Bu kabi xabarlarga Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi quyidagicha izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son hamda 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmonlari bilan maʼmuriy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlar davomida shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarni ish beruvchi tomonidan ishga joylashtirish choralarini koʻrishi belgilangan.
Hozirgi kunda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarga mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan. Mehnat kodeksining 102-moddasi talablaridan kelib chiqib, ogohlantirish muddatlarini uzaytirish ish beruvchining huquqi hisoblanadi.
Amaldagi Mehnat kodeksining 100-moddasi birinchi qismi 1-bandida ogohlantirish muddati kamida ikki oy oldin berilishi kerakligi belgilangan. Shunga koʻra ish beruvchi tomonidan ushbu ogohlantirish muddatini uzaytirish qonuniy hisoblanadi.
Bu jarayon xodimga ogohlantirish muddati uzaytirilganligi maʼlum qilingan xat (xabarnoma) taqdim etish orqali amalga oshirilishi tavsiya etiladi.
Belgilangan muddatlarda ishga joylasha olmagan xodimlarning ogohlantirish muddatini uzaytirish ularga oʻziga maqbul ish oʻrni topishida imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarning ishdan boʻshatilishi toʻgʻri rasmiylashirilganligi, yetarli asoslar mavjudligi va belgilangan tartibga rioya etilganligini qayta koʻrib chiqishni tavsiya etamiz.
Amaldagi Mehnat Kodeksining 92-moddasiga koʻra, shtatlar soni qisqartirilgan ish beruvchi xodimni ishga joylashtirish choralarini koʻrishi shart. Ushbu talabga rioya yetilmagan taqdirda noqonuniy ishdan boʻshatish hisoblanadi.