U ham boʻlsa, oʻzbek davlati — Turonda yuz beradigan har qanday siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yuksalish ertami-kechmi, avvalo, yon-atrofni, soʻng butun dunyoni qamrab olishi qoidasidir. Unga oid dalillar davlatimizning 3000-yillik bisotida yetarlicha topiladi. Biroq ular orasida eng yorqini va koʻlamlisi, albatta, el-yurtimizga Amir Temur bosh-qosh boʻlgan pallaga toʻgʻri keladi.
Dunyoni moʻgʻullarning 150-yillik iskanjasidan ozod etgan Sohibqiron 20 yil deganda Turonni birlashtirish, 35 yilda Samarqandni jahonning siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-madaniy markaziga aylantirishga erishdi. Oʻrtayer dengizidan Xitoy devori, Moskvadan Dehligacha yastangan ulkan kenglikni qamrab olgan ulugʻ saltanatda keyingi yuz yilda kechgan va temuriylar oltin asri — Ikkinchi Uygʻonish davri oʻlaroq tan olinadigan milliy va umumjahon yuksalishi poydevorini ham Amir Temur qoʻygani tarixiy haqiqat.
Shohrux Buyuk temuriylar saltanati birligini saqlash, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, jumladan, ilmiy-madaniy yuksalishni uddalagan ulugʻ shaxsdir. Amir Temurning nabirasi Abusaid esa bobosi merosini tiklashga qattiq uringan va shu yoʻlda qurbon boʻlgan jafokash hukmdordir. Shundan keyin 550-yil ichida biz Sohibqiron davrida erishilgan marralar va maqomimizni qoʻldan boy berdik.
Tahlilni aynan tarixiy chekinishdan boshlaganimiz bejiz emas. Bundan maqsad oʻtmishdagi buyukligimizda ham emas. Muddaomiz bitta: oʻtmishdagi xatolarimizni takrorlamaslik, hozirgi turish-turmushimizda kechayotgan tarixiy oʻzgarishlar, yangilanishlar, qoʻlga kiritilayotgan marralar, yutuqlar va qilinajak ishlar ahamiyatini anglash, yetib kelganimiz — shunday kunlarni qadrlash, oʻz kuchimizga ishonish, birgalikda oʻylash va xulosalarga undashdir.
Bugun AQSH deganda, 42,5 million kvadrat kilometr maydonga ega, aholisi 1 milliarddan ortiq qitʼani emas, balki shu yil yozda 250-yilligini nishonlaydigan mamlakat tushunilishi, mazkur holat ushbu davlatning siyosiy, harbiy, iqtisodiy va ilmiy-texnologik kuch-qudrati bilan bogʻliqligi ham bor gap. Biroq biz — oʻzbeklar uchun “yangi dunyo” koʻp ham yangilik emas.
Yevropaliklar uni 15-yuzyillik soʻngida kashf etgan boʻlsa, okean ortida quruqlik borligini biz 1030-yildayoq bilganmiz. Oʻzbekning eng ulugʻlaridan sanalmish Abu Rayhon Beruniyning “Yerning odamlar yashaydigan qismini bunday tasavvur qil: shu qism Yerning shimoliy yarmida boʻlib, bu esa yarmining yarmini tashkil etadi. Demak, Yerning toʻrtdan bir qismida odamlar yashaydi. Shu qismni muhit (okean) deb ataladigan dengiz Gʻarb va Sharq tomondan oʻrab turadi... Bu dengiz Yerning shu qismi bilan oʻzining narigi tomonida boʻlishi mumkin boʻlgan quruqlik yoki odamlar yashaydigan qitʼa orasini Gʻarb va Sharq tomonlaridan ajratib turadi”, degan xulosasining ham ilmiy, ham amaliy mohiyatini tushungan tushunadi, tushunmagan esa yoʻq!
