Koʻpchilik ijara toʻlovlari, kundalik xarajatlardan orttirib mablagʻ toʻplay olmaydi. Axir uy-joy narxlari kichik summa emaski, bir necha oyda pul yigʻib olish mumkin boʻlsa.

Qurilish boʻlayotgan joydan oʻta turib, odamning koʻnglidan boshqacha hislar oʻtadi: bunyodkorlik ishlari koʻlami qancha kengayib, yurtimiz obod boʻlgani sari beixtiyor bundan quvonamiz. Ayniqsa, aholi uchun arzon uy-joylar qurilayotganini koʻrganimizda, shu joylar boshpanasiz odamlarga nasib qilsin, yaxshi kunlariga buyursin, deb xayoldan oʻtkazamiz.

Qurilish sohasi iqtisodiyotimizning drayver yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Oxirgi olti yilda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillardagiga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joy qurildi. Ammo baribir aholining uy-joyga ehtiyojini taminlash masalasi yildan yilga asosiy vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Chunki odamlar uyli, oʻzi va oilasi tinch-xotirjam yashashi uchun boshpanali boʻlsin, degan maqsad baridan ustunroq.

Turli dasturlar doirasida har bir hududda uy-joylar qad rostlamoqda. Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi yillarda mamlakatimizda 326 mingta yangi xonadon foydalanishga topshirilib, shuncha oila uy-joy bilan taʼminlandi. Yangi uy-joylar qurilishi va 2023-yilgi ipoteka dasturi boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan joriy yil 5-aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oʻtgan davrda yurtimizda uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi aholi jon boshiga 18 foiz oshgani, ammo bu yetarli koʻrsatkich emasligi taʼkidlandi. Chunki yurtimiz aholisi soni sezilarli tarzda ortishda davom etmoqda: oxirgi yillarda bu koʻrsatkich 5 million 500 ming nafarga oʻsib, 36 milliondan oshgani buning isboti. Demak, har bir hududda bu yoʻnalishdagi ishlarni faol davom ettirib, nafaqat uy-joy qurilishi koʻlamini kengaytirish, balki aholi talabiga mos arzon, sifatli, tejamkor xonadonlarni qurish, hamyonbop narxlardagi ipoteka dasturlarini joriy etish boʻyicha vazifalar ayni vaqtida belgilanmoqda. Prezidentimizning shu yil 13-apreldagi “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ham buning yana bir amaliy tasdigʻi.

Yangi tajriba oʻzini oqladi

Toshkent viloyati poytaxtimizga eng yaqin hudud. Bu yerda ham qurilishlar avjida. Ana shu qurilishlarning katta qismini esa aholimiz uchun bunyod etilayotgan uchun uy-joylar tashkil etyapti. Birgina 2021-2022-yillar davomida viloyatda 258 ta uy — 9 ming 432 ta xonadon qurilgani buning dalili.

Xususan, 77 ta koʻp qavatli uy tadbirkorlar tomonidan yangi tartib asosida qurilib, 3 ming 206 xonadon egalariga topshirilgan. Tahlililar ayni paytda viloyatda 24,2 ming kishining uy-joyga ehtiyojmandligi, 26,6 foiz oila kredit toʻlashga layoqatli ekanini koʻrsatmoqda. Aholining 52,7 foizini esa yoshlar tashkil etyapti. Bu ushbu hududda yangi turar joylarga talab yuqori ekanini koʻrsatadi.

Shunga yarasha qurilishlar koʻlami ham katta. Jumladan, Olmaliq va Chirchiq shaharlaridagi Yangi Oʻzbekiston massivlarida 44 ta koʻp qavatli uy qurilmoqda. Ochigʻi, bunday massivlarni yurtimiz sharoitidagi eng maqbul yechim, muqobili yoʻq tajriba deyish mumkin. Yodimizda, 2021-yil 9-dekabrda davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinib, ushbu zamonaviy turar joy binolarining qurilishi birinchilardan boʻlib Andijon shahri yaqinida boshlangan edi. Keyinchalik tajriba boshqa hududlarda ham ommalashtirildi. Qisqa vaqt ichida ular odamlar ishonchini oqlab, ushbu binolarda yashashga boʻlgan qiziqish yil sayin oshib bormoqda.

