Shu bois, pandemiya tarqalishi bilan barcha rivojlangan mamlakatlar koronavirusga qarshi vaksina yaratish yoʻlida qattiq izlanishga kirishdi. Mana shu intilishlar natijasida bugungi kunda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va Hindistonning yirik farmatsevtika kompaniyalari va ilmiy tadqiqot markazlari tomonidan koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan oʻn toʻrtta vaksina JSSTda tasdiqdan oʻtkazish hamda uchinchi bosqich klinik sinovlar jarayonida. Butun insoniyat shu vaksinalarga tayanmoqda.
Emlash tadbirlari qay darajada muhim ekani dunyo olimlari tomonidan eʼtirof etilmoqda. Bugungi kunda mamlakatlarni koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina bilan taʼminlash borasida GAVI (Vaksinalar va immunizatsiya boʻyicha global alyans) tashkilotining COVAX (koronavirusga qarshi emlash) mexanizmi joriy etilgan. Uning doirasida dunyoning barcha davlatiga koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina yetkazib berilmoqda.
Aholining qancha koʻp kontingenti emlansa, kasallikning tarqalish koʻlami shuncha kamayadi, jamoaviy immunitet shakllanadi. Shu bilan birga, “Emlanganlar ham qayta kasal boʻlyapti-ku”, degan haqli eʼtirozlar ham bildirilyapti. Emlanganlar orasida kasal boʻlganlar soni tahlil qilinganda, asosan, birinchi va ikkinchi dozani olgandan keyin koʻp vaqt oʻtmay kasallanish holati yuz bergani maʼlum boʻldi. Yaʼni oʻtkazilgan epidemiologik surishtiruv natijasi vaksinaning toʻliq dozasini olmagani tufayli qayta yuqtirish holati yuzaga kelganini koʻrsatdi. Bu holatda kasallik yengil, asoratsiz oʻtayotgani, vaksina olgandan soʻng infeksiya yuqtirganlar orasida ogʻirlashib qolgan yoki vafot etganlar yoʻqligi ham uning samaradorligidan dalolatdir. Toʻgʻri, emlangandan keyin baʼzi yengil asoratlar, masalan, bosh ogʻrishi yo yuqori harorat boʻlishi tabiiy. Bu kasallikning oʻzi emas, aksincha, tanangiz vaksinaga yaxshi javob berayotganidan, immunitet ishlab chiqilayotganidan darak beradi. Bu vaksinatsiyaning eng asosiy tamoyili.
Yurtdoshlarimiz orasida vaksina haqida turli asossiz gap-soʻzlar, ishonchsizlik holatlari ham uchrab turgani sir emas. Masalan, vaksinalar orasida uzilish boʻlayotgani, oraliq muddati choʻzilishi sabab uning samaradorligiga putur yetishi haqida nooʻrin mulohazalar yuzaga kelayotgani ham bor gap.
Taʼkidlash lozimki, ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bugungi kunda yurtimizga yetarli miqdorda keltirilgan. Moderna, AstraZeneca vaksinalari haqida ham shunday deyish mumkin. Mamlakatimizga olib kelingan Sputnik V vaksinasi aholi sonidan kelib chiqib barcha hududlarga taqsimlandi. Ikkinchi doza vaksina keltirilishi kutilyapti. Vaksinaning birinchi dozasi qaysi viloyat, qaysi tumanda ishlatilgan boʻlsa, yaqin kunlar ichida ikkinchi dozasi ham oʻsha hududlarga yetkazib beriladi. Rossiya Federatsiyasining Gamaleya nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti, Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi olimlari tomonidan vaksina oʻrtasidagi uzilish uch oygacha boʻlishi mumkinligi, bunda yanada turgʻun immunitet shakllanishi dori yoʻriqnomasi va boshqa ilmiy qoʻllanmalarda keltirilgan. Xuddi shu xususiyat ZF-UZ-VAC 2001 da ham bor. Birinchi va uchinchi dozalar qabuli orasidagi vaqt 5-6 oyni tashkil etishi mumkin. Xitoyning 140 milliondan ortiq aholisi mana shu tartibda emlandi.
Odamlar orasida “COVID-19 ga qarshi emlanishim shartmi, kasallikni oʻtkazdim, tanamda immunitet hosil boʻlgan, meni emlashning keragi yoʻq”, deb aytayotganlar ham uchramoqda. Kasallikni boshdan oʻtkazish endi xavf ortda qoldi, degani emas. Afsuski, kasallikdan soʻng rivojlangan imunitet vaqtinchalik boʻlishi va siz kasallikni yana qayta yuqtirib olishingiz ehtimoli juda katta.
Muxtasar aytganda, koronavirus infeksiyasidan himoyalanish barchamizning qoʻlimizda. Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, kasallik hali bartaraf etilgani yoʻq. Hali-hamon kasallik tashuvchilar bor. Shuning uchun emlanish shart va zarur. Emlash orqali nafaqat oʻzimiz, balki atrofimizdagilarni ham kasallik yuqishidan himoya qilamiz.
Botir QURBONOV,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va
jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari,
tibbiyot fanlari nomzodi