Tushunganlar “Kimki bizning kuch-qudratimizga shubha qilgudek boʻlsa, biz qurgan imoratlarga boqsin” degan taʼkid shunchaki inshootlar salobati va bejirimligi bilan emas, balki millatimizga xos bunyodkorlik va bilimdonlik omili bilan bogʻliqligini doim anglab yetgan. Anglab yetganlar esa, masalan, oʻtgan asrning 60-yillarida, mustamlakachilar qilichini qayrab turganiga qaramay, “Kolumbda bor alamim manim, Oʻzbekiston Vatanim manim”, deya hayqira olgan. Mazkur haqqoniy bitiklar egasi, ulugʻ shoirimiz Abdulla Oripov tirik boʻlganida edi, oltmish yillik armoniyu Abu Rayhon Beruniyning 1000-yillik bashorati ushalayotgan, yangi Oʻzbekiston haqida bir-biridan goʻzal va asosli sheʼrlar bitgan boʻlardi!..
AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” boʻyicha fikr va baholar bir xil boʻlmaganidan yaxshi xabardormiz. Buning sabablariyu bahonalarini chamalashga aqlimiz ham yetadi. Biroq mazkur kengashning ilk yigʻilishiga har kim ham chorlanmagani va chorlanganlardan har kim ham oʻz soʻzini aytishga jurʼat qilolmagani aniq.
Shu maʼnoda, Prezidentimizning Vashingtonga tashrifi ham tarixiy, ham zamonaviy jihatlarga koʻra tasodifan yuz bergan voqea emas, balki soʻnggi toʻqqiz yilda dunyo siyosiy, iqtisodiy va madaniy borligʻining eng keksa oʻchoqlaridan birida kechayotgan sifat oʻzgarishlari, ularning yaqin-uzoqlardagi kengliklar va xalqaro tuzilmalarga kuchli taʼsirini tan olish hamda ushbu kuch bilan oʻz vaqtida izchil hamkorlikni yoʻlga qoʻyish natijasidir desak, toʻgʻri boʻladi. Qolaversa, Donald Trampning oʻzi ushbu taʼkidimizni tasdiqlab berdi: “Prezident Mirziyoyev mening doʻstim. U oʻz yurtini jadal rivojlantirmoqda, u har qanday muammoni hal qiladigan inson!”.
Bugun butun olam siyosiy, harbiy, iqtisodiy turish-turmushining diqqat markazida turgan shaxsning bunday eʼtirofi shunchaki emasligi ayon, albatta. Chunki u siyosiy, iqtisodiy zoʻravonlik, ijtimoiy nochorlik girdobidan qutula olmagan oʻzbek jamiyatiga erkinlik bergan, yurtdoshlaridagi ichki qoʻrquvni yoʻqotgan, xalqini 150-yillik paxta qulligidan qutqargan, demokratiya, inson huquqlari, bozor iqtisodiyoti, ijtimoiy davlatchilikka asoslangan butunlay yangicha tizim poydevorini yarata olgan, asrlar ichra yigʻilib kelayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy chigallarni yechishga erishgan, oʻz el-yurti uchun qaygʻurayotgan milliy yetakchi Shavkat Mirziyoyev ekanini juda yaxshi biladi!
Shuningdek, Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish beshigi boʻlgan, biroq yuz yil burun mustamlakachilar parchalab-maydalab tashlagan tarixiy Turon — endigi Markaziy Osiyoni urush-talash yoqasidan qaytarib, birlashtirish va mintaqaviy taraqqiyot iziga solib yuborishni 1,5 yil, ushbu jarayonga Ozarbayjonning ham qoʻshilishini 9 yilda uddalagan shaxs Oʻzbekiston Prezidenti ekanini ham juda yaxshi biladi!
Nomi bor-u, zarbi yoʻq Turkiy kengashning Turkiy davlatlar tashkilotiga aylanishida hal qiluvchi kuch boʻlgan, turkiy dunyoning birlashtirish imkonini yaratgan yetakchi aynan Shavkat Mirziyoyev ekanini ham juda yaxshi anglaydi!
2025-yil fevralida davlatimiz rahbarining islom olamining sharqiy chekkasida joylashgan Malayziyaga har tomonlama unumli tashrifi 2017-yil mayda Saudiya Arabistoniga rasmiy safaridan keyingi sakkiz yillik jarayon — yangi Oʻzbekistonning musulmon dunyosidagi azaliy oʻrnini tiklashga oʻziga xos birlamchi yakun yasagani, Shavkat Mirziyoyev gʻoyasiga koʻra Toshkentda qad koʻtargan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda barpo etilgan Imom Buxoriy majmuasining tez orada jahon musulmonlarining moʻtabar ziyoratgohlaridan biriga aylanishini qamrab olgan kechmishning ertasi qanday tus olishiga oid tahlillarni u juda yaxshi biladi!
