Kuni kecha internet (yuz.uz — izoh sayt ijodkorlariniki)nashrida “Vatan uchun qurbon boʻlgan IIB xodimining muhtoj oilasiga nega yordam koʻrsatilmadi?” sarlavha ostida maqola eʼlon qilindi. Bu esa koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Unda keltirilishicha, 2000-yil antiterror tadbirlarida yurt tinchligini taʼminlash yoʻlida qurbon boʻlgan serjant Ikrom Saidahmedovning bevasi Barno opa, II guruh nogironi boʻlgan oʻgʻli Saidolim ayni kunda qiynalib yashayotgan boʻlishiga qaramasdan pandemiya davrida muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “temir daftar”ga kiritilmagan. Ushbu oila moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi mazkur masalani oʻrganib, oʻz nazoratiga oldi hamda tegishli mutasaddilarga koʻrsatma berdi.

Taʼkidlash joizki, Ichki ishlar sobiq serjanti Saidahmedov Ikromjon Satimboyevich Toshkent viloyati IIB Yongʻin xafsizligi boshqarmasiga bevosita boʻysunuvchi 18-yongʻin xavfsizlik qismi katta yongʻin oʻchiruvchisi lavozimida 1996-yilning mart oyidan 2000-yilning sentyabr oyiga qadar xizmat qilgan.

2000-yilning 23-sentyabr kuni Boʻstonliq tumani togʻli hududlarida oʻtkazilgan “Antiterror” tadbirida yongʻinni oʻchirish vaqtida alanga ichida qolib ketgan va jarohatlanishiga qaramay, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va davlat mulkini saqlash yoʻlida halok boʻlgan.

Vafotidan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 12-yanvar kunidagi Farmoniga asosan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

2020-yil 12-avgust kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aralashuvi bilan marhumning oila aʼzolari holidan xabar olindi. Ularga 1 mln. soʻm miqdorida naqd pul shaklida moddiy yordam, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Shu bilan birga, hozirda B.Saydahmedova va uning oʻgʻli II guruh nogironi Saidolim Boʻstonliq tuman tibbiyot birlashmasida davolanishi, davo muolajalari tugagach, ularni ish bilan taʼminlash masalasi ham ijobiy hal etildi. Qolaversa, Boʻstonliq tuman hokimligi tomonidan ushbu oila “temir daftar”ga kiritilib, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanadigan boʻldi.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, Vatan uchun jonini fido qilgan, Yurt tinchligi yoʻlida qurbon boʻlgan mard va jasur oʻgʻlonlarimizning jasorati va qahramonligini har qancha ulugʻlasak arziydi. Ularning xotirasini yod etib, oilasi holidan xabar olish xalqimizga xos ezgu qadriyatlardandir. Zotan, mard oʻgʻlonlar jasorati aslo unutilmaydi.