Yangi Oʻzbekiston massivlari — bu bir vaqtning oʻzida aholi yashash uylari, ijtimoiy soha obyektlari, zarur infratuzilmaga ega katta maydondagi turar joy majmuasidir. Bunday maskanda yashaydigan insonlar oʻz manzilidan uzoqlashmagan holda ishlash va barcha turdagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniga ega boʻladi. Yaʼni massivlarni shahar ichidagi kichik shaharlar, deyish mumkin. Hozir yurtimizning har bir viloyatida 2-3 tadan shunday massiv qurilyapti.

Piskent tumanida ham oʻtgan yili Yangi Oʻzbekiston massivi qurilishi boshlangan. 19 gektar maydonda bunyod etilayotgan massiv qariyb 2000 ta oilani uy-joy bilan taʼminlash imkonini beradi. Atrofda juda katta obodonlashtirish ishlari ham amalga oshirilyapti. Maktab, bogʻcha, savdo doʻkonlari, sport komplekslari qurilyapti. Massivdagi tayyor uy-joylar oʻz egalariga birin-ketin topshirilmoqda. Qolgan xonadonlar ham loyiha rejasi asosida 2025-yilgacha qurib bitkaziladi.

Ipoteka krediti olish imkoniyati kengaymoqda

Davlatimiz rahbari topshirigʻi bilan joriy yil mamlakatimizda yangi uy-joy qurish hajmlari 1,5 barobar oshirilishi, , imtiyozli shartlarda ipoteka krediti berish boʻyicha ikki yil oldin boshlangan amaliyot davom ettirilishi ehtiyojmand qatlam uchun ayni muddao boʻladi.

Toʻgʻri, uy-joy olish maqsadida yillab mablagʻ toʻplaydigan, ana shu pulga yaxshi niyatlar bilan uy xarid qiladiganlar oramizda koʻp. Ammo uyga ehtiyoji boʻla turib, bunga imkoniyati yetmaydigan oilalar ham yoʻq emas. Koʻpchilik ijara toʻlovlari, kundalik xarajatlardan orttirib mablagʻ toʻplay olmaydi. Axir uy-joy narxlari kichik summa emaski, bir necha oyda pul yigʻib olish mumkin boʻlsa.

Shu bois, soʻnggi yillarda yurtimizda har bir fuqaro oʻz uyiga ega boʻlsin, degan maqsadda arzon uy-joylar va koʻp kvartirali uylar qurish keskin jadallashdi, ipoteka tizimini qulaylashtirish choralari koʻrilmoqda. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlganlarga ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal yoki foizlarning bir qismini qoplash uchun davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalar toʻlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Xususan, birgina 2020—2022-yillar davomida yurtimiz boʻylab jami 27 800 fuqaroga boshlangʻich badalning bir qismini qoplash uchun 795,6 milliard soʻm va 38 ming 811 fuqaroga foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun 429,4 milliard soʻm subsidiya ajratilgani soʻzimiz isboti. Shuning ortidan koʻp yillardan buyon ijarama-ijara yashab, uy-joy olish niyatida yurgan minglab odamlarning orzu-istaklari roʻyobga chiqdi.

Prezidentimiz topshirigʻiga asosan, joriy yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” loyihasi bilan yangi ipoteka dasturi boshlanishi va dastur doirasida, avvalo, turar joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar qurilishi viloyat ahlini quvontirgan ezgu amallardan biri boʻldi. Zero, davlatimiz rahbari oʻtgan yili Toshkent viloyatiga tashrifi davomida mutasaddilarga hududda kelgusi yilda ehtiyojmand aholi uy-joy ipotekasi uchun 100 milliard soʻm subsidiya ajratilishini aytib, Zangiota tumanida Yangi Oʻzbekiston massivini qurish boʻyicha taklif kiritish, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron, Nurafshon va Yangiyoʻl shaharlarida avariya holatidagi 19 ta koʻp qavatli uyda yashovchilarni zamonaviy boshpana bilan taʼminlash chorasini koʻrish vazifalarini topshirgan edi. Ana shulardan kelib chiqib olib borilgan ishlar natijasida yangi tartibdagi uy-joylar qurilishi boʻyicha holat qanaqa, qanday muammolar mavjudligi, “Mening birinchi uyim” loyihasining qanday qulayliklari borligi koʻrib chiqildi.

