Oʻrganish mobaynida ishchi guruh tumanlardagi oʻquv sport texnika klublari (OʻSTK) xodimlari tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlar orasida harbiy-vatanparvarlik targʻiboti, hududlarda sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, yoshlarni kasbga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Husan Botirov “Vatanparvar” tashkilotining Toshkent viloyati kengashi tasarrufidagi deyarli barcha muassasalar, jumladan, Bekobod, Boʻka, Piskent, Chinoz, Quyichirchiq va Qibray tumanlari hamda Bekobod, Nurafshon, Gʻazalkent, Angren, Ohangaron, Yangiyoʻl, Eshonguzar va Keles shaharlari oʻquv sport texnika klublari asosan aholini haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari bilan mashgʻul boʻlib qolgani tanqid ostiga oldi. “Bu muammo nafaqat Toshkent viloyatida, balki barcha hududiy kengashlarimizda kuzatilyapti. Oqibatda bunday holatlar aholida «Vatanparvar” tashkiloti – faqat haydovchilarni tayyorlash bilan shugʻullanadigan tashkilot, degan notoʻgʻri tushunchaning shakllanishiga olib kelgan», dedi H.Botirov.
Bundan tashqari, respublika miqyosida tashkilot tizimida avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, harbiy amaliy koʻpkurash, havo miltigʻidan oʻq otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlari yoʻlga qoʻyilganiga qaramay, Toshkent viloyatidagi aksariyat OʻSTKlar oʻq otish va yozgi biatlon bilan cheklanib qolgan. Angren shahri oʻquv sport texnika klubida esa faqatgina karting yoʻlga qoʻyilgan. Husan Botirov viloyatda triatlon va duatlon sport turlarini joriy etishga toʻliq imkoniyat borligini, biroq OʻSTKlar rahbarlari bu borada hech qanday tashabbus koʻrsatmaganligini tanqid qildi.

H.Botirov 2021-yilgi Davlat dasturining 170-bandi ijrosi jarayoni, jumladan, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan muhtoj oilalar farzandlarini OʻSTKlar tarkibidagi haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida bepul oʻqitilishi bilan bogʻliq tashkiliy ishlar juda sust ketayotganligini bildirdi.
Ishchi guruhga, shuningdek, Davlat dasturiga muvofiq, yoshlarni talabgor boʻlgan kasblarga bepul oʻqitish boʻyicha Qibray tumani hamda Angren, Olmaliq va Keles shaharlarida tashkil etilayotgan tumanlararo markazlar boʻyicha axborot berildi. Mazkur markazlarda fuqarolar 5 xil kasbga – vulkanizator, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, chilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari boʻyicha oʻqitilishi moʻljallanmoqda.
Bundan tashqari, Chirchiq shahrida nafaqat Toshkent viloyati, balki qoʻshni Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolar yuk ortuvchi transport, avtogidro-podyomnik, yuk mashinasi krani, gʻildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator boshqaruvi boʻyicha oʻqitilishi rejalashtirilayotgan mintaqaviy markaz tashkil etilmoqda.
Eʼtiborlisi, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar yuqoridagi kasblarga bepul oʻqitilishi rejalashtirilgan.
H.Botirov ushbu oʻquv kurslarini tashkil etish bilan bogʻliq tayyorgarlik ishlari ham talab darajasida emas, deya baholadi. U bu ishlarga masʼul xodimlarni ogohlantirar ekan, aniqlangan kamchiliklar tez kunlar ichida bartaraf etilmasa, masʼul xodimlarga qattiq taʼsirchan choralar koʻrilishini bildirdi. “Oʻz ishiga loqaydlik va masʼuliyatsizlik bilan qaragan xodimlar kechirilmaydi”, deya taʼkidladi ishchi guruh rahbari.
“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Toshkent viloyati tuman, shaharlarining bandlik va mehnat munosabatlari hamda Yoshlar ishlari agentligi boʻlimlarining masʼul xodimlari bilan suhbatda boʻlib, yuqoridagi oʻquv kurslarga “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni jalb etish tartibini muhokama qildi va ularga bu boradagi oʻz takliflarini bildirdi. OʻSTKlar rahbarlariga ushbu masalalar yuzasidan tuman va shahar hokimliklaridagi Vasiylik kengashlari bilan muntazam ish olib borishni topshirdi.

Xizmat safari yakunida H.Botirov “Vatanparvar” tashkilotining Toshkent viloyati kengashi binosida yigʻilish oʻtkazdi. Ishchi guruh rahbari viloyatda olib borilayotgan ishlar talab darajasida emasligini yana bir bor taʼkidladi. Tumanlar va shaharlardagi oʻquv sport texnika klublari aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni kasbga oʻqitish hamda sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish borasidagi faoliyatini favqulodda kuchaytirishi lozimligini bildirdi. Shuningdek, oʻrganish davomida OʻSTK rahbarlarining sohaga doir meʼyoriy hujjatlardan xabardorlik darajasi ham talabga javob bermasligi aniqlandi. Yigʻilish soʻnggida joylarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va Toshkent viloyati kengashi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha masʼul shaxslar va muddatlar belgilandi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Azudinovich Botirov boshchiligidagi ishchi guruh bundan avval Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan, Andijon va Fargʻona viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat safarida boʻlgandi.
Viloyatlar boʻylab xizmat safarlari davom etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi
Matbuot xizmati