Sportchilarimiz erishgan zafarlar yurtimizdagi deyarli har bir xonadonda tantana qilindi. Bir soʼz bilan aytganda, Vatan sharafi himoyasi butun Oʼzbekistonni bir bayroq ostida birlashtirdi.
Shohsupada Oʼzbekiston nomi eʼlon qilinishi, bayrogʼimizning yuksak hilpirashi, davlatimiz madhiyasi yangrashi shu mamlakatda yashayotgan, shu yurtga oʼzini daxldor bilgan har bir fuqaroning qalbida gʼurur va iftixor tuygʼularini joʼshtirdi.
Taʼkidlash joizki, bu safargi Olimpiada oʼyinlari pandemiya sharoitida, biroz oʼzgacha koʼrinishda oʼtgani bilan ham tarixda qoldi. Shunday boʼlsa-da, joriy yilning 23 iyulidan 8 avgustiga qadar boʼlib oʼtgan Tokio Olimpiadasida oʼzbekistonlik sportchilar 3 oltin va 2 bronza medalni qoʼlga kiritdi. Shu tariqa, Oʼzbekiston medallar jamgʼarish boʼyicha umumjamoa hisobida 32, MDH mamlakatlari orasida 2, turkiy tilli va Markaziy Osiyo davlatlari ichida 1-oʼrinni egalladi.
Shuningdek, mamlakatimiz ogʼir atletikachilari ketma-ket Olimpiada rekordini yangiladi.
Jamoamizga ilk oltin medalni taekvondo ustasi Ulugʼbek Rashidov taqdim etdi. 19 yoshli sportchimiz Oʼzbekiston tarixida Olimpiada oltin medalini qoʼlga kiritgan eng yosh sportchi sifatida qayd etildi.
21 yoshli ogʼir atletikachimiz Аkbar Joʼraev umumiy hisobda 430 kilogramm toshni oʼziga boʼysundirib, Olimpiya rekordini oʼrnatdi va jamoamizga ikkinchi oltin medalni keltirdi.
Bahodir Jalolov finalda amerikalik bokschini taslim qilgan holda Oʼzbekistonga, xalqimizga uchinchi oltin medalni tuhfa qildi.
Oʼzbek dzyudosining umidli vakili Davlat Bobonov va erkin kurashchimiz Behzod Аbdurahmonov esa bronza medalni qoʼlga kiritdi.
* * *
9 avgust oqshomi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti bayramona bezatilgan. Bu yerda Tokio Olimpiadasi ishtirokchilarining ota-onalari, yaqinlari, parlament va hukumat aʼzolari, davlat va jamoat arboblari, ijodkor-ziyolilar, jurnalistlar jam boʼlgan.
Hamma hayajonda. “Oʼzbekiston” deb yozilgan, bayrogʼimiz aksi tushirilgan samolyot ohista qoʼndi. Karnay-surnay sadolari, olqishlar ostida sportchilarimiz va ularning murabbiylari tantanali kutib olindi.
Toshkent aeroporti maydonida tashkillashtirilgan marosimda soʼzga chiqqan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboeva, Oʼzbekiston xalq shoiri M.Toir, Oʼzbekiston xalq artisti Yo.Saʼdiev, Tokio Olimpiadasi oʼyinlari gʼoliblari, ularning yaqinlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan mamlakatda sportni rivojlantirishga, sportchilarni qoʼllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani, buning uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotganini eʼtirof etib, bunday gʼamxoʼrlik uchun minnatdorlik bildirdi.
— 2019 yil Prezidentimizga bergan vaʼdamni bajardim. Gʼalabamni Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligiga bagʼishlayman, deb niyat qilgan edim. Shu niyatim, orzuimga ham yetdim. Gʼalabaga osonlik bilan erishilmaydi. Murabbiylarimiz bilan koʼp mehnat qildik, Tokioda turib ham yurtdoshlarimizning qoʼllab-quvvatlovini his qildim. Xalqimizga ming rahmat. Bizga barcha sharoitlarni yaratib bergan Prezidentimizdan alohida minnatdormiz. Hammasi
uchun tashakkur, — dedi Tokio Olimpiadasi oltin medali sohibi, jahon chempioni Bahodir Jalolov.
Sportchilarimiz “Yangi Oʼzbekiston — yangi gʼalabalar!” shiori bilan bezatilgan ochiq avtobuslarda poytaxt koʼchalari boʼylab yoʼlga chiqdi. Vaqt allamahal boʼlishiga qaramay, yoʼl boʼyida minglab yurtdoshlarimiz oʼz qahramonlarini koʼtarinki kayfiyat va minnatdorlik hissi bilan olqishlab turdi.
Oʼzbekiston Milliy olimpiya qoʼmitasida sportchilarimizni tantanali taqdirlash marosimi boʼlib oʼtdi.
Tokio Olimpiadasi medallariga musharraf boʼlgan sportchilarga Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sovgʼalari — yengil avtomashina va uylarning kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
Sportchilarimizni kutib olish va taqdirlash marosimlarida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi А.Аbduvoxitov, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri А.Аripov ishtirok etdi.