Chunki har kuni yuzlab yurtdoshlarimiz oʻziga kasallikni yuqtirib olmoqdalar. Bu kasallikdan oqibatidagi oʻlim ham “yosharib bormoqda”, 50, 43, 40 va hatto, 35 yoshli insonlar koronavirusga chalinish natijasida hayotdan koʻz yumdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maʼlumotlarga qaraganda, iyul oyining birinchi haftasida karantin talablarining yumshatilishi natijasida koronavirus bilan kasallanganlar soni 2167 kishiga koʻpaydi. Shulardan 1267 (58%) holat aholi orasida aniqlangan. Agar may oyida kunlik oʻrtacha 51ta holatda kasallik qayd etilgan boʻlsa, iyun oyida bu koʻrsatgich 163ni tashkil etdi. Iyul oyining boshidan boshlab kuniga oʻrtacha 324tadan virus bilan kasallanish holatlari aniqlanmoqda.
Mutaxassislar mamlakatimizda koronavirusning navbatdagi toʻlqini kuzatilayotgani, sogʻliqni saqlash tizimi tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarning oʻzigina yetarli emasligi, kasallikning aholi orasida tarqalishi koʻpayib boraverar ekan, bemorlarni oʻz vaqtida davolash va asrab qolishda jiddiy muammolarga duch kelishimiz mumkinligini taʼkidlashmoqda. Tibbiyot muassasalaridagi ogʻir ahvoldagi bemorlar holati haqidagi videotasvirlar omma eʼtiboriga havola etilyapti. Kasallik tarqalishi va oʻlim holatlari bilan bogʻliq maʼlumotlar ham oshkora aytilmoqda. Vaziyat chindan ham tahlikali, ammo biz bundan hushyor tortyapmizmi?
Afsuski, ha deb aytolmaymiz. Mamlakatimizda shu yil 10-iyuldan boshlab 1-avgustgacha navbatdagi kuchaytirilgan karantin tartib-qoidalari joriy qilinganiga qaramay, koʻcha-koʻyda, savdo doʻkonlarida, jamoat joylarida bemaqsad yurgan fuqarolarni uchratyapmiz. Tibbiy niqobdan foydalanish, uyda qolish goʻyoki ularning joniga tekkan. Ammo shu aniqki, oilasidan kimdir yoki uning oʻzi kasallikni yuqtirib olsa, Xudo koʻrsatmasin, buning oqibatida yorugʻ olamni tark etsa, oʻsha inson oʻzini emas, balki tibbiyot xodimlarini, oʻzgalarni ayblashi, shubhasiz.
Hukumatimiz tomonidan pandemiya davrida aholini ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashning yangi tartib-tamoyillarini hayotga tatbiq etyapti, chora-tadbirlar ishlab chiqilyapti. Hokimliklar, masʼul idoralar, sogʻliqni saqlash tizimi mutasaddilaridan tortib, to eng kichik vazifadagi xodimlarigacha tinim bilayotganlari yoʻq. Ularning koʻplari salkam besh oydirki, halovat, dam olish nimaligini ham unutishdi, charchashdi, toliqishdi. Biroq oʻz vazifasini, ish joyini tashlab ketayotganlari yoʻq. Ularning ahvolini oʻz koʻzi bilan koʻrgan insongina beparvolik, karantin tartib-qoidalarini mensimaslik qanday oqibatlarga olib kelishini yaqqolroq tasavvur etishi mumkin.
Aziz yurtdosh, oʻz sogʻligingizga oʻzingiz masʼul ekanligingizni unutmang. Ortingizda oilangiz, jondan aziz yaqinlaringiz turibdi. Koronavirus infeksiyasi – aniq davosi, dorisi topilmagan kasallik. U qisqa fursatlarda organizmni halokat yoqasiga olib borib qoʻymoqda. Shunday ekan, mavjud vaziyatni yurakdan his eting va uyda qoling!
Ahmadjon AʼLOXODJAYEV,
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati.