Koronavirus pandemiyasi boshlangandan bugunga qadar oʻtgan vaqt mobaynida odamlarni ushbu xatardan ishonchli himoyalay oladigan vaksina qachon yaratilishi, unga ishonchli davo chorasini topish barcha davlatlar qatori yurtimiz aholisining ham eng muhim va dolzarb savoli boʻlib keldi.
Bu borada butun dunyoda soha olimlari bosh qotira boshladi. Mamlakatimiz tibbiyot sohasi vakillari jahonning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda kasallikning yengil darajalarini davolashga oid yoʻriqnomalar ishlab chiqdi.
Bugungi kunga kelib, ushbu kasallikka qarshi bir qancha vaksinalar yaratildi va amaliyotga joriy qilindi. Hozir yurtimizga ham vaksinaning bir necha turi davlat hisobidan keltirilib, aholini emlash jarayoni davom etmoqda. Lekin, afsuski, xalqimiz orasida vaksina toʻgʻrisida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turli yolgʻon, isbotlanmagan xabarlarga ishonib, sarosimaga tushib, vaksina olishdan bosh tortish holatlari uchrab turibdi.
Koronavirus kirib kelgan ilk kunlardan bugunga qadar davlatimiz rahbari tomonidan aynan COVID-19 ni jilovlash va uning salbiy taʼsirini kamaytirish, mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror saqlashga doir 15 ga yaqin farmon va qaror imzolandi. Oʻz vaqtida amalga oshirilgan saʼyharakatlar tufayli pandemiyaning ommaviy taʼsiri boshqa davlatlarga qaraganda kamroq boʻldi.
Xalqimizda shunday gap bor: “Kasallikni davolagandan koʻra, oldini olgan maʼqul”. Shunday ekan, emlanish — virusni yengishning yagona usuli. Xalqimiz buni toʻgʻri tushunishi, oʻzi va yaqinlari salomatligi haqida qaygʻurishi kerak. Koronavirusga chalingan bemorlarda keyinchalik ham sogʻligʻiga salbiy taʼsir qiladigan koʻplab asoratlar kuzatilyapti. Vaqt oʻtgani sari virusning yangi turlari paydo boʻlmoqda. Bu nafaqat tibbiyot sohasi vakillarini, balki barchamizni yana bir bor sergaklikka chorlashi zarur.
Bugun xalqimiz orasida “Vaksina nima? Uning foydali yoki nojoʻya taʼsiri nimalardan iborat? Samaradorligi va xavfsizligining tahlillari qanday amalga oshirildi?” degan savollarga bilib-bilmay “shaxsiy” munosabat bildirish qizgʻin tus olmoqda.
Vaksina biologik kelib chiqishga ega tibbiy preparat boʻlib, inson organizmida muayyan virus yoki mikrobga qarshi immunitet hosil qilishi bilan ahamiyatlidir. Anʼanaviy usulda u virus yoki mikroblarning zarar keltira olmaydigan darajada zaiflashtirilgan yoki jonsiz shaklini yaratish orqali olinadi.
Hozirgi ilm-fan yutuqlari virus yoki bakteriya organizmidan toʻla foydalanmasdan turib ham vaksina yaratish imkonini beradi. Bu jarayonda kasallik qoʻzgʻatuvchi virus yoki bakteriyaning kichik boʻlagi biotexnologik usullar yordamida koʻpaytirilib, tozalab olinadi. Ushbu turdagi vaksinalar tarkibida infeksiya qoʻzgʻatuvchi boʻlmagani uchun kasallikning qaytalanish ehtimoli mavjud emas.
Jonsizlantirilgan yoki rekombinant vaksina inson tanasiga yuborilganda ham shunday jarayon sodir boʻladi: immun tizimi uni aniqlab, kurashuvchan maxsus boʻlinmalarni ishlab chiqaradi. Jonli virusdan farqi shundaki, u inson tanasida kasallik keltirib chiqara olmaydi. Ushbu usul hozirgi paytga qadar kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishning eng samarali usuli boʻlib kelmoqda.
Tabiiyki, inson organizmi doimiy mikroblar (antigenlar) qurshovida ekani eʼtiborga olinsa, bunday immun tizimi va tabiiy vaksinatsiya tanamizni muntazam himoya qilib turadi. Hozir mamlakatimizda olib borilayotgan ommaviy vaksinatsiya kuzda kelishi taxmin qilinayotgan navbatdagi kasallanish toʻlqinining oldini oladi.
Davlatimiz rahbari shu munosabat bilan xalqimizga, shifokorlar va olimlarga bir necha bor murojaat qilib, pandemiya boʻyicha uchta muhim qoidaga qatʼiy amal qilish zarurligini taʼkidladi.
