Seminar doirasida barcha tarkibiy bo‘linmalar bo‘yicha 2023 yilning birinchi yarmi yakunlari sarhisob qilinib, ikkinchi yarim yillik rejalari e’lon qilindi. O‘tgan yilga nisbatan joriy yilda yo‘lovchi tashish 35 foizga oshib, 4,7 million kishini, “Toshkent” aeroportining yo‘lovchi tashish hajmi 39 foizga oshib, 3 million yo‘lovchini tashkil etdi. Yil oxiriga qadar 9,2 million, Toshkentda esa 7 millionga yaqin yo‘lovchi oqimi kutilmoqda. O‘zbekiston aeroportlariga uchuvchi aviakompaniyalar soni 59 taga yetdi, shu jumladan 7 ta rezident kompaniya. Joriy yilda reyslar soni 30 foizga oshdi va haftasiga 800 ga yaqin reysni tashkil etdi. Kompaniyaning umumiy foydasi olti oy ichida 30 foizga oshdi. Joriy yilda soliq imtiyozlari hajmi avvalgisiga nisbatan 47 foizga ko‘paydi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Oxirgi ikki yilda 626 milliard so‘mlik maxsus texnika, jumladan, samolyotlarni muzga qarshi suyuqlik bilan qoplash va aerodromni qordan tozalash uskunalari xarid qilindi. Direktorlar va mas’ul rahbarlarga qish mavsumiga hozirdan tayyorgarlik ko‘rish va bu boradagi ishlar yuzasidan har hafta hisobot berib borish vazifasi topshirildi.
Yana bir sessiya rekonstruksiya va qurilish sohasidagi loyihalarga bag‘ishlandi. Shu kunga qadar ikkita — Buxoro va Urganch aeroportlarining konsepsiyasi va texnik-iqtisodiy asoslari tayyorlanib, Moliya vazirligiga tasdiqlash uchun taqdim etildi. Namangan aeroportining konsepsiyasi va texnik-iqtisodiy asoslari esa ishlab chiqish bosqichida. Shuningdek, Singapurning Changi aeroporti maslahatchilari bilan birgalikda Toshkent aeroporti loyihasi ustida faol ish olib borilmoqda.
“Xodimlar uchun bunday tadbirlar kompaniyada jamoa shakllantirishning juda muhim qismidir. Bir-birimizni bilishimiz, kim nima bilan, qanday ish bilan shug‘ullanayotganini tushunish muhim, lekin eng muhimi, hammamiz qayerga harakat qilayotganimizni bilish, umumiy maqsadni ko‘rish va unga to‘g‘ri yo‘lni qurish lozim. Bu bizning birinchi jamoaviy yig‘ilishimiz emas. Biz davlat korxonasi sifatida jamoani shakllantirish, odamlarni birlashtirish va motivasiya kabi zamonaviy HR vositalarini joriy etishga harakat qilmoqdamiz. Ertaga bir guruh xodimlar Issiqko‘lga jo‘nab ketadi — bu "Silk Avia" aviakompaniyasining birinchi xalqaro reysi bo‘ladi”, — dedi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.