Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi asosida elektron braslet yaratgan. Uning dasturiy taʼminoti ishlab chiqilgan, respublikaning 14 ta hududida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar ichki ishlar organlari jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, probatsiya xizmatlarida) sinovdan oʻtkazilib, amaliyotga joriy etishga tayyor holatga keltirilgan.
Uy qamogʻi ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilgan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida boʻlishini real vaqt rejimida masofaviy nazorat qilish amaliyoti 2024-yilda bosqichma-bosqich quyidagi tartibda:
- 1-maydan boshlab Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida;
- 1-iyundan boshlab Toshkent shahar, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida;
- 1-avgustdan boshlab Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatlarida;
- 1-oktyabrdan boshlab Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida;
- 1-dekabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida amaliyotga toʻliq joriy etiladi.
Elektron braslet uy qamogʻi ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilgan shaxs oyogʻining boldir qismiga taqiladi. Uy qamogʻi ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilgan shaxsning oyogʻiga elektron brasletni taqish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar bilan tibbiy muolaja koʻrsatilgan holatda) elektron brasletni qoʻlning bilak qismiga taqishga ruxsat beriladi.
Ayol jinsidagi shaxsga elektron braslet shu jinsdagi xodim (ichki ishlar organi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori) tomonidan taqiladi. Homilador ayol, ushbu Nizomning ilovasida nazarda tutilgan kasallikka chalingan yoki jismoniy nuqsoni boʻlgan shaxsga elektron braslet taqilmaydi.
Uy qamogʻi ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilgan shaxs uy qamogʻi ehtiyot chorasini yoki ozodlikni cheklash jazosini ijro etish jarayonida elektron brasletni oyogʻidan (yoki qoʻlidan) yechmaydi va doimiy ishchi holatda boʻlishini taʼminlaydi.
Elektron brasletning vizual signali ishga tushgan taqdirda jamoat xavfsizligi xizmati xodimi profilaktika inspektori bilan birgalikda yuzaga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda uy qamogʻi ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilgan shaxsning elektron brasletni yechishga, unga shikast yetkazishga yoki qochishga boʻlgan urinishlarini bartaraf etish (toʻxtatish, chek qoʻyish, nazoratni kuchaytirish), uy qamogʻi ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilgan shaxs qochgan taqdirda, uni taʼqib qilish va ushlashga qaratilgan choralarni koʻradi.
Elektron brasletning vizual signali ishga tushish sabablariga aniqlik kiritish jarayonida uy qamogʻi ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilgan shaxsning qochganligi tasdiqlangan taqdirda jamoat xavfsizligi xizmati xodimi zudlik bilan ichki ishlar organlarining qoʻshimcha kuch va vositalarini jalb qilib, qochgan shaxsga taqilgan elektron brasletdan uzatilayotgan GPS signaliga muvofiq ularni tegishli hududga yoʻnaltiradi. Mazkur harakatlar qochgan shaxsning ushlanguniga qadar davom etadi.
Elektron brasletga uy qamogʻi ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilgan shaxs qasddan shikast yetkazgan hollarda yetkazilgan moddiy zararning oʻrni ushbu shaxs tomonidan qoplanadi.