Uchrashuvda biznesni moliyalashtirishda muqobil manba sifatida venchur fondlarning ahamiyati alohida taʼkidlandi va soha uchun yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Soʻnggi yillarda sohani rivojlantirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilib, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar koʻrildi.
Soliq stavkalari kamaytirilishi, asossiz va noqonuniy tekshiruvlarga barham berilishi, ayrim moliyaviy jarimalar bekor qilinishi mamlakatda tadbirkorlik muhitining ijobiy tomonga oʻzgarishiga sabab boʻldi. Faol islohotlar natijasida odamlar biznes yuritishda haqiqiy erkinlikni his qilibgina qolmay, oʻz faoliyatida koʻrib, bilib, bu orqali ishiga ishonchi ortib borayotir. Natijada ushbu soha ish oʻrni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qoʻshilgan qiymat va eksportni koʻpaytirishga eng katta turtki berayotgan yoʻnalishga aylandi. Buni soʻnggi besh yilda kichik va oʻrta tadbirkorlar soni ikki karra koʻpaygani, ularda 10 million 500 ming odam — jami band aholining 74 foizi daromad topib, roʻzgʻor tebratayotgani misolida ham koʻrish mumkin.
Soʻnggi besh yilda mamlakatimizda venchur fondlar ishtirokida 145 million dollar miqdorida 53 ta startap loyiha amalga oshirildi. 2024-yil dekabrda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlat banklari mahallalardagi startap loyihalarni ragʻbatlantirish maqsadida venchur kompaniyalar tuzishi va ular orqali umumiy hisobda 50 million dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilangan edi. Shuningdek, har bir bank xususiy sherik topib, startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishi koʻzda tutilgandi. Oʻtgan vaqt mobaynida davlatga tegishli
9 ta bank 3 ta venchur kompaniya ochib, 50 million dollar qiymatidagi fond shakllantirdi. Bu biznes boshlayotgan tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi.
Ushbu tashabbus natijasida noyob biznes gʻoyalarga ega, lekin yetarlicha mablagʻi boʻlmagan koʻplab yoshlar va tadbirkorlarning startap loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda. Bunda nafaqat moliyaviy xizmat koʻrsatish, balki loyihani ishlab chiqish, ishbilarmonlik strategiyasini toʻgʻri yoʻnaltirish, bozorga kirib borish kabi masalalarda ham koʻmaklashilyapti.
Davlatimiz rahbari bunday loyihalar iqtisodiyotga yangi yoʻnalish, texnologiya, innovatsiya va yuqori qoʻshilgan qiymat olib kirishini alohida qayd etib, bu boradagi ishlar hali yetarli emasligini taʼkidladi. Venchur fondlar mablagʻining bir qismini sunʼiy intellekt loyihalariga yoʻnaltirish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Mamlakatimizda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha venchur fondlarga eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ular yangi boshlanayotgan startaplar uchun juda qoʻl keladi. Venchur fondlar startaplarga boshlangʻich kapitalni taʼminlaydi. Bu startapning oʻsishi va rivojlanishi uchun zarur boʻlgan eng muhim omil. Ularda startaplar oʻsishiga yordam beradigan tajribali mutaxassislar bor. Shu bois, bozor tahlili, marketing, moliyaviy rejalashtirish va boshqa sohalarda maslahat berishi mumkin. Bundan tashqari, venchur fondlarning keng aloqa tarmogʻi mavjud. Ular startaplarga investorlar, mutaxassislar va boshqa muhim shaxslarni jalb qilishda yordam beradi. Startapga investitsiya kiritishi venchur fondning boshqa investorlar uchun jozibadorligini oshiradi va startap rivojlanishi uchun toʻgʻri yoʻnalish tanlashda yordam beradi.
Venchur fondlarning yana bir muhim jihati yangi ish oʻrinlari yaratish va iqtisodiy oʻsishga hissa qoʻshishidir. Shuningdek, innovatsiyalarni rivojlantirishga yordam beradi. Jamiyatga foyda keltiradigan yangi texnologiyalarni takomillashtirishga imkon yaratadi.
Prezidentimiz kichik va oʻrta biznes rivojini muhim deb bilib, venchur fondlar bu sohaning muvaffaqiyati uchun katta ahamiyatga ega ekanini uqtirmoqda. Zero, venchur fondlar startaplarga nafaqat pul, balki tajriba va aloqa jihatidan ham koʻmaklashib, mustaqil biznesga aylanishiga yordam beradi.
Shahnoza XOLMAHAMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati