Koʻrgazmada dunyoning 25 davlatidan 140 dan ortiq kompaniya oʻz mahsulotlarini namoyish etyapti: Belarus, Belgiya, Bolgariya, Germaniya, Gretsiya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Italiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Xitoy, Janubiy Koreya, Litva, Niderlandiya, BAA, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSH, Turkiya, Fransiya, Shveysariya, Shri-Lanka va Oʻzbekiston. Ulardan 40 tasi Turkiya, 18 tasi Belarus Respublikasi, 13 tasi Germaniya kompaniyalaridir. Rossiya Federatsiyasi kompaniyalari Moskva, Omsk, Kaliningrad, Penza oblastlari va Oltoy oʻlkasining jamoaviy stendlari bilan namoyish etilgan.
Mahalliy eksport qiluvchi kompaniyalar qandolat mahsulotlari, quritilgan mevalar, ichimliklar, gazaklar va sut mahsulotlari, oziq-ovqat ingrediyentlari, aromatizatorlar, qadoqlash va goʻshtni qayta ishlash uskunalari, oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun pol qoplamalari va boshqa koʻplab mahsulotlarni namoyish etyapti, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
UzFood koʻrgazmasi doirasida har yili yetkazib beruvchilar va xaridorlar oʻrtasida uchrashuvlar oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan Riteyl markazi platformasi tashkil etiladi Bu toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni oʻtkazish, oʻz mahsulotlarini taqdim etish, shartnomalar tuzish va hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyatdir.