Aslida, bu nufuzli tashkilot bilan hamkorligimiz 1992-yildan boshlangan. Aynan shu yilning boshida Oʻzbekiston YETTBga aʼzo boʻldi va Toshkent shahrida tashkilotning vakolatxonasi ochildi.

Oʻtgan davrda bank infratuzilmasini rivojlantirish, energetika majmui, turizmni rivojlantirish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, bozor infratuzilmasini shakllantirish, tabiiy resurslarni oʻzlashtirish, paxtani qayta ishlash va yengil sanoatning boshqa tarmoqlarini taraqqiy ettirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilindi.

YETTB bilan munosabatlar oxirgi yillarda keskin rivojlanish bosqichiga kirdi. Xususan, Prezidentimizning 2018-yil 6-avgustdagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim poydevor vazifasini oʻtadi.

Oʻtgan yili 7-dekabrda davlatimiz rahbarining “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida 118 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ayni paytda Oʻzbekistonda YETTB ishtirokida bir qancha loyihalar moliyalashtirilmoqda va  muayyan yoʻnalishlarda olib borilyapti.

Birinchi yoʻnalish YETTBning Oʻzbekiston Respublikasi bilan hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish uchun normativhuquqiy bazani yaratishga qaratilgan. Bunda davlat mulki va korxonalarini xususiylashtirish hamda monopoliyadan chiqarish, tadbirkorlikni rivojlantirish, xizmat koʻrsatish va moliya sektoriga investitsiyalarni jalb etish, kapital bozorini shakllantirish kabi masalalarni amalga oshirishda moliyaviy yordam koʻrsatish hamda ularning jahon iqtisodiy hamjamiyatiga tezroq qoʻshilishiga koʻmaklashish asosiy oʻrin tutadi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun, eng avvalo, normativ-huquqiy bazani yaratishga kirishildi va shu asosda oʻzaro munosabatlar yoʻlga qoʻyilmoqda. Ikkinchi yoʻnalish iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy oʻzgarishlarni chuqurlashtirish boʻyicha hamkorlikni nazarda tutadi. Bunda asosiy eʼtibor energetika sektorini isloh qilish uchun mazkur sohani rivojlantirishga qaratilgan kompleks dasturini ishlab chiqishga qaratilgan edi. B

u borada tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Ushbu yoʻnalishda koʻzda tutilgan masalalardan biri sifatida korporativ boshqaruvni xususiylashtirish va takomillashtirish sohasida hamkorlik boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi tuzildi. Yana bir muhim masala shuki, banklararo pul bozori hamda milliy valyutadagi mahalliy kapital bozorini rivojlantirish sohasida ham hamkorlik rejalashtirilgan.

Mazkur saʼy-harakatlarni mukammal amalga oshirish uchun Markaziy bank va boshqa manfaatdor davlat boshqaruvi organlarida makroiqtisodiy tahlil va prognozlash kompleks tizimi (FPAS) joriy etiladi. Qolaversa, mamlakatimizda zamonaviy bank xizmatlari koʻrsatish, loyihalarni moliyalashtirishdagi xavflarni baholash, banklarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash masalalari ham bugun oʻta muhim.

Shu tufayli YETTB koʻmagida mazkur yoʻnalishlar boʻyicha bank xizmatchilari malakasini oshirish ham samarali boʻlishi shubhasiz. Uchinchi yoʻnalish infratuzilmalarni rivojlantirish uchun investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan. Bu boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, “Toshkent shahrida issiqlik taʼminoti tizimi samaradorligini oshirish” loyihasini roʻyobga chiqarish koʻzda tutilgan edi. Bu boradagi muhim ishlardan biri sifatida YETTB bilan qarz bitimini imzolash masalasi koʻzda tutilganini taʼkidlash joiz.

Bunda loyihani bajarish va xarid qilish tartib-taomillari kelishib olingani ikki tomonlama munosabatlarning samaradorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. “Toshkent shahrida issiqlik taʼminoti tizimini tiklash”, “Namangan shahrida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini tiklash”, “Pitnak shahrida suv tozalash inshootlarini tiklash va Xorazm viloyatining 6 ta tumanida ichimlik suv taʼminotini yaxshilash” loyihalari ham sheriklikdagi samarali ishlardan boʻldi.

“Toshkent shahrida suv taʼminoti tizimini tiklash” loyihasining umumiy qiymati 25 million AQSH dollari boʻlib, bu mablagʻning hammasini toʻliq oʻzlashtirish muddati kelishib olingan. Shuningdek, Tolimarjon IESni 900 megavatt quvvatga ega qoʻshimcha bugʻgaz qurilmasini qurish bilan kengaytirish” loyihasini moliyalashtirish ham ahamiyatli kelishuvlardan biridir.

Ushbu obyektning umumiy qiymati 225 million dollarga baholangan. Moliyalashtirish jarayoni 2019-yildan boshlanib, har yili 60 million dollardan kam boʻlmagan mablagʻni oʻzlashtirish koʻzda tutilgan. Toʻrtinchi yoʻnalish moliya sektorida hamkorlik qilishni nazarda tutadi. Bunda asosiy eʼtibor kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Jarayonda Oʻzmilliybank uchun kredit liniyasini ochish masalasi ham ustuvor vazifalardan biridir. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 70 million dollarni tashkil qiladi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda savdo sohasini moliyalashtirishga qaratilgan dastur boʻyicha “Hamkorbank” ATB uchun kredit liniyasini ochish koʻzda tutilgan.

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 30 million dollar boʻlib, 2019-yildan boshlab 17,5 million dollardan kam boʻlmagan holda ajratilgan mablagʻni oʻzlashtirish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, “Ipoteka-bank” ATIB, “Davr bank” XATB, “Ipak yoʻli” AITB uchun kredit liniyasi ochilgan. Beshinchi yoʻnalishda davlat korxonalarini isloh etish va xususiylashtirish sohasida hamkorlik qilish hamda boshqaruvning korporativ usullarini joriy etish rejalashtirilgan. Mazkur yoʻnalish boʻyicha ham bir qancha aniq chora-tadbirlar koʻzda tutilgan.

Xususiylashtirish masalalari boʻyicha xorijlik mutaxassislarni vakolatli davlat organlarida ishlash uchun jalb etish shular jumlasidan. Yana bir muhim jihat shuki, davlat ulushini keyinchalik xorijlik investorlarga sotish uchun korxonalarni xususiylashtirishdan oldin tayyorlash masalasi ham koʻzda tutilgan. Mamlakatimizning tashkilot bilan hamkorligi istiqbolli, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan yoʻnalish va sohalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining Samarqand sammiti mana shu hamkorlikning miqyosi va koʻlamini yanada kengaytirishga, jarayon ishtirokchilari va investorlarni jalb etishga xizmat qiladi.

 

Mamayunus Pardayev,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori,

iqtisodiyot fanlari doktori