Biroq, hududda yillar oʻtishi bilan qachonlardir ekilib, bugun davrini oʻtab boʻlgan bogʻ-tokzorlar bor. Uzumchilikni yana-da rivojlantirish maqsadida shu yilning kuz-qish oylarida tumanda jami 505,7 gektar bogʻ va tokzorlar buzilib, intensiv bogʻlar tashkil etish, ularga ertapishar, sifatli va yuqori hosil beruvchi koʻchatlar ekish rejalashtirilgan. Ayni paytda 2020-2023-yillarda amalga oshirilishi moʻljallangan, bogʻdorchilikda 11 ta, uzumchilikda 22 ta loyiha oʻrganib chiqilmoqda. Ushbu loyihalar tufayli yana mingtaga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Masalan, Sohilobodda tadbirkor Anvarjon Nodirov tomonidan qiymati 2 milliard soʻmlik, yiliga 1000 tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega 65 gektar maydonni egallaydigan logistika markazi, Uzumzorda esa «Namangan group» MCHJ tomonidan loyiha qiymati 1,6 milliardlik soʻmlik, yillik 2000 tonna uzumni qayta ishlash sexlari tashkil etish boʻyicha ish olib borilmoqda. Bularning hammasi aynan shu ikki mahalla bogʻbonu dehqonlari birlashgan «Sohil pino muskati» agrofirmasi faoliyatiga tegishli.
Albatta, bu katta rejalarni amalga oshirish uchun yetarli omil yaratilishi kerak. Bogʻbon va sohibkorlar zamon bilan hamqadam, yetarli bilimga va tajribaga ega, iqtisodiyotni rivojlantirish uchun oʻz qarashlariga ega insonlar boʻlishi zarur. Shu maqsadda yerlar qayta hatlovdan oʻtkazilib, mahalla raislari va mutaxassislardan iborat tarkib tender tanlovlari oʻtkazishga jiddiy tayyorgarlik koʻrmoqda.
«Sohil pino muskati» agrofirmasida egaligi belgilanmagan 318 gektar maydon bor. Ayni paytda talabgorlardan zarur hujjatlar qabul qilinib, tanlovning odilona va shaffof oʻtishini taʼminlash uchun harakat boshlangan.
— Har bir sohada tartib-qoida boʻlishi zarur. Hududlarimizdagi yangi tashabbuslardan xabar topib xursand boʻldik. Oynai jahon orqali boshqa mamlakatlarda yerdan foydalanishdagi omilkorlikni koʻrib, ulardan ming karra unumdor tuprogʻimizning umri behudaga oʻtayotganidan hayron qolardim. Mana, bizda ham koʻp oʻzgarishlar boʻlyapti, issiqxonalarda ilgari chet eldan keltiriladigan mevalar oʻzimizda pishyapti. Tomorqalarda yiliga 4-martagacha hosil olinyapti. Odamlarimiz ham shunday ishlash va yashashni oʻrganishlari kerak, — deydi Sohilobod mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Yusufxon Kamolov.
Otaxon koʻpchilikning dilidagi gaplarni aytdi. Toʻgʻri, bugun kimlardir bu islohotlarga ishonchsizlik bilan qarayotgan boʻlishi mumkin. Biroq, niyat xolis, maqsad mushtarak boʻlsa, oʻylangan ulugʻvor rejalar albatta amalga oshiriladi. Uzumzor va Sohilobod bogʻ-tokzorlarining avvalgi dovrugʻi yana tiklanib, bu yerda yashovchi hamyurtlarimizning ish bilan bandligi taʼminlanadi, oilalar farovonligi oshadi.
Zoxidaxon Kenjayeva