Sovet qoʻshini bostirib kirgandan oʻtgan qirq yilda jilovini hech kimga bermagan afgʻon davlati bilan muomala tilini topa olgan, transafgʻon temir yoʻlini xomxayoldan voqelikka aylantirgan, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Yevropa bilan bir maromli va oʻzaro foydali siyosiy-iqtisodiy hamkorlikni oʻrnatgan, oʻzbek davlati manfaatlari Janubiy Amerikagacha yetib borishini bildirib qoʻygan ham Oʻzbekiston rahbari ekanini u juda yaxshi biladi!
Qisqasi, AQSH Prezidenti Vashingtonga Tinchlik kengashi aʼzolaridan biri emas, balki ham oʻz yurti, ham keng koʻlamli xalqaro munosabatlarda salmoqli natijalarga erishib boʻlgan atoqli arbob — Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurayotganini juda yaxshi anglagan!
Kengashning ilk yigʻilishi Oʻzbekiston yetakchisining mazkur ustunlik va fazilatlarini yana bir marta tasdiqlab berganini butun dunyo koʻrdi, siyosatchilar esida qoldi, tahlilchilar va ommaviy axborot vositalari eʼtibordan qochirmadi. Nufuzli tadbirdagi rasmiy chiqishlarni birma-bir koʻzdan kechirar ekanmiz, ularning koʻpi mezbonga mulozamatdan iborat umumiy yoʻsinda boʻlgani holda Oʻzbekiston Prezidenti oʻz ish uslubiga sodiq qolib, butun diqqatni muammo va yechimiga qaratdi. Jumladan: “Birinchidan, kengash ishi Gʻazo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon berishi kerak. Ikkinchidan, Gʻazoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining soʻzsiz ichki qoʻllab-quvvatlashiga tayanishi lozim. Uchinchidan, barcha saʼy-harakatlar Gʻazoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishi kerak. Toʻrtinchidan, “Biz Yangi Gʻazoni — iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega boʻlgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur”, dedi.
Oʻzbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bogʻchalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qoʻshishga tayyorligi borasidagi taʼkidi esa davlatimiz rahbarining xoh oʻz yurtida boʻlsin, xoh chet elda, muammo bor yerga quruq qoʻl bilan emas, aniq mablagʻ va loyihalar bilan borishdek ish uslubini yana bir bor namoyon etdi.
Vashington Oʻzbekiston rahbarining muammolar hal etiluviga qaratilgan yana bir yondashuviga shaxsan guvoh boʻlganiga urgʻu bermaslik mumkin emas. U ham boʻlsa, chigal yechimini joyidayoq taʼminlash! AQSHdagi yirik bank, ishlab chiqarish, sarmoya tuzilmalari yetakchilari hukumatimiz aʼzolari, hokimlarimiz ishtirokida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bunga shaxsan guvoh boʻldi. Ular Prezidentimizning Oʻzbekiston — AQSH hamkorligi ishonchli, qoidalari aniq-ravshan, uzoq muddatli boʻlishi mantigʻiga asoslanishi borasidagi taʼkidini juda yaxshi tushundi deb oʻylaymiz.
Boshqacha boʻlishi mumkin ham emas. Davlatimiz rahbarining ish uslubi shunday! Aks holda, 12 soatdan ortiq vaqtda 10,5 ming kilometr yoʻl bosib, okeanortidan qaytilgan kuniyoq Qoraqalpogʻistonning bugungi ahvoli tahlili va ertangi rivoji bilan bogʻliq keng qamrovli masala bilan shugʻullanmagan boʻlardi. Shu maʼnoda, 1997-yildan 2016-yilgacha oʻtkazilgan, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining yarim va bir yillik yakunlariga bagʻishlangan deyarli barcha yigʻilish guvohi sifatida bir narsa esga tushadi. Har qanday milliy iqtisodiyotning tirikligi sanalgan pul-kredit sohasidagi vaziyat boʻyicha har gal fikr bildiradigan Markaziy bank raisi “Hammasi yaxshi, faqat Shumanay tumanida ayrim kichik muammolar bor”, deb qoʻyardi. Boshqa iloji ham yoʻq edi. Butun yurt u yoqda tursin, biror hudud, aytaylik, Qoraqalpogʻistondagi ayanchli ahvol, masalan, Moʻynoqning qismati haqida soʻz ochish mumkin emasdi...