Ochigʻi, hozirgi vaqtda uy-joy qurilishi va topshirilishida kechikishlar mavjudligi hech kimga sir emas. Bu qator omillar bilan bogʻliq. Masalan, elektron auksion orqali uy-joy qurilishiga yer maydoni yutib olgan tadbirkorlarga uylarni oʻz vaqtida topshirmagani uchun qonuniy chora koʻrish mexanizmi mavjud emas. Uy-joy qurish boʻyicha pudrat tashkilotlarining oxirgi yillarda qurilish ishlaridagi tajribasi ham elektron auksionda inobatga olinmaydi. Tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar 24—27 foiz stavkada ekani esa uy-joylar tannarxi oshib ketishiga sabab boʻlmoqda.

Bu masalalar yechimi baribir qurilish tannarxini pasaytirishga borib taqaladi. Yurtimizda qurilishlar borasida yaxshigina tajriba shakllanmoqda. Anʼanaviy qurilish materiallaridan voz kechilib, zamonaviy, energiya tejamkor, issiqlikni yaxshi ushlab qoluvchi, xullas, kamxarj uylar qurilishi ommalashib boryapti. Bu borada yanada qulayliklar yaratish maqsadida joriy yildan yogʻoch, fanera, yogʻochli opalubka va oynani import qilishda 2025-yilga qadar bojxona boji bekor qilinadigan boʻldi. Yuqori markali sement boʻyicha bojxona boji imtiyozi yana 1 yilga uzaytirildi. Shularning hisobiga uy-joy qurish tannarxi 5 foizgacha pasayadi.

Ipoteka krediti va subsidiya bilan koʻproq aholini qamrab olish maqsadida endilikda rasmiy daromadi yetarli boʻlmagan aholiga ham ipoteka kreditini olish imkoniyati yaratilmoqda. Zero, topish-tutishi yaxshi boʻlsa-da, rasmiy daromadi kam yoki umuman boʻlmagan yurtdoshlarimiz yillar davomida shu muammodan qiynalib kelayotgandi. Bunday ehtiyojmandlarning dastlabki badalni koʻproq toʻlab, arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega boʻlishi ham muhim voqelik boʻldi.

Bundan tashqari, subsidiyaning muddati qisqartirilishi, belgilangan muddatda subsidiya sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi berilishi, buning uchun joriy yilda dastlabki badalni shakllantirishga 1,6 trillion soʻm yoʻnaltirilishi Vatanimizda har bir inson, uning hayoti qadrlanishining amaldagi ifodasidir.

Keyingi paytda aksariyat odamlarni vahimaga solayotgan zilzilalar chogʻida bino va inshootlarning seysmik xavfsizligini taʼminlash maqsadida qurilish boshlanishidan oldin tanlangan yer uchastkasini muhandislik-geologiya ekpertizasidan oʻtkazishning majburiy boʻlishi zamirida ham osoyishtaligimiz, inson hayotini asrash maqsadi turibdi.

Bugun Toshkent viloyatida yashovchi, uy-joyi boʻlmagan har bir fuqaro bir marta imtiyozli ipoteka krediti asosida yangi xonadon olish imkoniyatiga egaligidan xursand. Zero, kishi baxtli va farovon hayot kechirishi uchun eng avval unga tayin boshpana, kichik Vatan kerak. Ana shu Vatanda u orzu-istaklarini emin-erkin amalga oshirishi, ertasining poydevorini qurishi mumkin. Shunday ekan, aholini arzon, yangi tartibdagi uy-joy bilan taʼminlash masalasi hamisha dolzarbligicha qoladi va bu borada bizga ishonib topshirilgan tajriba amalda oʻzini oqlashiga ishonamiz.

Eldor Mirxoliqov,

Toshkent viloyat hokimligi kotibiiyat mudiri