Unda Qoʻmita aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida koʻrib chiqiladigan masalalar dastlabki tarzda muhokama etildi.
Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, amaldagi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 287-moddasi 2-bandiga muvofiq chegara qoʻshinlarining qonuniy talablariga boʻysunmaslik, chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilarining Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtish, zarur hujjatlarni taqdim etish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik, qonuniy talablarni bajarmaslikka har qanday koʻrinishda omma oldida daʼvat etish, shuningdek chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilarining oʻz qonuniy faoliyatini amalga oshirishiga qarshilik koʻrsatish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda, chegara qoʻshinlariga huquqbuzarlarni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish vakolati berilgan.
Biroq chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish davomida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 22721 va 22723-moddalarida nazarda tutilgan, yaʼni tovarlar va transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali bojxona organlari tomonidan belgilangan joylarni chetlab yoki bojxona rasmiylashtiruvining belgilangan vaqtidan tashqari paytda olib oʻtish bilan bogʻliq sodir etilgan huquqbuzarliklar bojxona postlaridan uzoq hududlarda sodir etilganligi aniqlanganda mazkur huquqbuzarlik holatlarini tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtirish talab etiladigan vaziyatlar yuzaga kelmoqda.
Shu bois Kodeksga tegishli oʻzgartirishlar kiritilib, chegara qoʻshinlariga ushbu moddalarda nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni, huquqbuzarlik transport vositalaridan foydalanib sodir etilganida esa mazkur transport vositalarini ushlab turish vakolati berilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan mamlakat chegaralarini qoʻriqlash va himoya qilish sohasida xorijiy tajriba oʻrganilgan.
Qonunning qabul qilinishi fuqarolar ortiqcha vaqt sarflashining hamda byudjet mablagʻlari maqsadsiz sarflanishining oldini olinishiga xizmat qilishadi.
Shuningdek, tadbirda mamlakatimizda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini taʼminlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasi ham muhokama etildi.
Qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining portlashi bilan bogʻliq salbiy holatlar yuz berishiga qator omillar sabab boʻlayotgani aniqlangani qayd etildi.
Xususan, avtotransport vositalariga noqonuniy gaz moslamasini oʻrnatish va ularning oʻz vaqtida texnik koʻrikdan oʻtkazilmaslik holatlari yilda-yilga koʻpayib borayotgani taʼkidlandi. Bu esa avtotransport vositalari portlashi bilan bogʻliq mudhish hodisalarni vujudga keltirmoqda.
2021-yil davomida respublika boʻyicha gaz ballonlari oʻrnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash hamda 2 ta yongʻin chiqish holatlari sodir boʻlib, ularda 9 nafar fuqaro jarohatlangan va 14 nafar fuqaro halok boʻlgan.
Shuningdek, avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stansiyalarida gaz ballonlarini toʻldirishda belgilangan talab va tartiblarni buzish holatlari koʻplab uchramoqda.
Ularni avtomobillarga oʻrnatish va tegishli uskunalarni sinovdan oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatilmaganligi, gaz ballonlarining texnik sinovdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida qalbaki dalolatnomalar rasmiylashtirish holatlari mavjudligi qayd etildi.
Senatorlar yana bir masalaga eʼtibor qaratdi. “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunning 8-moddasida Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi belgilangan.
Lekin gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini taʼminlashga oid normativ-huquqiy hujjatlarning aksariyati rus tilida qabul qilingan.
Majlisda boshqa masalalar ham muhokama qilinib, Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.