Bugun barchasini ochiq aytsa boʻladi. Aytishgina emas, uzoq vaqtlardan buyon yechimini kutib yotgan muammolarni hal qilish imkoni bor! Boʻlganda ham oʻsha hududning oʻzida bor. Masalan, mazkur yigʻilishda Prezidentimiz Qoraqalpogʻiston 270 million tonna sement, 256 million kub metr qurilish va pardozbop toshlar, 200 million tonna ohak, 31 million kub metr keramzit, 27 million kub metr gʻisht xomashyosi, 6,9 million tonna shisha, 6,5 million tonna gips, 4,3 million tonna vermikulit zaxiralariga egaligiga alohida urgʻu berdi. Boshqacha aytganda, har qanday ijtimoiy-iqtisodiy muammo yechimini oʻsha yerning oʻzida topsa boʻladi, aniqrogʻi, boʻlar ekan. Gap ularni koʻrish va yuzaga chiqara olishda.
Yangi Oʻzbekiston shu yoʻldan ketmoqda. Buning isbotini Qoraqalpogʻiston misolida koʻrish mumkin. Sakkiz yil oldin hudud iqtisodiyoti aholi jon boshiga hajm boʻyicha eng oxirgi oʻrinda edi, bugun esa yettinchi oʻringa koʻtarilgan! Ilgari sanoat mahsulotining atigi 4 foizi eksportga chiqqan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 30 foizga yetgan. Umumiy eksport 2016-yildagiga nisbatan 3,5 barobar oshib, 2,1 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Mazkur koʻrsatkichlar orasida diqqatimizni tortib, tahlilga undagani Qoraqalpogʻistonga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy sarmoya hajmi 2025-yili 2,5 milliard dollarga yetganidir. 2016-yil yakunlariga koʻra, butun milliy iqtisodiyotimizga jalb etilgan chet el sarmoyasi va qarzlar 3,7 milliardga teng boʻlgani inobatga olinsa, yangi Oʻzbekistonning har bir boʻlagida yuz berayotgan chindan ham tarixiy va sifat oʻzgarishlarining siri yaqqol oydinlashadi- qoladi.
Qoraqalpogʻiston misolidagi kichik tahlil ushbu sirning nimadaligiga ishora bergan esa-da, soʻzimizni davom ettirib, davlatimiz rahbarining oradan bir hafta oʻtib, Termizga tashrifiga eʼtibor qaratsak.
1998-2004-yillari Surxondaryo viloyatidan Oliy Majlis deputati boʻlgan kamina uchun mazkur voha va el juda yaqin. Deputatlik kezlarida saylovchilar bilan uchrashuvlarga borar ekanmiz, yuqori darajadagi izzat-hurmat, surxonliklarning tanti va mardligiga qaramay, bir kecha ham yotib qolmaslikka intilganimizni bugun tan olamiz. Sababini endi roʻy-rost aytish mumkin: Toshkent ham juda ilgʻorlab ketmagani holda Termiz ancha qoloq edi. Oʻzimiz saylangan Sherobod, Angor tumanlarini aytmasa ham boʻladi. Eng aziz mehmonlar uchun moʻljallangan makon — viloyat hokimligi qoʻnogʻi ham kishini bir tunab ketishga “koʻndira olmasdi”.
Deputatlik uchrashuvlarini oʻtkazishga arzigulik va odam yigʻishga qulay joy maktab boʻlgani uchun oʻqituvchi, oʻquvchilarning haqqoniy ahvolini istasangiz ham, istamasangiz ham koʻrmaslikning iloji yoʻq edi. Oʻshanda ham paxta mavsumi oʻtgach, iliq yo issiqroq kunlarda borilardi. Chunki oʻqituvchiyu oʻquvchilar paxtaga haydalgan oylar — avgust oxiridan dekabrgacha uchrashishga saylovchi yoʻq boʻlardi! Sovuq, qor-yomgʻirli paytlarda borsangiz, maktab, bogʻchalarning isitilmasligi va elektr energiyasi yoʻqligiyu yoʻllarning abgor ahvoli, bogʻcha opa, oʻqituvchilar oyligining kamligiyu pensiyaning yarmi ushlab qolinishi, koʻpchilik mahallalar boshqaruvining binosizligi-yu, borlarida ham kommunal xarajatlarni qanday qoplash lozimligi singari oʻtkir va hayotiy savollarga nima deyishni bilmay qolardingiz...
