Xususan, “Eng faol ishtiroki, stendlarining milliy ruhda bezatilishi, badiiy chiqishlari hamda uzum navlarining noanʼanaviy namoyishi” nominatsiyasi uchun viloyatlar oʻrtasida Namangan viloyati birinchilikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, tuman va shaharlar oʻrtasida Oqqoʻrgʻon tumani birinchi boʻldi.
Ikkinchi hamda uchinchi oʻrinni viloyatlar oʻrtasida Toshkent hamda Buxoro viloyatlari egallagan boʻlsa, tuman va shaharlar orasidan Pskent hamda Boʻstonliq tumanlariga nasib etdi.
Bundan tashqari, vinochilikdagi innovatsion yondashuv uchun 10 ta nominatsiya boʻyicha ham gʻoliblar nomi aniqlanib, mukofotlar topshirildi.
Festivalda Oʻzbekistonda uzumchilik va vino sanoatida faoliyat yuritayotgan soha vakillari, Italiya, Serbiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Singapur, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon kabi 30 dan ortiq davlatlardan olimlar, ekspertlar va sohaning yirik namoyondalari ishtirok etdilar.
Festival doirasida qishloq xoʻjaligi yarmarkalari, vino sanoatining xalqaro brend kompaniyalari koʻrgazmalari, uzumchilik yoʻnalishidagi xalqaro konferensiya va anjumanlar tashkil etildi. “Uzum sayli”ning madaniy qismida esa milliy folklor jamoalari, estrada sanʼatkorlari chiqishlari, nominatsiyalar boʻyicha respublika koʻrik-tanlovlari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va liboslar hamda xalq urf-odatlari va anʼanalarini aks ettiruvchi koʻrgazmalar oʻtkazildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.