Uzbekistan Airwaysʼning Buxorodan Moskvaga uchayotgan reysida texnik nosozlik kuzatildi

    Qoʻnish muvaffaqiyatli amalga oshirildi, havo kemasi bortida 132 yoʻlovchi bor edi.

    Bugun, 2025-yil 15-yanvar kuni Buxoro – Moskva (Vnukovo) yoʻnalishidagi HY9607 aviaqatnovi belgilangan aeroportga qoʻnayotganda dvigatellardan biri ishdan chiqdi.

    Aviakompaniya ekipaji tomonidan tegishli protseduralar bajarildi va samolyotni belgilangan aeroportga qoʻndirishga qaror qilindi. Qoʻnish muvaffaqiyatli amalga oshirildi, havo kemasi bortida 132 yoʻlovchi bor edi.

    Uzbekistan Airways texnik xizmatlari tomonidan barcha tiklash ishlari olib borilmoqda. Amaldagi parvozlar jadvalida rejalashtirilgan keyingi aviaqatnovlar Vnukovo xalqaro aeroportiga uchib ketgan zaxira havo kemasida amalga oshiriladi.

    Keltirilgan noqulayliklar va ushbu havo kemasida ilgari rejalashtirilgan aviaqatnovlarning kechikishi uchun uzr soʻraymiz.