Eng ogʻiri, ota-onalari, nima qilib boʻlsa-da, chiroyli va ozoda kiyintirib qoʻygan boshlangʻich sinf oʻquvchilarining darsga intilishi, bilimga chanqoqligi, maktabga qatnay boshlaganidan cheksiz quvonishiga shaxsan guvoh boʻlish, biroq shunga yarasha sharoitning yoʻqligini oʻz koʻzingiz bilan koʻrib, buning turli oqibatlarini aqlingiz bilan anglab turish edi...
Prezidentimizning Surxondaryoga bu galgi tashrifidagi tadbirlarga taklif etilganim tufayli Termizni yana bir bor koʻrish, hamkasblar bilan uchrashish imkoni tugʻildi. Yangi Oʻzbekiston davrida Surxonga ilk borishimiz esa 2023-yil bahoriga toʻgʻri kelgandi. Tabiat oʻz sepini yoyib turgan palla boʻlgani sabab Toshkentdan Termizgacha mashinada ketishga jazm qilgan, oʻshanda yangi Oʻzbekiston ruhi butun yurtimizni qamrab olganining guvohi boʻlgandik. 2016-yil kuzida har birimiz, jamiyat va davlat hayotida boshlangan hal qiluvchi va tarixiy oʻzgarishlarning aynan ushbu jihatiga diqqatni tortishimiz bejiz emas.
Gap shundaki, mustamlaka davridan boshlab yangilanishlar pallasigacha kechgan va oʻzimiz eslash, anglash darajasida boʻlgan qirq- ellik yil ichida bir qoida koʻpchiligimiz uchun tabiiy sanalgan. U ham boʻlsa, Toshkentdan chiqib, qay tomon yuzlanmaylik, poytaxt, viloyat va tuman markazlari, qishloqlarimiz oʻrtasida keskin farq borligi darrov sezilardi. Toshkentdagi nisbatan moʻtadil shart-sharoit (yoʻllarning holati, imoratlar, jumladan, uylar, xizmat koʻrsatish darajasi va koʻlami, yonilgʻi quyish shoxobchalarining har holda ishlab turishi va boshqalar) undan uzoqlashgan sayin susayib, yoʻqolib boraverardi.
Qisqasi, “Qaydasan, Termiz”, deb yoʻlga tushib, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari boʻylab yurar ekanmiz, tilga olingan va hech qayerda yozilmagan “oʻzimizga xos va oʻzimizga mos” qoida — poytaxt, shaharlar, qishloqlar oʻrtasidagi keskin ijtimoiy-iqtisodiy tafovut yoʻqqa chiqqaniga shaxsan guvoh boʻldik.
Toʻgʻri, hali qiladigan ishimiz juda koʻp, muammolar ham yetarlicha. Biroq Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan yangilanishlar ruhi jonajon Oʻzbekistonimizning har bir burchagiga yetib borgani va oʻsha yerlardagi hayotni oʻzgarishga majbur qilayotganini hech kim inkor eta olmaydi! Toshkentning kundalik turish-turmushi — meʼmorchiligi, xizmat koʻrsatish tizimi, taʼlim, tibbiyot muassasalari binolari, eng muhimi, uy- hovlilar, mahallalar ichki yoʻllarida yuz berayotgan barcha sifat oʻzgarishlari viloyat, tumanlarimiz, shahar va qishloqlarimizga kirib borib boʻlgan.
Deputatlik yillarimizda necha marta Surxonga kelib-ketgan boʻlsak, birov universitetga ham bir oʻtaylik degan emas, oʻzimizning ham xayolimizga kelganmas. 2023-yilda ushbu dargohga ilk bor qadam bosib, professor- oʻqituvchilar va talabalar bilan rosa gurung qilgandik. Oʻshandayoq universitetning butun infratuzilmasi, oʻquv va ilmiy imkoniyatini koʻrib, ancha-muncha katta va kuchli ekani, mazkur marralarga soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining eʼtibori va qoʻllovi tufayli erishilayotganini bildik.
