“UzAuto TRAILER”ni xususiylashtirish jarayoni davom etmoqda

    Bu haqda “Davaktiv” matbuot xizmati batafsil ma’lumot berdi. 

    O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan joriy yil 20 avgust kuni chop etilgan e’longa muvofiq, “UzAuto TRAILER” MCHJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini raqobatga asoslangan sotuv jarayonining Aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish bosqichi boshlandi.

    Avval ma’lum qilganimizdek, “Mosaic Financial” kompaniyasi ushbu Bitim bo‘yicha “Davaktiv” agentligining xususiylashtirish bo‘yicha yetakchi maslahatchi sifatida jalb etilgan.

    Shu bilan birga, mazkur korxonaning bozor qiymatini aniqlash uchun tanlov asosida katta to‘rtlikka kiruvchi “PricewaterhouseCoopers” kompaniyasi mustaqil baholovchi tashkilot sifatida jalb etilgan.

    Kompaniyaning xususiylashtirish jarayonlari doirasida “Mosaic Financial” tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investisiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 2022 yil 21 sentyabrga qadar O‘zbekiston va boshqa MDH davlatlari va Yevropa mamlakatidan 6 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalar “Mosaic Financial” kompaniyasiga kelib tushgan.

    “Davaktiv” agentligi hamda xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi tomonidan kelib tushgan barcha arizalar quyidagi mezonlar bo‘yicha saralanadi:

    xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini ta’qiqlashi mumkin bo‘lgan ma’muriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yo‘qligi;
    O‘zbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga rioya etilishi;
    Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium a’zolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmaganligi.
    Maslahatchi tomonidan kelib tushgan arizalar yuqoridagi mezon talablari asosida chuqur o‘rganildi va barcha talabgorlarning yuqoridagi talablarga muvofiqligi aniqlandi.

    Shunga ko‘ra, Aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish bosqichidan muvofaqqiyatli o‘tgan talabgorlarga xususiylashtirish jarayonlarining kelgusi Majburiyatga ega bo‘lmagan taklif (NBO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilindi hamda ularga ushbu bosqich jarayonlari to‘g‘risidagi xat yuborildi.

    Xususiylashtirish jarayoninig majburiyatga ega bo‘lmagan takliflarni qabul qilish bosqichida o‘z ishtirokini tasdiqlagan talabgorlar bilan Axborotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitim imzolanib, ularga maslahatchi tomonidan tayyorlangan Aktivni sotib olish narxi bo‘yicha indikativ majburiyatga ega bo‘lmagan takliflarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan dastlabki ma’lumotlar to‘plami bilan tanishish imkoniyati beradigan virtual ma’lumotlar xonasiga kirish imkoniyati berildi.

    Joriy yilning 17 oktyabrga qadar, “Mosaic Financial” kompaniyasiga “UzAuto TRAILER” MCHJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotib olish narxi bo‘yicha 6 nafar talabgorlarning majburiyatga ega bo‘lmagan takliflari (NBO) kelib tushgan. Maslahatchi tomonidan talabgorlar takliflari savdo jarayonining ushbu bosqichida belgilangan talablarga, shu jumladan, ularning moliyaviy ko‘rsatkichlari, to‘lovga qobiliyatlilik darajasi o‘rganildi va uning tavsiyasiga asosan 5 nafar talabgorlar savdo jarayonlarining navbatdagi majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni qabul qilish bosqichiga o‘tkazildi.