Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi 26-oktyabr kuni Oʻzbekistonda 2020-yilning sentyabr oyida kuzatilgan inflyatsiya darajasi haqida umumiy maʼlumotlarni eʼlon qildi.
Unga koʻra, shu oyda isteʼmol narxlari indeksi oylik 1,4 foizni tashkil etdi. Oʻtgan yilning mos davrida mazkur koʻrsatkich 1,3 foizga teng boʻlgan.
«Sentyabr oyidagi inflyatsion dinamika tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, narxlar oʻsishining asosiy sababi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishining konyunkturasi boʻlib, bu oʻz navbatida goʻsht va yogʻ-moy mahsulotlari, non mahsulotlari va tuxum narxlarining qimmatlashishi, shuningdek meva-sabzavot mahsulotlari narxining mavsumiy oshishi bilan izohlanadi.
Yuqorida sanab oʻtilgan mahsulot guruhlaridan, birinchi navbatda, goʻsht mahsulotlari narxlarining oʻsishi asosiy sabablari quyidagilardir:
— yem-xashak bazasi uchun xomashyo, xususan, paxta xomashyosi, poʻstloq va yem aralashmasi zaxiralarining mavsumiy kamayishi. Bu oʻz navbatida, mazkur mahsulotlarning birja narxlarining mos ravishda 17, 21 va 27 foizga oshishiga olib keldi;
— Qozogʻiston tomonidan eksport cheklovlari tufayli qoramol importini qisqarishi. Misol uchun 2020-yilning 8 oy natijasiga koʻra, mamlakatda 25 ming bosh yirik va 12,5 ming bosh mayda qoramol import qilingan. 2019-yilning 8 oylik natijalariga koʻra, mazkur koʻrsatkichlar mos ravishda 146 ming va 258 ming bosh qoramolni tashkil qilgan;
— 2020-yilning avgust oyi oʻrtalarida karantin cheklovlarining olib tashlanganidan soʻng, faoliyatini tiklagan ommaviy ovqatlanish korxonalarining goʻsht va goʻsht mahsulotlariga boʻlgan talabining oshishi. Shu bilan birga, 2020-yil yanvar-sentyabr oylarida Oʻzbekistonda 1840 ming tonna (tirik vaznda) goʻsht ishlab chiqarilgan (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga koʻproq). Bundan tashqari, 2020-yil yanvar-sentyabr oylarida 14 ming tonna mol goʻshti va 20 ming tonna tovuq goʻshti import qilingan», — deyiladi vazirlik maʼlumotnomasida.
Goʻsht narxi oʻsishi tashqi omillar taʼsiridan tashqari, ichki bozorlardagi tartibga solinish mexanizmlarining samarasizligi tufayli yuzaga kelgan deyish mumkin.
“Bu, oʻz navbatida, ishlab chiqarish darajasining kamtarona oʻsishiga qaramasdan, goʻsht mahsulotlarini yetkazib berishning yetarli darajasini taʼminlash uchun ozuqa bazasining rivojlanmaganligi bilan bogʻliq”, — deyiladi vazirlik maʼlumotida.
Garchi ichki va tashqi xavflar biroz pasaygan boʻlsa-da, dunyoda koronavirus bilan kasallanishning koʻpayishi va mamlakatda karantin choralarini qayta joriy etilishi mahsulot taʼminotidagi uzilishlarga olib kelib, oxir-oqibat ayrim tovar bozorlariga talab va taklifdagi nomutanosibliklar paydo boʻlishiga, bundan tashqari Oʻzbekistonda inflyatsiyaning mos ravishda tezlashishiga taʼsir qilishi mumkin.
Oziq-ovqat narxlari dinamikasining oʻzgaruvchanligi, birinchi navbatda, ishlab chiqarish, yetkazib berish va saqlash tizim zanjirini toʻliq shakllanishi bilan bogʻliq. Bunda, taʼminot hajmi va barqarorligini oshirishga, mahsulot sifatini yaxshilashga va natijada yoʻqotishlarni kamaytirishga va saqlash muddatini koʻpaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ularning taʼsirini tenglashtirishga yordam beradi.