Universitetga bu gal ham bordik. Uning ilmiy-tadqiqot markazida bajarilayotgan innovatsion ishlanmalar va turli yangi natijalarni koʻrib, bularni rostdan ham oʻzlaringiz qilyapsizmi, bu yerda shunday olimlar bormi degan savolni bir necha marta berishga toʻgʻri keldi. Tasdigʻini olgach, Prezidentimizning maktabgacha va maktab taʼliminigina emas, oliy taʼlim va ilm- fanni butun Oʻzbekiston boʻylab rivojlantirish siyosati qanchalik toʻgʻri va oqilona ekaniga tan berdik, eng asosiysi, maqtasa arzigulik ilk salmoqli natijalarga shaxsan guvoh boʻldik.
Shu maʼnoda, chuqurroq oʻylab koʻrsak, mustaqil boʻlib ham imperiyachilikka xos qarash — siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy boshqaruv, ilm-fan, oliy taʼlim, madaniyat tizginini metropoliya-markazda tutib, mustamlakalarni taraqqiyotdan nari ushlash siyosatini endi oʻz doiramizda davom ettirib yuravergan ekanmiz.
Bunday xulosaga markaz binosining yettinchi qavatida tarixchi, adabiyotchi va tilshunos olimlar, oʻqituvchilar bilan uchrashuv chogʻida tugʻilgan bir tuygʻu uzil-kesil turtki berganini yashirib oʻtirmaymiz. Minbarda turib, ijtimoiy fanlar, xususan, tarix fanini tizim oʻlaroq tubdan oʻzgartirish zarurati, sohadagi ogʻir muammolar va ularning yechimi haqida soʻzlab turarkanmiz, koʻzimiz birdan derazadan koʻrinib turgan koʻp qavatli uy-joylar silsilasi, yangi qad koʻtargan mavzelarga tushib, ochigʻi, gʻalati boʻlib ketdik. Tilda mavzuni davom ettiraversak-da, miya toʻxtamay mantiqli va adolatli savollar bilan oʻqqa tutardi: nega atigi toʻqqiz yil burun bunday manzarani tasavvur etishning oʻzi mumkin emasdi, sement, temir, koʻtargichlarni oʻzimizda topish shunchalar qiyinmidi, boshqalar yurtida quruvchilik qilib yurgan surxonliklar bu yerda uylar qurolmasmidi, “Toʻpalang”dan tayyor ichimlik suvni tortib kelib, 1,5 million qorakoʻz — butun viloyat ahlining yarmidan koʻpini baxtli qilishga nima xalal bergandi, bugun Termizning aylanma yoʻllari ham kaftdek tekislikda azim Toshkentdagidan qolishmayotganda, oʻn yil burun hatto Sharq darvozasi koʻchalarini asfaltlashga mazut topilmaganining siri nimada edi?!
Savollar tugʻilishi Prezidentimizning Surxondaryo viloyatini har tomonlama rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishdagi maʼruzalarini tinglash, ushbu tadbirdagi xalqchil muhitni kuzatish chogʻida ham davom etdi.
Soʻnggi toʻqqiz yilda vohada bogʻchaga qamrov 28 foizdan 68 foizga oshgani, 23 ta yangi maktab qurilib, yana 448 tasi taʼmirlanganiyu qoʻshimcha 102 ming oʻquvchi oʻrni ochilgani, 688 ta koʻp qavatli uyga 32 ming oila koʻchib oʻtgani, Angor, Boysun, Jarqoʻrgʻon, Sariosiyo va Termiz tumanlarida “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etilayotgani, baʼzi maktab oʻqituvchilarining 2000 dollarga teng daromad topayotganiga oid maʼlumotlar oʻta quvonarli va hatto hayratlanarli. Bundan tashqari, tilga olingan koʻrsatkichlar zamirida yuz minglab surxonliklar taqdiri, loʻnda aytganda, ularning ham bu dunyoga kelib, XXI asr odamiga oʻxshab yashash, oʻgʻil-qizlarining kamoli va baxtini koʻrish umidi va istagi ushalayotgani haqiqati borligi koʻzda tutilsa, nahotki, shu ishlarni oldinroq qilishning iloji yoʻq edi degan savol oʻz-oʻzidan quyilib kelishi tabiiy.