Birinchidan, virusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti — bu, albatta, vaksinatsiya. Qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, ushbu maqsad uchun bugungi kunga qadar yurtimizga 4 turdagi vaksinalardan 14,5 milliondan ortiq doza olib kelindi. Vaksina bilan emlanish boʻyicha aholida tanlash imkoniyati paydo boʻldi. Shu bois, emlash tadbirlarini keng joriy etish maqsadida yaqinda maxsus qonun ham imzolandi. Ushbu qonun orqali ish beruvchilarga profilaktik emlashni rad etgan xodimlarni ish joyiga kiritmaslik huquqi berildi. Bu ham bevosita xalqimiz sogʻligʻini oʻylab qoʻyilgan qadamlardan biridir.
Ikkinchidan, shaxsiy gigiyena va ijtimoiy masofani saqlash talablariga rioya qilish, jamoat joylarida tibbiy niqobda yurish kasallikdan eng samarali himoyalanish ekanini unutmaslik lozim. Lekin ming afsuski, xalqimiz bugun bunday talablarni yodidan chiqarmoqda. Joylarda cheklovlarga qaramasdan koʻp kishilik toʻylar, ommaviy tadbirlar oʻtkazilayotganini koʻrish mumkin.
Uchinchidan, kasallik yengil kechayotgan va uy sharoitida davolanayotgan bemorlarning oʻzboshimchalik bilan, palapartish dori vositalarini isteʼmol qilishining oldini olish zarur. COVID-19 bilan kasallanganlarni davolashga moʻljallangan maxsus shifoxonadagi bemorlar bilan muloqot jarayonida shuni kuzatish mumkinki, koʻpchilik uy sharoitida, mutaxassislar bilan maslahatlashmasdan, oʻzboshimchalik bilan turli dori vositalarini isteʼmol qilgani oqibatida ahvoli ogʻirlashganini tushunib yetmoqda.
Hozir hukumatimiz tomonidan sogʻliqni saqlash tizimi shay holatga keltirilib, barcha zarur vositalar, dori-darmon va tibbiyot jihozlari bilan taʼminlandi. Ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlari keskin karantin qoidalari asosida faoliyatini davom ettirmoqda. Pandemiyadan imkon qadar yoʻqotishlarsiz oʻtishimiz va keyingi toʻlqinlarga yoʻl qoʻymaslik uchun yurtdoshlarimizdan karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish talab etiladi.
Ayni kunlarda dunyoda inson zakovati, qobiliyati va isteʼdodi nimalarga qodir ekani sinovdan oʻtmoqda. Davlatimiz rahbarining ilm oʻrganish, ilm-fanning yangi marralarini egallashga undovchi chorlovlari naqadar chuqur mazmun-mohiyatga ega ekani yana bir karra namoyon boʻlmoqda. Ha, oddiy chang zarrasidan million marta kichik bu koʻzga koʻrinmas ofatga qarshi faqat aql-zakovat, bilim qudrati bilangina kurashish mumkin. Mamlakatimiz ilm-fani oʻziga bildirilgan yuksak ishonchni toʻla oqlashiga shubha yoʻq. Shuningdek, ilm-fan borasidagi tub islohotlar, mamlakat yoshlarining bilim olishga va yaratuvchanlik ishtiyoqining qoʻllab-quvvatlanishi kelgusida oʻz mevasini beradi.
Shu oʻrinda eng kutilgan — “Emlanish zarurmi?” degan haqli savolga javob tayin va oddiy: ha, albatta, emlanish shart! Sababi, birinchidan, oʻta zararli, zaharli va hatto oʻlimga olib borayotgan koronavirusni qabul qilib, uni tanamiz yengib chiqarib yubormaguncha kutish, bu “katta jang”da organizmimizni batamom holdan toydirib, keyinchalik turli boshqa kasalliklarni orttirib olishimizga sababchi boʻlgandan koʻra, koronavirusdan tamomila xoli holatda oʻzimizni, oila aʼzolarimizni, yaqinlarimizni va aholini emlatganimiz ming karra afzal.
Ikkinchidan, koronavirus pandemiyasining yangi toʻlqiniga tutilib, virus yuqtirib olgan yaqinlarimizni uzoqdan kuzatib turishdan, yana karantin cheklovlarini joriy qilib, farzandlarimizni maktablarga yubormasdan uyga qamab, orzu-havasli damlarini cheklab turishdan va eng yomoni, oilamiz va mamlakat iqtisodiyotining izdan chiqishiga, jamiyatimizda hukm surayotgan yangilanish jarayonlarining sekinlashuviga sababchi boʻlgandan koʻra, vaksina bilan emlanish — aql va mantiqqa mos boʻlgan eng toʻgʻri qarordir. Zero, barchamiz ikki yilga yaqin vaqt mobaynida insoniyat ushbu pandemiyadan nechogʻliq aziyat chekayotganiga guvohmiz.
