Uzbekistan Airways aviaparkini H145 vertolyotlar bilan boyitadi

    Transport 26 Yanvar 2023 1879

    “Uzbekistan Airways” AJ tarkibiy boʻlinmasi “Uzbekistan Helicopters” MCHJ rahbariyati 2023-yil 24-26-yanvar kunlari Fransiya va Germaniyada tashrif bilan boʻlib turibdi.

    Ushbu tashrif ikki tomon oʻrtasida yangi Airbus H145 vertolyotlarini yetkazib berish boʻyicha keyingi hamkorlikni taʼminlaydi. Aviaparkni yangi modifikatsiyadagi zamonaviy vertolyotlar bilan toʻldirilishi ichki turizmni rivojlantirishga, Oʻzbekistonning yetib borish qiyin boʻlgan joylarini ommalashtirishga xizmat qiladi.

    2022-yil noyabr oyida Fransiyaga boʻlgan yuqori darajadagi tashrif doirasida Uzbekistan Airways va Airbus oʻrtasida bir qator hujjatlar imzolandi. Airbus oilasiga tegishli yangi havo kemalarini sotib olish boʻyicha erishilgan kelishuv doirasida Airbus SAS bilan “Uzbekistan Helicopters” MCHJ uchun oʻrta muddatli istiqbolda ikkita H145 vertolyotlarini yetkazib berish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

    Tashrif davomida kompaniyalar oʻrtasida muzokaralar, H145 vertolyotining texnik xususiyatlari taqdimoti hamda uning sinov parvozlari oʻtkazilishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi “Uzbekistan Airways” AJ matbuot xizmati.