Bu singari adolatli savol-soʻroqlar kaminadagina emas, balki soʻnggi toʻqqiz yilda oʻz oilasi, mahallasi, qishlogʻi, shahrining turish-turmushi, chirogʻi, gazi, suvi, mahalla guzari, farzandlari qatnayotgan bogʻcha-maktab, universitetlar, oʻzi va yaqinlari muolaja oladigan poliklinika, shifoxona, yuradigan yoʻli, bank, moliya, xizmat koʻrsatish tarmoqlarining soni va sifati, chet ellarga sayohati, qoʻyingki, oʻta qisqa muddatda barcha-barcha sohada yuz bergan va yuz berayotgan tub, ayrim jihatlardan aytganda esa kechagina hatto orzu qilish mumkin boʻlmagan oʻzgarishlarni koʻrib, bilib turgan yurtdoshlarimizda ham tugʻilmoqda.
Olti-yetti yil burun yangilanish jarayonining ilk natijalarini koʻrgan odamlarimiz “Bizda ham qilsa boʻlar ekan-ku”, deya ham quvonish, ham qoniqish tuygʻularini bildirgan boʻlsa, endi “Shu ishlar nega ilgari qilinmagan?” degan savolni qoʻymoqda. Shaxsan biz uchun mana shunisi oʻta muhim. Negaki bu — qorakoʻzlarimiz tafakkurida yuz berayotgan sifat oʻzgarishlarining tasdigʻi. Demak, yurtdoshlarimiz oʻz taqdirining ojiz tomoshabini emas, balki haqqoniy egalari boʻlish sari ildamlamoqda. Endi ularga “boʻlar ekan-ku”, deyish qiziqmas, ular “nega ilgari boʻlmagani”ni bilishni istamoqda! Demak, hozir ularga oʻtmishda boy berganlarimizning ham, keyingi toʻqqiz yilda qoʻlga kiritilgan barcha marra va yutuqlarimizning ham sabab va omillarini tushuntiruvchi tahlillar kerak.
Mazkur ish bugun unchalik ham qiyin emasligini bilamiz. Chunki ixtiyorimizda har bir oila, mahalla, qishloq va tuman hayoti, tarmoqlar rivoji bilan bogʻliq cheksiz va jonli dalillar bor. Milliy axborot makonimiz va statistika koʻrsatkichlarining koʻlami ham juda keng. Bu borada, ayniqsa, Prezidentimizning har bir chiqishi va tahlili oʻta qoʻl kelishini ham alohida taʼkidlagan boʻlardik. Aytaylik, Surxondaryo hayotidagi tarixiy oʻzgarishlarning iqtisodiy omili Termizdagi maʼruzada aniq-tiniq koʻrsatilgan: oʻtgan davrda hududda 5 milliard dollarlik 8000 dan ortiq loyiha ishga tushirildi. Xitoy, AQSH, Rossiya, Hindiston, Avstriya, Vengriya kabi davlatlar bilan investitsiya va savdo boʻyicha yana 10 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi.
Demak, viloyatdagi marralar, eng avvalo, hudud iqtisodiyotida roʻy bergan tub sifat oʻzgarishlari bilan bogʻliq. Agar yuqorida tilga olingan maʼlumot — 2016-yili milliy iqtisodiyotimizga chetdan bor-yoʻgʻi 3,7 milliardlik sarmoya va qarz jalb etilganini eslasak, bugun birgina Qoraqalpogʻiston yoki Surxondaryoning iqtisodiy qudrati butun bir davlatimizning kechagi koʻrsatkichidan qolishmayotganini tasdiqlaydi-qoʻyadi.
Termizdagi yigʻilish kamina uchun yana bir jihati bilan qimmatli boʻldi. U ham boʻlsa, tarix xalqniki boʻlgani holda, uni aslida shaxslar yaratishiga oid qarashimizni tasdiqlovchi hamda istiqlol yillari roʻy bergan ayrim voqealar boʻyicha bilimimizni boyituvchi qimmatli dalillarni qoʻlga kiritishga erishdik.