Koronavirusga qarshi emlash, aholi salomatligini saqlash boʻyicha bir qancha chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, Samarqand viloyati aholisi oʻzi xohlagan davolash profilaktika muassasasida ZF-UZ-VAC-2001, Sputnik V, Astra Zenesa va Moderna vaksinalaridan birini olishi mumkin. Bugungi kungacha yurtimizda 12 million 260 ming dozadan ortiq vaksinadan foydalanildi. Samarqand viloyatida esa bu koʻrsatkich 1 million 200 mingdan ziyod dozani tashkil etadi.
Germaniyaning Deutsche Welle nashri maʼlumotiga koʻra, COVID-19 ga qarshi emlash Germaniyada minglab oʻlim holatining oldini olgan. Germaniyaning Robert Kox instituti mutaxassislari maʼlumotiga koʻra, koronavirusga qarshi emlash kampaniyasining dastlabki olti oyi davomida 38 mingdan ortiq oʻlimning oldi olingan. Dorilarsiz profilaktika choralari va vaksinatsiya infeksiya yuqishi bilan bogʻliq 706 mingta holatning oldini olishga, shifoxonalardagi bemorlar sonini 76,6 mingga kamaytirishga yordam bergan.
Bugungi vaziyatda Samarqand davlat tibbiyot instituti jamoasi ham yurtimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash boʻyicha Samarqand viloyati va qoʻshni viloyatlar aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgiladi. Institutning 35 ta kafedrasida faoliyat koʻrsatayotgan 300 nafardan ziyod professor-oʻqituvchi Samarqand shahridagi 12 ta oilaviy poliklinika, viloyat, tuman (shahar)lardagi 16 ta markaziy koʻptarmoqli poliklinika, 47 ta oilaviy poliklinika va 131 ta oilaviy shifoxona punktiga koronavirus tufayli statsionar va ambulator sharoitda yotgan bemorlarni davolash yuzasidan amaliy yordam koʻrsatish, aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish uchun biriktirildi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi va institutga SOVID-19 profilaktikasi boʻyicha aholi uchun moʻljallangan 80 mingta tarqatma material (broshyura, plakat va boshqalar) olib kelindi. Ayni paytda professor-oʻqituvchilar orqali ommaviy tarzda aholiga tarqatilmoqda. Joylarda, mahallalarda televideniye va radio orqali tashviqot ishlari olib borilmoqda. Samarqand shahrida ikkita (2- va 4-oilaviy poliklinikalarda), qolgan 15 ta tibbiyot birlashmasi negizida bittadan maxsus COVID poliklinikasi tashkil qilingan. Maxsus poliklinikalarda jami 51 ta mobil brigada faoliyat olib bormoqda. Ularning har biriga bir kunda oʻrtacha 50-55 ta murojaat boʻlyapti. Viloyatda bugungi kunda 353 ta emlash punkti faoliyat koʻrsatmoqda.
Institutimizning malaka oshirish fakultetida koronavirus kasalligini davolashga moʻljallangan shifoxonalarda 473 nafar shifokor Sogʻliqni saqlash vazirligining koronavirus kasalligini davolash uchun tegishli yigʻilish bayonnomasi boʻyicha oʻqitildi va maxsus sertifikatlar berildi. Hozir yana 100 nafar shifokor tayyorlanmoqda.
Aholiga amaliy yordam koʻrsatish, yurtdoshlarimizning koronavirus infeksiyasi borasidagi savollariga tegishli mutaxassislar tomonidan tavsiya hamda maslahatlar berish maqsadida shu yil 1-iyuldan 24 soat davomida faoliyat olib boradigan “Sall markaz” va uning negizida “Onlayn poliklinika” xizmati hamda “Onlayn maslahat” telegram bot kanali tashkil etildi. Ularga puxta bilim va tajribaga ega umumiy amaliyot shifokorlari, kardiolog, nevropatolog, endokrinolog, LOR, infeksionist, akusher-ginekolog va psixolog kabi malakali professor-oʻqituvchilardan iborat mutaxassislar biriktirildi.
Bugungi kunga qadar “Onlayn poliklinika” xizmati bilan hamda “Onlayn maslahat” telegram bot kanali orqali uch mingga yaqin murojaat kelib tushgan va 2700 dan ortigʻi boʻyicha maslahatlar berildi. Shuningdek, bir vaqtning oʻzida mutaxassislar tomonidan aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash boʻyicha targʻibot ishlari olib borilmoqda.