali ariza yuborishlari mumkin.

    Mazkur ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz toʻlovlarining maʼlum bir qismini qoplash uchun kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya toʻlab beriladi.

    Joriy yilgi dastur doirasida ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 12 foizdan oshgan qismiga, 2025-yil va undan keyingi yillar dasturlari doirasidagi kreditlar boʻyicha esa – Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga toʻlanadi.

    Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 2024-yilgi dasturdan boshlab qatʼiy belgilangan 30 million soʻm miqdorida toʻlanadi.