– Turli hududlardagi bemorlarni davolash jarayonida ham bevosita ishtirok etmoqdasiz?
– Birmuncha muddat Samarqandda boʻldim. Toshkent shahridagi “COVID-19”ni davolashga ixtisoslashgan klinikalarda ham shifokorlarga oʻz fikrlarimni maʼlum qildim. Aytish lozimki, tibbiyot muassasalarida ogʻir holatdagi bemorlarni davolash uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Ammo, bu yangi virus va uni davolashda shifokorlarning tajribasi endi-endi oshib bormoqda. Bu yoʻnalishda xorijlik, virus ancha oldin tarqagan davlatlar mutaxassislari bilan hamkorlik oʻz samarasini bermoqda.
Eng achinarlisi, odamlarning oʻz uylarida davolanishga intilishlari va qoʻllanishi kerak boʻlmagan dori-darmonlarni qabul qilishlaridir. Natijada ular ogʻir ahvolda reanimatsiya boʻlimlariga yotqizilishini kuzatdim.
– Maʼlumki, uyda davolanganlar asosan antibiotiklarni tartibsiz qabul qilgan. Toʻgʻrimi?
– Ha, buning oqibatida klinikaga kelgan bunday bemorlarda oʻpka zararlanishi kuzatildi. Oʻylaymanki, buning yana bir sababi, antibiotiklardan hamma oʻzi bilganicha foydalanish imkoniyati mavjudligida. Dorixonalaringizda ularni bemalol sotib olish mumkin. Tabiiyki, ularni qabul qilish ketma-ketligi va kombinatsiyasi ham mutlaqo buzilgan. Masalan, Germaniyada, umuman Yevropada pnevmoniyaning u yoki bu shaklini davolash uchun shunga mos koʻrsatmalar mavjud. Afsus bilan aytish lozimki, Yevropa davlatlarida qabul qilinadigan antibiotiklarning eng kuchlisi Oʻzbekistonda deyarli birinchi navbatda qoʻllaniladi. Yaʼni, bu yerda davolanishni, baʼzida esa hatto profilaktikani ham deyarli rezerv antibiotiklardan boshlashadi.
– Koronavirus infeksiyasining yengil turida tana harorati 38 darajagacha koʻtarilmoqda. Bunday holda haroratni tushirishdan naf bormi?
– Isitma – tananing normal himoya reaksiyasidir. Agar isitmani tushirishga harakat qilsak, immun tizimini birmuncha zaiflashtirgan boʻlamiz.
– Ushbu kasallikning organizm uchun asoratlarini ham kuzatgandirsiz?..
– Agar statistikaga qaraydigan boʻlsak, koronavirus infeksiyasidan vafot etganlardan koʻra sogʻayganlar soni koʻproq ekanini koʻramiz. Ammo undan tuzalganlarning barchasi butunlay sogʻib ketayapti, deya olmaymiz. Baʼzi odamlar virusni yengadi, lekin uning asoratlari qoladi. Masalan, ayrimlarida hid va taʼm bilish susayadi, buyrak xastaliklari paydo boʻladi, nevrologik muammolar, yaʼni xotira va konsentratsiyaning buzilishi kuzatiladi. Koronavirusning shu kabi insonning hayot tarzini biroz buzadigan turli xil asoratlari mavjud ekaniga guvoh boʻlmoqdamiz. Ayniqsa, kasallikdan keyin yoki terapiyadan soʻng qandli diabet kasalligi bor odamlarda qand miqdorining oshib ketishi achinarli holdir.
(Davomi bor...)