Davlatimiz mustaqilligi tiklangach, oldimizda turgan eng katta va ogʻir ishlardan biri Oʻzbekistonni xalqaro maydonda tan oldirishdan iborat boʻlgani hali-hamon esimizda. Shu maʼnoda, Eron Prezidenti Ali Akbar Hoshimiy-Rafsanjoniyning 1993-yil oktyabrdagi davlat tashrifi alohida ahamiyat kasb etishi tabiiy edi. Ushbu yuksak martabali mehmon kamina oʻsha kezlarda ishlab turgan Sharqshunoslik institutiga ham kelgan va olimlar bilan uchrashgan. Bundan, ayniqsa, biz, eronshunoslar juda quvonganmiz. Shu tariqa ushbu yurtga yoʻl ochilishi, u yerda saqlanayotgan, tariximizga oid qoʻlyozma asarlardan bahramand boʻlishga umid qilganmiz. Biroq davlatimiz rahbari Termizdagi yigʻilishda aytib bergan bir tarixiy tafsilot — oʻsha kuni institutimiz binosidan bir necha oʻn qadam narida yuz bergan voqea endigina mustaqil qadamini qoʻyayotgan mamlakatimiz shaʼniga oʻchmas dogʻ tushirishidan tashqari yangi Oʻzbekistonimiz asoschisi bosib oʻtgan yoʻlning qanchalar qaltis boʻlganini koʻrsatib berdi.
Demak, oʻsha kuni ertalabki soat 10 da ikki davlat rahbarlari Mirzo Ulugʻbek haykaliga hurmat bajo keltirib, soʻng Sharqshunoslik institutiga oʻtishi rejalashtirilgan. Bundan oʻsha kezlari Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi boʻlgan, mazkur maʼmuriy hudud uchun birinchi javobgar shaxs — Shavkat Mirziyoyev ham xabardorligiyu tashrif bilan bogʻliq barcha tegishli tayyorgarlik ishlari koʻrib qoʻyilgani tabiiy. Ammo soat oʻnta kam yettida — davlat miqyosidagi tadbirga uch soatcha qolganida, haykalning boshi tom maʼnoda kesib ketilgani maʼlum boʻlishi hech qanaqasiga, kutilmaganligidan tashqari, bugun ham aqlga sigʻmaydi.
Bundan tez xabar topgan Shavkat Mirziyoyev sarosimaga tushmagan, bunday paytlarda har qanday insonni egallab olishi muqarrar chorasizlik his-tuygʻulariga ham berilmagan. Qolaversa, oʻsha kezlari ayrim kattakonlarning qanday boʻlmasin, uni yoʻqotish payiga tushganlariyu katta kuch sarflaganiga qaramay, oʻziga qarshi biror ayb topolmagani va topolmasliklarini ham yaxshi bilgan. Oʻsha hal qiluvchi daqiqalarda xayolini nima band qilganini Prezidentimizning oʻzi mana bunday tushuntirib berdi: “Ularning muddaosi bitta boʻlgan — meni yoʻqotish, biroq men-ku, mayli, ular hatto millatimiz va davlatimiz obroʻsiga yetkaziladigan ulkan ziyon haqida oʻylab ham oʻtirmagan”.
Eng muhimi, oʻta qisqa muddatda haykalni oʻzidek qilib tiklab, oliy maqomdagi mehmonning ham Mirzo Ulugʻbek haykali, ham Sharqshunoslik institutiga tashrifini yuksak darajada oʻtkazishni taʼminlagani haqida eshitganimizda oʻsha oʻta xunuk, biroq oxiri xayrli tugagan voqeadan 33 yil oʻtib, Donald Trampning “Prezident Mirziyoyev har qanday muammoni hal qiladigan inson”, deb aytganini esladik.
Chindan ham Shavkat Mirziyoyev 2016-yil kuzidan emas, allaqachondan buyon millati, davlati, xalqiga qaygʻurib kelgan, butun borligʻi va umrini qorakoʻzlarining ogʻirini yengil, hayotini baxtli qilishga bagʻishlagan, yangi Oʻzbekistonni yaratishdek oʻta ogʻir va qaltis, biroq sharafli ishga ishonch bilan kirishgan, juda qisqa muddatda umummilliy va xalqaro miqyosda olamshumul marralarni zabt eta olgan buyuk shaxsdir.
Azamat ZIYO,
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi
Tarix instituti direktori,
akademik