Ushbu xayrli tadbirlar O‘zbekiston Prezidentining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda.
Uchrashuvlar “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida, o‘zaro ishonch va do‘stlik muhitida o‘tmoqda. Bunday tadbirlar o‘zbek diasporasi ichidagi hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Uchrashuvlarda O‘zbekistondan taklif etilgan imomlarning maʼnaviy-maʼrifiy suhbatlari iftorliklarga o‘zgacha shukuh bag‘ishlamoqda.
Iftorliklar ochiq muloqot, mahalla hayotidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, o‘zaro yordamni kengaytirish va saʼy-harakatlarni birlashtirish maydoniga aylanmoqda. Og‘ir ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarimiz va oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu ishlar tizimli ravishda va O‘zbekistonda jamoatchilik hamjihatligini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan siyosatga hamohang tarzda amalga oshirilyapti.
O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari o‘tkazilayotgan iftorlik tadbirlarida faol ishtirok etib, vatandoshlar bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlamoqda, diaspora vakillari bilan aloqalarni yana-da rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.
Ramazon kunlari shunga o‘xshash tadbirlar AQSHning o‘zbeklar zich yashaydigan boshqa shtatlarida, jumladan, Ogayo, Illinoys va Nyu-Jersida ham davom ettiriladi.
AQSHdagi o‘zbek hamjamiyati tomonidan o‘tkazilayotgan bunday formatdagi tadbirlar o‘zaro yordam tamoyillariga sodiqlikni izchil namoyish etib, Vatan bilan aloqalarni mustahkamlash va xalq diplomatiyasini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.