Vaksinani oʻz vaqtida olish — insoniy burchimiz

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 28-iyul sonida jurnalist Doniyor Toshboyevning “Vaksina koronavirusga qarshi immunitetni shakllantiradi” sarlavhali maqolasi chop etildi. Quyida u bilan tanishishingiz mumkin.

    Bugun internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda eng koʻp muhokama boʻlayotgan mavzu koronavirusga qarshi emlanish, vaksina qabul qilish yoki qilmaslik boʻlib qoldi. Albatta, vaksina olish yoki olmaslik har bir fuqaroning shaxsiy huquqi. Konstitutsiyamizning 19-moddasiga muvofiq, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga hech kim haqli emas.

    Ammo barchamiz oʻzimizga qadrli boʻlgan ota-onamiz yoki farzandlarimiz sogʻligʻi uchun bugun vaksina olishimiz shart. Chunki ayni paytda dunyo davlatlari koronavirus bilan bogʻliq vaziyatni boshqara olmayapti. Uning yangidan-yangi xavfli shtammlari paydo boʻlmoqda. Shuning uchun JSST koronavirusdan yagona himoya usuli — vaksina, degan xulosaga keldi. Toʻgʻri, emlanganlar ham virusga chalinmoqda. Ammo kasallik ularda yengil oʻtmoqda hamda virus tashuvchi yoki yuqtiruvchi boʻlmayapti. Shu jihati bilan vaksina afzallikka ega boʻlmoqda. Buni bizdan koʻra, avval tushungan ayrim rivojlangan davlatlarning tafakkurli aholisi emlanib ulgurdi.

    JSSTning maʼlum qilishicha, bugungi kunda dunyo aholisi Pfizer/ BioNTech, Moderna, AstraZeneca, Johnson&Johnson, Sputnik V, EpiVakKorona, KoviVak kabi vaksinalar bilan emlanmoqda. Ularning nomlanishi va ishlab chiqarilgan mamlakati turlicha boʻlsa-da, vazifasi bitta — inson organizmida koronavirusga qarshi immunitetni shakllantirish.

    2021-yil 16-iyulgacha dunyo boʻyicha 2 milliard 35 million 281 ming 281 kishi vaksinaning muayyan bir komponentini qabul qilgan. 998 million 656 ming 464 kishi toʻliq emlangan. Mazkur koʻrsatkich mamlakatimizda atigi 400 ming kishini tashkil etadi, xolos.

    Statistik maʼlumotlarga koʻra, Maltaning 85 foiz, Kanada va Singapurning 70 foiz, Chilining 69 foiz, Buyuk Britaniyaning 68 foiz, Isroilning 66, Germaniyaning 59 foiz, Xitoyning 43 foiz aholisi emlangan. Markaziy Osiyo davlatlarida esa, bu koʻrsatkich 10 foizga ham yetmaydi.

    Ayni paytda aholida karantin talablari kuchaytirilmayotgani, virusga chalingan fuqarolarning yaqinlari karantinga olinmayotgani bilan bogʻliq savollar koʻpayib ketdi. Esingizda boʻlsa, oʻtgan yili mamlakatimizda koronavirusga chalinganlar alohida izolyatsiya qilinib, karantinda saqlandi. Bemorlar kasallik taʼtiliga chiqarilib, oylik maoshi 100 foiz saqlab qolindi. Ular maxsus poliklinikalarda kovidga qarshi bepul davolandi. Bu mamlakat iqtisodiyotiga katta taʼsir koʻrsatdi. Ayrim davlatlar hatto lokdaun eʼlon qildi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirusga chalingan bir bemorni davolash uchun qariyb 64 million soʻm sarflangan. Tan olib aytish kerak, oʻsha payt da hammamiz koronavirusga qarshi vaksina tezroq yaratilishini chin koʻngildan istaganmiz. Bugun virusga qarshi kurashishda oldimizda ikki yoʻl turibdi: vaksina olish yoki oʻzimizni izolyatsiya qilish.

    Birinchidan, emlanmaganlar virusga tez chalinadi. Kasallikni ogʻir oʻtkazadi hamda yuqtiruvchan boʻladi. Demak, bunday kishilar nafaqat jamiyat, balki oilasi uchun ham xavfli.

    Ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti sharoitida bugun oʻzini oʻzi yakkalash koni ziyon. Chunki bunday sharoitda koʻchaga chiqmay, boshqalar bilan muloqotda boʻlmay, uyda oʻtirish zarur. Unda tirikchilik qanday oʻtadi? Bola-chaqani kim boqadi? Davlat byudjeti esa izolyatsiyadagi fuqarolarni toʻliq ijtimoiy himoyaga olishga qodir emas. Eng yomoni, bu holatda ham hech kim virusni yuqtirishdan muhofazalanmagan. Odam kundalik tashvishlar bilan doʻkonga chiqadi, bozorga boradi

    Davlat oʻz fuqarolarining xavfsizligini taʼminlashi kerak. Shuning uchun ham bugun aholi koronavirusga qarshi bepul emlanmoqda. Uni qabul qilish esa, har bir fuqaro uchun vijdon amriga aylanishi lozim. Tan olaylik, farzandlarimizning tarbiyachisi yoki oʻqituvchisi COVID-19ga qarshi emlanishini talab qilamiz, ammo oʻzimiz vaksina qabul qilmaymiz. Bu yerda qani mantiq? Vaholanki, farzandimiz bogʻcha yoki maktabda qolmaydi. Uyga kelib, biz bilan bir dasturxon atrofida oʻtiradi. Shunday ekan, barchamiz oʻzimiz va oʻzgalarning sogʻligʻiga jiddiy eʼtibor, masʼuliyat bilan qarashimiz, davlatimiz tomonidan bepul taqdim etilayotgan vaksinani oʻz vaqtida qabul qilib, fuqarolik, pirovardida insoniylik burchimizni bajarishimiz shart.